http://forkredit.com/ | Агротехника | Санкт Петербург | Все о Финляндии
A- A A+

Yoshlar ittifoqi

Biz Vatanga tayanchmiz!

on .

Mamlakatimiz davlat mustaqilligi yillarida yurtimizda jamiyat va davlat hayotining barcha sohalari qatori yoshlar masalasi davlat siyosati darajasiga ko’tarilib, ularning ta’lim olishi, kasb-hunar egallashi, o’z mutaxassisligi bo’yicha ishlashi va sog’ligini muhofaza qilishi, oila qurish, yashash joylariga ega bo’lish kabi o’nlab hayotiy talablarni davlat tomonidan kafolatlash va qondirishga qaratilgan keng qamrovli tadbirlar tizimi ishlab chiqildi va amalga oshirilib kelinmoqda.

Men bu o’rinda 2016 yil 14 sentyabrda qabul qilingan “Yoshlarga oid davlat siyosati to’g’risida”gi O’zbekiston Respublikasi Qonuni hamda O’zbekiston Respublikasi Prezidentining “Yoshlarga oid davlat siyosati samaradorligini oshirish va O’zbekiston yoshlar ittifoqi faoliyatini qo’llab-quvvatlash to’g’risida”gi farmonini alohida ko’rsatib o’tgan bo’lardim. Yoshlarga e’tibor mamlakat kelajagini hal qiluvchi muhim omillardan biri hisoblanadi. Mamlakatimiz aholisining qariyb 64% yoshlar, ya’ni 30 yoshgacha bo’lganlar tashkil etadi. Bu bir tomondan davlatimiz zimmasiga ulkan mas’uliyat yuklasa, ikkinchi tomondan yoshlarga oid maqbul siyosat yuritish natijasida ulkan imkoniyatlar ham beradi. Hozir O’zbekiston mehnat resurslarining yarmidan ko’pi yoshlardir.

Yoshlarning ijtimoiy shakllanishi va kamol topishi, ijodiy iqtidori jamiyat manfaatlari yo’lida imkoni boricha to’la-to’kis ro’yobga chiqishi uchun ijtimoiy, iqtisodiy, huquqiy, tashkiliy jihatdan shart-sharoit yaratish hamda ularni kafolatlash yo’lida Olmaliq kon-metallurgiya kombinati tomonidan olib borilayotgan ishlarga qisman to’xtalib o’tadigan bo’lsam, Yoshlar ittifoqi qoshida mexaniklar, energetiklar, boyituvchilar, metallurglar klublari o’z faoliyatini yuritmoqda, “Ustoz-shogird” loyihasi, QVZ, “Zakovat” va boshqa bir nechta sport tadbirlari tizimli o’tkazilib kelinayapti. “Metallurg” madaniyat saroyi yoshlarimiz xizmatida, har qanday ijodiy tomondan ular o’z yordamlarini ayashmaydi. “Yosh kitobxon”, “Yosh rahbar”, “Yosh sportchilar oilasi” ko’rik-tanlovlari ham muntazam tashkillashtirilib borilayotgani diqqatga molikdir. Har oyda kombinat miqyosida kasb mahorati tanlovlarining yuqori saviyada o’tkazilayotgani ishchi-yoshlarga nafaqat o’z kasblariga bo’lgan qiziqishlarini orttirishlariga, balki kasbga doir ko’nikmalarini yanada oshirgan holda bilimlarini sinovdan o’tkazishga imkoniyatlar yaratmoqda. Korxonalarda texnik kengashlar to’laqonli faoliyat yuritayapti. Ustoz-shogird an’analari barcha korxona va sexlarimizda maqsadli yo’lga qo’yilgani bois, yoshlar o’z jamoalariga moslashishlari samarali kechmoqda.

Yoshlar barcha davrlarda jamiyatning faol qatlami sifatida e’tirof etib kelingan. Shu nuqtai nazardan kelib chiqib yoshlarimiz “Yoshlarga oid davlat siyosati”, “Yosh oila”, “Yosh mutaxassis” tushunchalarining hayotda to’laqonli aks etishi uchun olib borilayotgan ishlarga har kuni guvoh bo’lishayapti. Bundan tashqari, iqtidorli yoshlarimizni uy-joy bilan ta’minlash, ratsionalizatorlik taklif va g’oyalari bilan kombinat mehnat yutuqlariga o’zlarining munosib hissalarini qo’shib kelayotgan yoshlarga o’qishga tavsiyanomalar berish, oliy o’quv yurtlaridagi ta’lim uchun to’lov kontraktlarining korxona tomonidan qoplab berilishi, yosh oilalar va iqtidorli hamda iste’dodli mutaxassislarga e’tibor faoliyatimizning asosini tashkil etgan, desak xato qilmagan bo’laman. OKMKda amalga oshirilayotgan barcha ijobiy o’zgarishlar zamirida har tomonlama barkamol - jismonan sog’lom, aqlan yetuk, hozirgi davrda talab katta bo’lgan kasb-hunarlarni egallagan, ayni paytda mustaqil va ijodiy fikrlashga qodir, intellektual salohiyati yuksak yosh avlod to’g’risida g’amxo’rlik qilishdek ustuvor maqsad mujassam ekanini ko’ramiz. Yangilik, ixtirolar yaratishga intilayotgan iqtidor va iste’dod sohiblari kombinat korxonalarida yetarlicha. Markaziy ta’mirlash mexanika zavodi, Yangi texnologiyalar laboratoriyasi  va Mis eritish zavodi yoshlarining ilmiy g’oya va takliflari asosida joriy etilgan ishlanmalar fikrimizga yaqqol isbot bo’la oladi.  MTMZda joriy etilgan birgina yangilikning o’zi 800 mln. so’mlik iqtisodiy samara keltirganini mamnuniyat bilan ta’kidlab o’tgan bo’lardim.

Men Olmaliq kon-metallurgiya kombinati yoshlarini o’z bayramlari bilan muborakbod etar ekanman, yigit-qizlarimizning ulkan salohiyatini har tomonlama ro’yobga chiqarish uchun ularning ilm-fan, texnika, axborot texnologiyalari, madaniyat, san’at, sport, tadbirkorlik kabi sohalardagi tashabbuslari doimo qo’llab-quvvatlanishini alohida ta’kidlab o’tmoqchiman. Mamlakatimiz Prezidenti, hukumatimiz tomonidan kombinatimiz zimmasiga qo’yilayotgan mas’uliyatli vazifalar yo’lida yoshlarimiz yanada jipslashib, ulug’ maqsad yo’lida bor bilim va navqiron avlodga xos g’ayratlarini namoyon etishlariga ishonaman. Yoshlar manfaatlariga xizmat qiladigan e’tibor va g’amxo’rlikka javoban yoshlarimiz ona-Vatanimiz gullab-yashnashi, davlatimiz dunyoning yetakchi davlatlari qatoridan o’rin olishi uchun bor bilim va salohiyatlarini baxshida etishlari zarur bo’ladi. Imkoniyatdan foydalanib, barcha kombinat yoshlarini Yoshlar kuni bilan samimiy tabriklayman. Oilalariga tinchlik, omonlik, farovonlik, ishlariga ulkan zafarlar yor bo’lishiga tilakdoshman.

Behzod SALIMOV,

“Olmaliq KMK” AJ Yoshlar ittifoqi raisi

Click to listen highlighted text! Powered By GSpeech