http://forkredit.com/ | Агротехника | Санкт Петербург | Все о Финляндии
A- A A+

Analitika va statistika

2014 yil yakunlari sarhisobi

Yig’ilishda so’zga chiqqan kombinat bosh direktori Aleksandr Farmanov o’z ma'ruzasi avvalida kombinat hisobot yili yakunlariga to’xtalib, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish ustuvor dasturlarini bajargan holda, hisobot davrida kombinat deyarli barcha istiqbolli ko’rsatkichlarni bajarishga erishganini mamnuniyat bilan aytib o’tdi. 

2014 yilda biz istiqbol ko’rsatkichlarini 102,5% va o’sish sur'atini 2013 yil darajasiga 103,6%ga bajarib, "Angren quvur zavodi" unitar korxonasi mahsulotlarini hisobga olgan holda mahsulot ishlab chiqarishning o’sish sur'ati 104,9%ni tashkil etdi. Bir yil ichida kombinat tomonidan miqdorida turli mahsulotlar eksportga chiqarildi. Eskport istiqboli 100,8%ga bajarildi. 

O’zbekiston Respublikasi Prezidentining "Tayyor mahsulotlar, butlovchi buyumlar va materiallarni ishlab chiqarishni mahalliylashtirish dasturi to’g’risida"gi qarori bilan tasdiqlangan 12 ta loyihani amalga oshirgan holda, kombinat mahalliylashtirilayotgan mahsulotlarni ishlab chiqardi. Xalqaro sanoat ko’rgazmasi va kooperasion birjada kombinat tomonidan 54 ta shartnoma imzolandi va buning natijasida ehtiyot va butlovchi qismlar sotib olindi. 

2014 yilda 13 ta investision loyihalar amalga oshirildi. Eng yirik loyihalar - "Mis boyitish fabrikasi maydalash va kukunlash bo’linmalarining rekonstruksiyasi", "Jizzax viloyatida portlandsement va oq sement ishlab chiqarishni tashkil etish", Mis eritish zavodida "Yangi eritish pechining qurilishi" va "Yangi oltingugurt ishlab chiqarish sexining qurilishi", "Kon-shaxta ishlari uchun jihozlar ishlab chiqarishni tashkil etish" va boshqalar. 

Kon-metallurgiya ishlab chiqarishi yirik hajmdagi energiya talab etuvchi sanoat sohalaridan biri hisoblanadi. Bizning kombinat - respublikadagi yoqilg’i va elektr energiyasining eng yirik iste'molchilaridan biridir. Shuning uchun mahsulot tannarxini pasaytirish muammosini yoqilg’i-energetika resurslaridan tejamli va oqilona foydalanmasdan hal qilib bo’lmaydi. 

Hisobot yilida kombinat tomonidan yoqilg’i-energetika resurslari kam iste'mol qilinib, mahsulot ishlab chiqarish oshirildi va bu ishlab chiqilayotgan mahsulotning tannarxini pasaytirish imkonini berdi. Yoqilg’i-energetika resurslarini tejashning umumiy summasi 38,1 mlrd. so’mni tashkil etdi. Joriy yilda resurslarni saqlash ishlarini davom ettiramiz va 59,8 mlrd. so’mlik dizel yoqilg’isi hamda benzinni hisobga olgan holda 18,8 mlrd. so’mdan kam bo’lmagan miqdorda energoresurslar tejalishini rejalashtirmoqdamiz.

Bugungi kunda bizning kombinatimiz respublikaning barqaror korxonalaridan biri hisoblanadi. Men og’ishmay oshirib borilayotgan yuqori oylik ish haqini, uni doimiy ravishda olinishini, mehnat shartnomasida ko’zda tutilgan sezilarli ijtimoiy paketni kombinatning yutuqlari deb bilaman.

O’zimizning moliyaviy imkoniyatlarimizdan kelib chiqqan holda, biz 2014 yilning iyun oyidan boshlab tarif stavkalari va lavozimlik okladlarini 1,1 martaga oshirdik. Mehnat shartnomasi, mukofotlash to’g’risidagi nizomlar va kombinatning boshqa mahalliy dalolatnomalarida ko’zda tutilgan barcha to’lovlarni amalga oshirdik. 

