http://forkredit.com/ | Агротехника | Санкт Петербург | Все о Финляндии
A- A A+

OKMK sport kompleksi

OKMK sport kompleksi zamonaviy standartlar asosida barpo etilgan.

Stadionda jami 8ta sektor mavjud. Shuningdek, SIP va VIP sektorlar eng martabali mehmonlarni qabul qilishga shay holatda. OKMK sport majmuasida nogironlarning stadionga kirib-chiqishi ham inobatga olinib, ular uchun eng qulay nuqtadan 40 ta maxsus joy ajratilgan.

Majmua o’rtasida joylashgan stadion o’z bag’riga 12 mingga yaqin muxlisni sig’dira oladi. Maydon o’lchami 105x68 metr. Maydon respublikamizda yagona bo’lib, uning 35 % sun'iy qoplamadan va qolgan qismi tabiiy maysadan iboratdir.

Har biri 30 nafardan futbolchi va murabbiylarga mo’ljallangan jami to’rtta kiyim almashtirish xonasi sportchilar xizmatida. U yerda yumshoq o’rindiqlar, kiyim-kechaklar uchun maxsus shkaf, yuvinish xonasi, massaj xonasi va boshqa qulayliklarga ega zarur sharoitlar yaratilgan.

Stadionda 11,5x6,70 metr hajmdagi monitor o’rnatilgan. Shuningdek, maydon atrofida balandligi 1,2 metr va uzunligi 128 metrlik reklama monitori joylashtirilgan.

Hakamlar, nazoratchilar, ekspertlar, komissarlar va uchrashuvning boshqa rasmiylari uchun alohida-alohida xonalar eng zamonaviy va barcha zarur jihozlar bilan ta'minlangan. Shu bilan birga tibbiyot va doping nazorati xonalari ham mavjud.

Majmua hududida stadion bilan birga ikkita yopiq sport maydoni (70x38 metr) barpo etilgan. Har birida 500 o’rinli muxlislarga mo’ljallangan tribuna mavjud. Shuningdek, kiyim almashtirish, yuvinish, massaj xonalari sportchilar uchun hozirlangan. Bu maydonning birinchisida futzal, gandbol, voleybol va basketbol jamoalari, ikkinchisida esa kurash, boks, gimnastika va yengil atletika bilan shug’ullanuvchi sportchilar foydalanishadi.

Majmuada tennis maydoni ham barcha talablar asosida barpo etilgan. Ikki taraflama tribunada 1000ga yaqin muxlis sportchilar mahoratidan zavq olishi mumkin. Bundan tashqari ikkita basketbol va tennis mashg’ulot maydoni hamda standart o’lchamdagi (105x68) sun'iy qoplamali maydon yosh sportchilarni yetishtirishda qo’l kelmoqda.

Uchrashuvlarni ommaviy axborot vositalarida yoritish uchun tashrif buyurgan jurnalistlar uchun ham sharoitlar yaratilgan. 50 nafar jurnalist, 10 nafar videooperator, 20 nafar fotomuxbirga mo’ljallangan matbuot anjumanlari zali, 30ga yaqin OAVning turli bo’g’inlaridagi vakillari o’yinoldi va uchrashuvlardan keyin ishlashlari uchun media markaz tashkil etilgan. OAV vakillari uchun stadionning qoq markazidan maxsus "Media tribuna" yaratilgan va ushbu sektor 30 nafar jurnalistga mo’ljallangan. Televideniya va radio sharxlovchilari uchun 2ta maxsus xona bor. Jurnalistlarning ish sifatini yanada tez sur'atda bo’lishini ta'minlash maqsadida yuqori tezlikdagi internet xizmati yo’lga qo’yilgan.

Muxlislarning stadionga kirib chiqishi alohida inobatga olingan bo’lib, bu borada hech qanday muammo bo’lishi mumkin emas. Stadion xududi atrofidagi avtomobillar turar joyi ham har qanday sharoitda ham muxlislarga xizmat ko’rsata oladi.

OKMK sport majmuasi jami 13 gektardan iborat. Yuqorida sanab o’tganmizdek kompleksda asosiy stadiondan tashqari, yana 2ta yopiq maydon, tennis maydoni, basketbol maydonchasi va sun'iy qoplamali futbol maydoni joylashgan. 

Click to listen highlighted text! Powered By GSpeech