Yoshlar ittifoqi

Oila – muqaddas dargoh

on .

“Olmaliq KMK” AJ Avtomobil transporti boshqarmasi Yoshlar ittifoqi va kasaba uyushmasi qo’mitasi tomonidan oila, nikoh va o’zbekchiligimizdagi boshqa muqaddas rishtalar yuzasidan seminar tashkil etildi.

Ushbu seminarda kombinatda mehnat qilib kelayotgan erkak ishchi-xodimlar hamda Olmaliq shahar “Ramazoni sharif” jome masjidi imom xatibi yordamchisi Alisher Maqsudov, “OKMK” AJ xodimlari kasaba uyushmasi Kengashi psixologi Viloyat Davletova va Olmaliq shahar Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati boshlig’i Ibrohim Nazarovlar ishtirok etishdi.

Seminarda psixolog Viloyat Davletova, oila qo’rg’onining poydevori, uning mustahkam qal’asi, er-xotinni mahkam bog’lovchi rishta - nikoh to’g’risida so’z yuritar ekan, nikoh insonlar jamiyatidagi eng muqaddas bitim hisoblanishi, hayotda halol va haromni ajratish, er-xotinning haq-huquqlariga rioya etish, oila tuzish, inson naslining davomiyligini ta’minlash, yosh avlod tarbiyasi nikohga bog’liq masala ekanligiga alohida to’xtalib o’tdi.

- Yoshlarning aksariyati turmush, oila, baxt degan tushunchalarni juda yuzaki tushunadi. Hayot hamisha o’yin-kulgidan, ko’ngilxushliklardan, romantik uchrashuvlardan iborat, deb o’ylaydi, - deydi Viloyat Sobitovna. - Kattalar esa farzandlarini baxtli qilishning asliy o’lchovlaridan chekinib ketishgani uchun o’zlari xohlamagan holda ularning baxt gulxanlari ustiga kul tortib qo’yishmoqda. Toki axloqimizning, odobimizning azaliy musaffo chashmalaridan suv ichilmas ekan, toki oilamizda chinakam munosabatlarga - rahm-shafqat, mehr-oqibat, hurmat-izzat, muhabbat-sadoqat kabi fazilatlarga qaytilmas ekan, bu janjal-mojarolar davom etaveradi, murosasizlik kuchayaveradi. Agar er-xotin birgalashib qarshi kurashsagina ularni yengish oson kechadi, oila xotirjamligiga erishiladi.

Binobarin, jamiyat oilalardan tarkib topgan ekan, oilalar baxtli bo’lsa, jamiyat ham qudratli bo’ladi. Oila va jamiyat tushunchalari bir-biriga bevosita chambarchas bog’liqdir. Shunday ekan, kelajagi porloq jamiyat qurish uchun uning negizi bo’lgan oilani ma’nan sog’lomlashtirish talab qilinadi.

- Oila qurishdan oldin, avvalo, har bir kishi o’ziga munosib juft tanlashga e’tibor qaratishi lozim, - deydi o’z chiqishida Olmaliq shahar “Ramazoni sharif” jome masjidi imom xatibi yordamchisi Alisher Maqsudov. - Ulamolarimiz oila qurishni maqsad qilgan yoshlarning ma’lumoti hamda kasblari ham bir-biriga yaqin bo’lishi muhimligini alohida ta’kidlaydilar. Nikoh oila qurishdagi tenglikning bunday shakli shariatimizda “kafoat” deyiladi. Ulamolar kafoat - tenglik yetishmasligi nikohga to’sqinlik qilmasa-da, ammo zaruriy shartlardan ekaniga ittifoq qilganlar.

Erkak kishi o’zining oila ustuni ekanini hamda zimmasidagi mas’uliyatini his etishi, ayoliga yaxshi munosabatda bo’lishi ham muhimdir. Oila boshlig’i bo’lgan erkak kishi oilani asrab-avaylashga, moddiy va ma’naviy jihatdan bekamu ko’st bo’lishiga harakat qilishga hadislarda ham targ’ib qilinadi: “Mo’minlarning imoni mukammalrog’i - yaxshi xulqlisi va ahli ayoliga yaxshi muomalada bo’ladigani”, “Allohning nazdida bandalarning eng yaxshisi o’z ahli ayoliga foydasi ko’proq tegadigan kishidir”. Hadislarda bayon qilingan ushbu ko’rsatmalar oilalarning barqarorligi va mustahkamligini ta’minlashga xizmat qilib kelgan. Shu o’rinda, ba’zi erkaklar oyatlarda: “erkak bir pog’ona ustun bo’lishi kerak” degan zikrni erkaklar xohlaganini qilishsin yoki istaganlaricha ayollariga zulm o’tkazishsin, deb tushunadilar. Aksincha, ustunroq bo’lish ortiqcha mas’uliyatli bo’lish deganidir.

Seminarda so’zga chiqqanlar oilaning muqaddasligi, uning zamirida bir qator munosabatlar yotishi va u butun bir hayotimizni tashkil etishi to’g’risida o’z fikr-mulohazalarini bildirar ekanlar, biroq hozirga kelib, mamlakatimizda yoshlarga, yosh oilalarga ko’rsatilayotgan g’amxo’rlikdan samarali foydalana olmasdan, o’z oilalarini saqlab qololmay, jar yoqasiga kelib qolgan oilalar har qadamda uchrayotganini, bunda ba’zida yoshlarning oilaviy munosabatlardagi bilimsizligi, zarur ko’nikmalarga ega emasligi, ota-onalarining o’g’il-qizlar hayotiga aralashib, kelajagini belgilab berayotganliklariga ham guvoh bo’linayotganini misollar bilan keltirib o’tishdi. Har bir ota-ona o’g’il yoki qizini turmushga tayyorlash jarayonida nikoh va oilaning mas’uliyati, er-xotinlikning huquq, burch va vazifalaridan to’la xabardor qilishlari hamda sog’liqlariga g’amxo’rlik qilishlari lozimligini, ana shunda nikohdan ajralishlar va ota-ona mehridan judo bolalar bo’lmasligini ta’kidladilar.

Qizg’in mulohazalarga boy bo’lgan seminar so’nggida ishtirokchi ishchi-xodimlar oila, nikoh va o’zbekchiligimizdagi boshqa muqaddas rishtalar borasida o’zlarini qiziqtirgan savollariga mutaxassislardan batafsil javob olishdi.

Jasur Tagayev,

ATB Yoshlar ittifoqi raisi

Click to listen highlighted text! Powered By GSpeech