Ishlab chiqarish ko’rsatkichlarining bajarilishi uchun, tarkibiy bo’linmalarning xodimlariga amaldagi nizomlarga binoan mukofot pullari to’landi. Shuningdek kombinatda o’ta muhim va muddatli ishlab chiqarish topshiriqlarini bajargan xodimlar uchun hamda xodimlarning tug’ilgan kunlari - yubiley sanalari munosabati bilan bir martalik mukofot pullariga sarfladi.

Kasblar va lavozimlarni birgalikda olib borilishi, bajarilayotgan ishlar hajmining oshishi, vaqtinchalik ishda bo’lmagan xodimlarning majburiyatlarini bajarish uchun qo’shimcha to’lovlarga mablag’lar sarflandi, bu esa xodimlarning soni kam bo’lganda ham ishlab chiqarish topshiriqlarini bajarish imkonini berdi. 

Kombinat mablag’lari hisobiga bepul ovqatlantirish - mehnatkashlarni  ijtimoiy jihatdan qo’llab-quvvatlashning yana bir omili hisoblanadi. Yangi ish o’rinlari yaratish va aholining bandligini ta'minlash Davlat dasturini bajarish maqsadlarida, kombinat tomonidan 2014 yilda rejadagi 249 o’rniga, 415ta yangi ish o’rinlari yaratildi. 

Yangi ish o’rinlari sement zavodini foydalanish uchun ishga tushirish, "Qalmoqqir" kon boshqarmasida ochiq usulda olinadigan jinslarni qabul qilish bo’yicha ishlab chiqarish uchastkalarini kengaytirish, "Olmaliqmetallurgqurilish" tresti va boshqa ob'ektlarni qayta tashkil etish va kengaytirish hisobiga yaratildi. 

Hisobot yilida kombinat tomonidan mehnat muhofazasi bo’yicha bitimda ko’zda tutilgan 48 ta chora-tadbirdan 2014 yilda 45 tasi bajarildi, uchtasi esa ob'ektiv sabablarga ko’ra joriy yilga qoldirildi.

6224 nafar xodim, shu jumladan 1043 nafar ayollarning mehnat sharoitlari yaxshilandi. Noqulay mehnat sharoitlarida ishlayotgan 15204 nafar ishchi-xodimlar belgilangan norma va rasionlar bo’yicha bepul davolanish-profilaktika ovqatlanish talonlari bilan ta'minlandi. 1557 nafar kombinat mehnatkashlariga bir smenada 0,5 litr miqdorida bepul sutlar tarqatildi.

Kombinat tarkibiy tibbiyot punktlari uchun 39,6 mln. so’mlik dori-darmonlar sotib olindi, jami tibbiyot punktlari tibbiyot xizmatlari uchun to’lovlarni hisobga olgan holda 665,6 mln. so’m sarf-harajat qilindi. Nafaqat kombinat xodimlarining, balki ularning oila-a'zolari hamda ishlamaydigan pensionerlarning farovonligini oshirish bilan bog’liq bo’lgan masalalar doimo kombinat rahbariyatining diqqat markazida bo’lgan va shunday bo’lib qoladi. Kombinatda xayr-saxovat masalalariga katta e'tibor qaratib kelinmoqda. Jamoa shartnomasiga binoan, kombinat mablag’lari hisobiga urush faxriylari, "O’zbekiston qahramoni" sohiblariga va tasdiqlangan ro’yxatga muvofiq oziq-ovqat mahsulotlari jamlamalari ko’rinishida moddiy yordam ko’rsatilib kelinayapti. Yil mobaynida 444 oziq-ovqat mahsulotlari jamlamalari tarqatildi. Bundan tashqari, kasaba uyushmasi mablag’lari hisobiga mehnat fronti ishtirokchilariga, baynalmilal jangchilarga, kam ta'minlangan yolg’iz pensionerlar, shuningdek ishlab chiqarishda boquvchisini yo’qotgan oilalarga ham oziq-ovqat mahsulotlari jamlamalari ajratildi.

Kombinatdagi muhim ustuvorliklardan biri - bu mehnatkashlarning salomatligidir. Sahisob yili mobaynida kombinat 37 nafar mehnatkashni Toshkent shahrining turli tibbiy klinikalariga davolanishga yubordi va bunga 46,4 mln. so’m sarfladi. Yana 445 nafar ishchi-xodimlar OKMK tibbiyot-sanitariya qismida kunduzgi stasionarda davolandilar va bunga 126,7 mln. so’m sarflandi.

