Yoshlar ittifoqi

Faxriylar xonadonida hashar

on .

Uyushqoqlik, pokizalik va mehr-oqibat ramzi bo’lgan hashar xalqimizning ming yillar osha qadrlanib kelinayotgan azaliy udumlaridan biri sanaladi. Yurtimizda turli bayramlar, muqaddas sanalar oldidan umumxalq xayriya xasharini o’tkazish va shu orqali hududlarni obodonlashtirish yaxshi an’anaga aylangan.

Xayriya hasharida bayram tantanalariga munosib hozirlik ko’rish, yurtdoshlarimiz o’rtasidagi hamjihatlik, mehr-muruvvatga muhtoj kishilarga ko’mak berish, yurtni obod qilishdek ezgu maqsadlar o’z ifodasini topgandir.

Mustaqilligimizning 27 yilligini munosib kutib olish maqsadida 18 avgust kuni yurtimiz bo’ylab keng quloch yozgan umumxalq hasharida “Olmaliq KMK” AJ Mis boyitish fabrikasi “Fidoyi yoshlar” otryadi a’zolari ham faol ishtirok etishib, obodlik yumushlariga o’z hissalarini qo’shishdi. Shijoatli yoshlar ushbu kun mehnat faxriylari xonadonlariga ham tashrif buyurishdi va uy-ro’zg’or ishlarida ko’maklashdilar. Jumladan, fabrikada uzoq yillar tegirmon mashinisti sifatida mehnat qilib, hozirda keksalik gashtini surayotgan Ivan Isachenko yoshlar tashrifidan ko’ngli tog’dek ko’tarilgan bo’lsa, yigit-qizlarning olib borgan saranjom-sarishta ishlaridan bahri dili ochildi. Mehnat yillari haqida o’rtoqlashar ekan fabrika faxriysi, o’z ishining yetuk mutaxassisi va haqiqiy ustasi bo’lishning siri yaxshi ustozlar ortidan ergashish va ularning o’gitlarini bir umr yodda saqlash kerakligini yoshlarga uqtirdi.

Tashrif so’nggida Ivan Vasilevich ishchi yoshlarga o’z minnatdorchiligini bildirib, kelgusi ishlariga muvaffaqiyatlar tiladi.

U.Alimov

MBF Yoshlar ittifoqi raisi

Click to listen highlighted text! Powered By GSpeech