http://forkredit.com/ | Агротехника | Санкт Петербург | Все о Финляндии
A- A A+

Davlat va korporativ xaridlarning asosiy prinsiplari

Davlat xaridlarining asosiy prinsiplari

Davlat xaridlarining asosiy prinsiplari quyidagilardan iborat:

davlat buyurtmachisining kasbiy mahorati;

asoslanganlik;

moliyaviy mablag’lardan foydalanishning oqilonaligi, tejamkorligi va samaradorligi;

ochiqlik va shaffoflik;

tortishuv va xolislik;

mutanosiblik;

davlat xaridlari tizimining yagonaligi va yaxlitligi;

korrupsiyaga yo’l qo’ymaslik.

Davlat xaridlarining asosiy prinsiplari davlat xaridlari jarayonining barcha bosqichlarida qo’llanilishi kerak.

 

Davlat buyurtmachisining kasbiy mahorati prinsipi

Davlat buyurtmachisining kasbiy mahorati tegishli bo’linmalar xodimlariga nisbatan soha bo’yicha ma’lumoti bo’lishi, malakasini muntazam ravishda oshirishi hamda bosqichma-bosqich amaliy tajribaga ega bo’lib borishi to’g’risida talablar belgilash yo’li bilan ta’minlanadi.

Davlat buyurtmachisi xarid qilish tartib-taomillarini tashkil etish va o’tkazish uchun javobgar bo’lgan shaxsni belgilashi shart.

Manfaatlar to’qnashuvi mavjud bo’lgan taqdirda, xarid qilish tartib-taomillarini tashkil etish va o’tkazish uchun javobgar bo’lgan shaxs bajariladigan vazifalardan chetlashtirilishi lozim.

 

Asoslanganlik prinsipi

Davlat xaridlari davlat buyurtmachisining o’z oldida turgan vazifalarni hal etishni ta’minlaydigan haqiqiy talablari va ehtiyojlarini samarali qanoatlantirish uchun davlat xaridlarini o’tkazishning maqsadga muvofiqligi va zarurligi, tovarni (ishni, xizmatni) tanlashning, uning iste’mol xususiyatlarining (tavsifining), sifat ko’rsatkichlari va qiymatining asoslanganligi hisobga olingan holda amalga oshirilishi kerak.

 

Moliyaviy mablag’lardan foydalanishning oqilonaligi, tejamkorligi va samaradorligi prinsipi

Davlat xaridlari:

davlat buyurtmachisining davlat xaridlarini o’tkazish xarajatlarini va tovarlarning (ishlarning, xizmatlarning) qiymatini hisobga olish;

davlat xaridlari uchun ajratilgan mablag’lardan samarali foydalanish, shu jumladan tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) olishdan ko’rilgan naf, ularning sifati va qiymati o’rtasidagi maqbul nisbatni (foydalanish davri xarajatlarini hisobga olgan holda) ta’minlash;

davlat xaridlarini maqbul muddatlarda o’tkazish imkonini beradigan oqilona va tejamkor usulda amalga oshirilishi kerak.

 

Ochiqlik va shaffoflik prinsipi

Davlat xaridlarining ochiqligi va shaffofligi:

tegishli davlat organlariga, davlat xaridlari sub’ektlariga va jamoatchilikka davlat xaridlari to’g’risidagi axborotdan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda to’liq, o’z vaqtida, erkin va bepul foydalanish imkoniyatini ta’minlagan holda uni maxsus axborot portaliga joylashtirish, bundan qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollar mustasno;

xarid qilish tartib-taomillariga doir hujjatlarni va hisobotlarni tuzish hamda but saqlashni ta’minlash orqali amalga oshiriladi.