Kombinat tomonidan respublikamizning turli sanatoriylari va pansionatlariga 822 ta, Yalta va Kislovodsk shaharlaridagi "O’zbekiston" sanatoriysiga 24 ta yo’llanma sotib olindi. Bunda 498 ta yo’llanma ijtimoiy suhurtalash mablag’lari hisobiga xarid qilingan bo’lib, ulardan 68 ta yo’llanma bepul berildi, 324 tasiga kasaba uyushmasi byudjeti mablag’lari hisobidan ajratildi, ularning 299 tasi uchun to’lovlar qisman to’landi. "Moviy tog’lar" dam olish maskanida 1681 nafar kishi dam oldi va o’z salomatliklarini tikladi. Bular nafaqat kombinat xodimlari va ularning oila-a'zolari, balki kombinatda ishlamaydigan, biroq bizning dam olish maskanimizda dam olishning to’liq qiymatini to’lash istagida bo’lgan shaxslardir. Yana 810 kishi "Avtomobilist" maskanida dam oldilar. "Nuroniy" pensionerlar uyida bir yil ichida 1220 nafar nuroniylar bepul ovqatlandi va dam oldilar. Kombinatning sanatoriy-profilaktoriysida 3341 nafar kombinat xodimlari va ularning 272 nafar oila-a'zolari davolandilar, 31ta yo’llanma esa kasb kasalliklari munosabati bilan ishlamaydigan kishilarga ajratildi. Biroq xodimlarning istaklariga ko’ra, sanatoriy-profilaktoriyga beriladigan 1260 ta yo’llanma ularga kredit tarzida berildi. Davolanishga muhtoj bo’lgan kam ta'minlangan xodimlarning murojaatlari bo’yicha ularga moddiy yordam ko’rsatildi va bunga 79,2 mln.so’m sarflandi.

Hisobot yilida kombinatning 4986 nafar ishlamaydigan nafaqaxo’rlari moddiy yordam pullarini oldilar. Bundan tashqari, kombinat tomonidan 3 ta nogironlar aravachasi va 3ta eshitish apparati sotib olindi  va ajratildi. Hisobot yilida kombinatga oliy ma'lumotli 38 nafar yosh mutaxassis, shu jumladan kombinat mablag’lari hisobiga ta'lim olgan 7 nafar yigit-qizlar ishga qabul qilindi. 

O’z ma'ruzasi davomida bosh direktor joriy yil Prezidentimiz tomonidan "Keksalarni e'zozlash yili" deb e'lon qilinishiga alohida to’xtalib, O’zbekiston - hariyalarni e'zozlash va qadrlash kabi an'analari kuchli bo’lgan mamlakatdir, ularga g’amxo’rlik va muruvvat ko’rsatish esa xalqimizning mangu qadriyatlaridandir. Shuning uchun, nafaqat davlatimiz darajasida, balki kombinat tomonidan ham qariyalarga, ayniqsa urush va mehnat fronti faxriylariga katta e'tibor qaratish va ularni qo’llab-quvvatlash borasida aniq chora-tadbirlar amalga oshirilishi ko’zda tutilganligini ta'kidladi.                                  

Kombinat mehnatkashlarining sog’ligini mustahkamlashda jismoniy madaniyat va sportning o’ziga xos o’rni bor. "Metallurg" SK tomonidan 200 dan ortiq ommaviy-sport tadbirlari uyushtirilgani, unda 17542 nafar kombinat xodimlari va ularning oila-a'zolari ishtirok etib, 29ta "Salomatlik guruhlari" faoliyat olib bogani, yil davomida yoshlar va yozgi spartakiada, mini-futbol bo’yicha ochiq turnirlar o’tkazilgani, unda 360 nafar ishchi-xodimdan iborat bo’lgan 24 ta jamoa ishtirok etganini bosh direktor aytib o’tdi.  

