Yoshlar ittifoqi

Bahrom - “Eng yaxshi yosh rahbar”

on .

Xabaringiz bor, amaldagi yilning mart oyida kombinat korxonalarida mehnat qilayotgan 35 yoshgacha bo’lgan yosh mutaxassislar o’rtasida “Eng yaxshi yosh rahbar” ko’rik-tanloviga start berilgan edi.

Tanlovning birinchi bosqichida 110 nafardan oshiq ishtirokchi qatnashib, mehnat muhofazasi va xavfsizlik texnikasi bo’yicha savollarga test tizimi orqali javob berishdi.

Ikkinchi bosqichga esa 60 va undan ortiq ballga ega bo’lgan 33 nafar ishtirokchi yo’l olishdi. Ikkinchi bosqichda yosh rahbarlar siyosat bobidagi bilimlarini sinovdan o’tkazishdi. Uchinchi bosqichda esa tanlov qatnashchilaridan yuzaga keladigan har qanday favqulodda holatlarda tezkorlik bilan qaror qabul qilishlari talab etildi. Bunda har bir ishtirokchi rahbar sifatida ishlab chiqarish bilan bog’liq hodisali savollarga tezkorlik bilan javob berishdi.

Tanlovning yakuniy to’rtinchi bosqichiga yetib kelgan 11 nafar ishtirokchining ishlab chiqarish, innovatsion texnologiyalarni qo’llash, ratsionalizatorlik va ixtirochilik borasidagi bilimlari imtihon qilindi. Bu bosqichda har bir ishtirokchi tanlangan mavzu bo’yicha taqdimotini hakamlar hay’ati e’tiboriga havola etdi. Taqdimot o’z ichida ratsionalizatorlik, innovatsiya va yangi texnologiyalar, ishlab chiqarish ishlari muddatini qisqartirish, mehnat sarfini kamaytirish, mehnat sharoitini yaxshilash, ishlab chiqarishni boshqarish, ta’mir, qurilish va ishlab chiqarish ishlarini tizimli jadvalini tuzish, tannarxni tushirish kabi omillarni qamrab olishi lozim edi.

Barcha shartlarni a’lo darajada bajargan Avtomobil transporti boshqarmasi Traktor parki boshlig’i o’rinbosari Bahrom Niyazmetov “Eng yaxshi yosh rahbar”, nomiga sazovor bo’ldi.

Tanlovning ikkinchi o’riniga Mis eritish zavodi laboratoriyasi 1-toifali muhandisi Oybek Abduqayumov loyiq ko’rildi. Faxrli uchinchi o’rin esa Markaziy analitik laboratoriyasi muhandisi Azizbek Mehmonovga nasib etdi.

Tanlov g’oliblari 30 iyun - Yoshlar kuni munosabati bilan tashkil etilgan bayram tadbirida “Olmaliq KMK” AJ boshqaruvi raisi Abdulla Xursanov tomonidan qimmatbaho sovg’alar bilan taqdirlanishdi.

Zokir Abdusattarov,

OKMK Yoshlar ittifoqi raisi o’rinbosari

Click to listen highlighted text! Powered By GSpeech