 

Tortishuv va xolislik prinsipi

Davlat xaridlaridagi tortishuv xarid qilish tartib-taomillari ishtirokchilari o’rtasida tortishuv, xarid qilish tartib-taomillari ishtirokchilarining takliflarini ko’rib chiqishda hamda xolis va asosli mezonlar asosida eng maqbul variant foydasiga yakuniy qaror qabul qilishda beg’arazlik va shaffoflik mexanizmlaridan foydalanish hisobidan qo’llab-quvvatlanadi.

Davlat xaridlarining xolisligi xarid qilish tartib-taomillari ishtirokchilarining takliflarini ko’rib chiqishdagi va eng maqbul variant foydasiga yakuniy qaror qabul qilishdagi beg’arazlikni nazarda tutadi.

Davlat xaridlarining xolisligi:

xarid qilish tartib-taomillari ishtirokchilariga teng imkoniyatlarni ta’minlashga;

davlat xaridlari sub’ektlari o’rtasida raqobatni va ularga nisbatan beg’arazlikni ta’minlaydigan shart-sharoitlarni yaratishga;

davlat xaridlari jarayonida shikoyatlar, nizolar va kelishmovchiliklarni ko’rib chiqishning hamda tegishli chora-tadbirlar ko’rishning ochiq, oshkora va tortishuv mexanizmlariga asoslanadi.

 

Mutanosiblik prinsipi

Davlat xaridlarida mutanosiblik:

davlat xaridlarini amalga oshirish usulining tovarlarning (ishlarning, xizmatlarning) xavf-xatariga, qiymatiga, xususiyatiga va murakkabligiga;

talablarning xarid qilish tartib-taomillari ishtirokchilari malakasiga oid ma’lumotlarga, takliflarni baholash mezonlari va usullarining tovarlarga (ishlarga, xizmatlarga);

davlat xaridlari sub’ektlarining huquqlari, majburiyatlari va javobgarligi ularning o’z vazifalariga mosligi bilan ta’minlanadi.

 

Davlat xaridlari tizimining yagonaligi va yaxlitligi prinsipi

Davlat xaridlari maqsadlar, prinsiplar va yondashuvlarning yagonaligiga, davlat xaridlari jarayoni barcha bosqichlarining yaxlitligi va o’zaro aloqadorligiga hamda davlat xaridlari barcha sub’ektlarining hamkorligiga asoslanadi.

Davlat xaridlarining yagonaligi va yaxlitligi:

davlat xaridlarini tartibga soluvchi yagona va yaxlit normativ-huquqiy baza hamda uni bir xilda qo’llash;

davlat xaridlarining davlat xaridlari to’g’risidagi barcha axborotni to’plash, unga ishlov berish va uni tahlil qilishni hamda barcha manfaatdor shaxslarga undan foydalanishni ta’minlaydigan yagona, yaxlit va kompleks axborot tizimi mavjudligi;

davlat xaridlarini amalga oshirish mexanizmlari, tartib-taomillari va usullarini birxillashtirish;

davlat xaridlariga oid hujjatlarni birxillashtirish;

tovarlarning (ishlarning, xizmatlarning) yagona milliy klassifikatorini joriy etish;

davlat xaridlarini rejalashtirish va amalga oshirishni, davlat xaridlari to’g’risidagi shartnomalarni (bundan buyon matnda shartnoma deb yuritiladi) tuzish va ijro etishni, monitoringni va nazoratni amalga oshirishni, nizolar hamda kelishmovchiliklar ustidan shikoyat qilish va ularni ko’rib chiqishni, davlat xaridlari sub’ektlarining kasbiy mahorati darajasini va mas’uliyatini oshirishni tashkil etish imkonini beradigan yagona infratuzilmaning mavjudligi bilan ta’minlanadi.

 

Korrupsiyaga yo’l qo’ymaslik prinsipi

Xarid qilish tartib-taomillarini tashkil etish va o’tkazishga doir talablar davlat xaridlari sohasida korruptsiyaga oid huquqbuzarliklarga yo’l qo’ymasligi kerak. Bunda korruptsiyaning oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlar ustuvor bo’ladi.

Click to listen highlighted text! Powered By GSpeech