Kombinat rahbari endilikda ham hukumat tomonidan belgilangan barcha dastur va rejalarni og’ishmay bajarilishini, tejamkorlikka jiddiy e'tibor qaratilishini ta'kidlab, "Olmaliq KMK" AJ rahbariyati va Kasayua uyushmasi kengashi mehnatkashlarning farovonligi va turmush tarzini oshirish borasida o’z zimmasiga olgan majburiyatlarini bundan buyon ham bajaradi, dedi.

Kasaba uyushmasi kengashi raisi Abdurashid Haydarov delegatlar oldida hisobot berar ekan, eng avvalo mehnatkashlarga ajratilayotgan moddiy yordamlarga to’xtaldi. Hisobot yilida 3725 nafar ishchi va ishlamaydigan nafaqaxo’rlarga moddiy yordam ajratildi. Xalqimizning ulug’ bayramlari arafasida urush faxriylarini, baynalmilal jangchilarni, kam ta'minlangan va boquvchisini yo’qotgan oilalarni qutlash maqsadida oziq-ovqat jamlamalari tarqatildi. 

Hisobot yilida Kasaba uyushma kengashi ish beruvchi tomonidan taqdim etilgan 228 ta holatdagi ishni ko’rib chiqib, O’zbekistoln Respublikasi Mehnat kodeksining tegishli moddalariga asosan 185 nafar ishchi bilan mehnat shartnomasi bekor qilinishiga rozilik berdi. 43 nafar kombinat ishchisining haq-huquqlari mehnat qonunchiligiga tayanilgan holda himoya qilindi.

Kombinat mehnatkashlari va ularning oila a'zolari ko’plab shikoyatlar va muammolar bilan murojaat qiladi. Kasaba uyushma kengashi tomonidan hech bir murojaatlar bee'tibor qolmaydi. hisobot yilida 16 ming 114ta murojaatlar ko’rib chiqildi.

Kasaba uyushmasi kengashi mehnatkashlar salomatligiga katta e'tibor qaratib kelmoqda. 2014 yilda 3341 nafar kombinat mehnatkashi kombinatning sanatoriy-proiflaktoriysi va davolanish maskanlarida o’z salomatliklarini tikladilar. Shulardan ikkinchi jahon urushi va mehnat fronti qatnashchilari bo’lgan 323 nafar nuroniylar bepul davolandi. Kombinat mehnatkashlarining salomatligini yanada sifatli ta'minlash maqsadida 2015 yil boshida sanatoriy-profilaktoriy zamonaviy tibbiy jihozlar bilan ta'minlandi.

3085 nafar kombinat mehnatkashlari farzandlari "Tong", "Metallurg", "Istiqlol", "Xandiza" BSOda, 211 nafar  bolalar "Yoshlik" lagerida bo’lishdi, 15-Mehribonlik uyining 12 nafar tarbiyalanuvchisiga bepul yo’llanma ajratildi.

Yalta va Kislovodskdagi "O’zbekiston" sanatoriysida 24 nafar kombinat mehnatkashi salomatliklarini tiklab qaytdi. 

Kasaba uyushma kengashi doimiy ravishda yoshlar bilan hamkorlikda ishlab keladi. Ko’plab tadbir va tanlovlarda ular moddiy va ma'naviy rag’batlantirilmoqda. Shuningdek, kam ta'minlangan oila farzandlari bo’lgan 7 nafar kollej o’quvchilariga Kasaba uyushma kengashining stipendiyalari berildi. Kasaba uyushmasi kengashi xotin-qizlar mehnat sharoitlarini yaxshilash borasida ham kombinat rahbariyati bilan hamkorlikda ko’plab ishlarni amalga oshirib kelmoqda. 

2015 yil - "Keksalarni e'zozlash yili"da Kasaba uyushmasi kengashi kombinat faxriylari, ishlamaydigan pensionerlar, yolg’iz va ko’makka muhtoj keksalarga qaratilgan moddiy va ma'naviy e'tiborni yanada kengaytirishni rejalashtirgan.

Hisobot yig’ilishi so’nggida so’zga chiqqan bir qator korxona rahbarlari, mutaxassislar Jamoa shartnomasining 2014 yildagi ijrosi yuzasidan o’z fikr-mulohazalarini bildirib, uning ishini ijobiy deb baholadi.

Yuklab olish (Format - PDF, hajmi - 213 KB)

Click to listen highlighted text! Powered By GSpeech