http://forkredit.com/ | Агротехника | Санкт Петербург | Все о Финляндии
A- A A+

Yoshlar ittifoqi

Kombinat yoshlari startda

on .

Qadimgi yunon asotirlariga ko’ra, eramizdan avvalgi 490 yilda Marafonda kechgan jangdan so’ng, jasur jangchi Fillipid Afinaga qadar to’xtamasdan yugurib keladi va “Quvoning Afina ahli, biz g’olib bo’ldik”, deya mardonavor yiqiladi. Marafon - olimpiada musobaqalaridan mustahkam o’rin olgan bellashuvlardan biridir.

Erkaklar 1896 yilgi Olimpiadadan beri marafon poygasida qatnashib kelishayotgan bo’lsa, ayollar mazkur bahslarda 1984 yildan beri ishtirok etib kelishadi. Marafonning yakuniy masofasi 1921 yilda rasmiy ravishda havaskor yengil atletikachilar Federatsiyasi tomonidan 42,195 km. qilib belgilangan. Ayni kunga kelib bu masofani 2 soatu 1 daqiqa 39 soniyada bosib o’tgan keniyalik chopag’on Eliud Kipchoge jahon rekordchisi hisoblanadi. 2017 yilgi London marafonida yana bir keniyalik ayollar o’rtasida jahon rekodini o’rnatishga muvaffaq bo’lgan. Meyri Keytani 2 soat 17 daqiqa 1 soniya natija bilan hozirgacha ayollar o’rtasidagi jahon rekordchisi bo’lib turibdi.

“Olmaliq KMK” AJ Yoshlar ittifoqi tashabbusi bilan buyuk ajdodimiz sohibqiron Amir Temur tavalludining 683 yilligi munosabati bilan yugurish bo’yicha yoshlar o’rtasida “Yoshlar marafoni” o’tkazildi. Ulug’ sohibqiron bobomiz tavalludi kunida tashkillashtirilgan mazkur musobaqa samarasi, kombinat yoshlarining jismoniy kamoloti va birdamligi yo’lida mana men degan jahon rekordlaridan ustun turadi. Tadbir dastlab kombinat faxriylari o’rtasida qisqa masofaga yugurish bahslari bilan boshlandi. Mamlakatimiz rahbarining shahrimizga tashrifi davomidagi taklifidan so’ng, “Yoshlik” nomi berilgan yangi konlar ostonasidan marafonga start berilishida ham ramziy ma’no va maqsad borligini ko’rish mumkin.

Marafon OKMK "Yoshlik I" karyeridan to “Metallurg” madaniyat saroyigacha belgilanib, unda g’oliblik uchun 1000 nafardan ziyod shahrimiz va kombinat yoshlari ishtirok etishdi. Kombinat yoshlari marafoni marra chizig’ini o’g’il bolalar o’rtasida birinchi bo’lib Mis boyitish fabrikasi vakili Mirzali Turdaliyev kesib o’tdi. Marraga ikkinchi bo’lib esa Olmaliq Ijtimoiy-iqtisodiyot va servis kasb-hunar kolleji o’quvchisi Azizullo O’rinboyev yetib keldi. Angren quvur zavodi vakili Alisher Avalov kuchli uchlik qatoridan o’rin oldi. Qizlar o’rtasidagi bahsda marra chizig’ini g’olib sifatida birinchi bo’lib bosib o’tish Ijtimoiy ob’ektlar boshqarmasi tarbiyachisi Zarinabonu Norboyevaga nasib qildi. Olmaliq Ijtimoiy iqtisodiyot va servis kasb-hunar kolleji o’quvchisi Lola Bozorboyeva marra chizig’ini ikkinchi bo’lib kesib o’tdi. Ijtimoiy ob’ektlar boshqarmasining yana bir vakilasi Dildora Ro’ziyeva shohsupaning uchinchi pog’onasidan joy olishga muvaffaq bo’ldi. G’oliblarni taqdirlash marosimida yoshlar o’rtasida yutuqli lotoreya o’yini ham tashkil etildi.

Tadbir avvalida so’z olgan OKMK AJ boshqaruvi raisining xodimlar bo’yicha o’rinbosari A.Mirzajonov hamda kombinat boshqaruvi raisining yoshlar masalalari bo’yicha maslahatchisi B.Salimovlar barcha yoshlarga o’zlarining samimiy tilaklarini bildirib o’tishdi.

G’oliblarga tashkilotchilar tomonidan qimmatbaho sovg’alar tuhfa etildi. Ayniqsa, O’zbekiston Davlat san’at va madaniyat oliygohi talabalari tomonidan tayyorlangan konsert dasturi yoshlarga bir olam quvonch bag’ishladi.

Axborot xizmati

Click to listen highlighted text! Powered By GSpeech