A- A A+

Press-konferensiya

Ilm-fan + ishlab chiqarish = yuqori samaradorlik

on .

Olmaliq kon-metallurgiya kombinati Axborot xizmati hamda O’quv markazi tomonidan Toshkent shahridagi Inha universiteti o’qituvchilari va bir qator OAV vakillari uchun “OKMK: Ta’lim, fan va ishlab chiqarish integratsiyasi” mavzusida press-tur tashkil etildi.

Mazkur press-tur Chirchiq shahridagi OKMK Nodir metallar va qattiq qotishmalar ishlab chiqarish bo’yicha ilmiy ishlab chiqarish birlashmasi hamda O’zbek-Koreys ilmiy-texnologik markazida bo’lib o’tdi.

Dastlab, press-tur ishtirokchilariga birlashma va ilmiy texnologik markaz faoliyati, birlashma tomonidan ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar batafsil tanishtirib o’tildi.

Toshkent shahridagi Inha universiteti va kombinat o’rtasida o’zaro manfaatli hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlash, oliy o’quv yurtlarida tahsil olayotgan iqtidorli yoshlarni ilmiy tadqiqot ishlariga jalb qilish, yoshlar o’rtasida ilmiy va ijodiy hamkorlikni rivojlantirish, fikr, tajriba almashish uchun sharoit yaratish, yoshlarni ilmiy texnik rivojlanish yo’lida birlashtirish, shuningdek, yosh olimlarning ilmiy faoliyatini qo’llab-quvvatlash va rag’batlantirish maqsadida tashkil etilgan press-tur davomida ishtirokchilar ishlab chiqarish jarayoni bilan yaqindan tanishishdi.

- Bizning asosiy faoliyatimiz volfram va molibden kabi noyob metallarni, shuningdek, qattiq qotishma mahsulotlarini ishlab chiqarishdir. Biz mahalliy korxonalar uchun o’tga chidamli mahsulotlar bo’yicha investitsiya loyihasini amalga oshirdik. Bundan tashqari, bu yerda molibden, volfram, reniy, tellur, kadmiy kabi metallar o’rganiladi. Birlashmada ishlab chiqarilayotgan volfram va molibden mahsulotlarining 95 foizi Yevropa mamlakatlariga eksport qilinmoqda. Ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar asosan, po’lat ishlab chiqarish, kesuvchi va mashinasozlikda va harbiy sanoat uchun ishlatiladi. Mahalliy bozor uchun biz metallni qayta ishlash uchun ishlatiladigan qattiq qotishmalarni ishlab chiqaramiz, -deydi birlashmaning ishlab chiqarish bo’yicha direktor o’rinbosari Ulug’bek Ro’ziyev – Birlashma tomonidan mahalliylashtirish dasturiga muvofiq 2020 yilda 32 turdagi mahsulotlar, xususan, mashinasozlik uchun kesuvchi asbob uskunalar, o’tga chidamli mahsulotlar, zirhli disklar o’zlashtirildi. 2019 yilda bunday mahalliylashtirish loyihalari atigi uchta bo’lgan. Bu yil yana 30ta loyiha, jumladan, O’zbek-Koreys ilmiy-texnologik markaz bilan birgalikda ishlab chiqilgan o’tga chidamli mahsulotlar, yangi qattiq qotishmalarni ishlab chiqarish rejalashtirilgan.

Press-tur davomida ishtirokchilar O’zbek-Koreys ilmiy texnologik markazi laboratoriyalarida hamda tajriba sinov sexida bo’lishib, zamonaviy ilg’or uskunalar bilan tanishishdi. Va o’zida 28 ming texnik adabiyotlarni jamlagan resurs markazi va kutubxonaga tashrif buyurishdi. Ushbu adabiyotlarning barchasi tez orada raqamlashtirilishi va texnik adabiyotlar kutubxonasining elektron katalogiga kiritilishi ta’kidlandi.

Press-tur davomida ta’lim va ishlab chiqarishni integratsiyasiga katta e’tibor berildi. Ishtirokchilar onlayn tarzda Koreya davlatining KIRAM instituti olimlari bilan to’g’ridan-to’g’ri muloqot ham qilishdi.

- Men shogirdlarimga marketing, menejment va masofaviy transformatsiyani o’rgataman. O’zbekistonga uch yil oldin kelganman. Shuni ta’kidlashni istardimki, respublikada ishlab chiqarish sohasi yetarlicha rivojlangan va bu mening fikrimcha, mamlakatni to’liq rivojlantirishning eng muhim yo’nalishlardan biridir. Men mashhur Samsung kompaniyasining ishlab chiqarish bo’yicha tajribasiga egaman hamda buni men mamlakatingizda baham ko’rishni juda xohlayman. Bu ITMga kelishimizning sabablaridan biri. Umid qilamanki, bu bizning universitetimiz bilan OKMK o’rtasidagi uzoq muddatli hamkorlikni yo’lga qo’yishda muhim bo’ladi, - deydi Toshkent shahridagi Inha universiteti professori Li In Tek.

- Talabalar yonimizga kelib, o’zining prototipini yaratishi va ularni ishlab chiqarishda tatbiq etishi mumkin. Buning uchun Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan grant olish imkoniyati mavjud, venchur moliyalashtirish ko’zda tutilgan va startap akseleratorlar xizmatlaridan foydalanish mumkin, - deydi ilmiy-texnologik markazning nanotexnologiyalar, kompozit va ilg’or materiallar laboratoriyasi rahbari Amir Abidov. - Menimcha, bu Toshkent shahridagi Inha universiteti talabalari ishtirokidagi texnologik tadbirkorlikni rivojlantirish uchun katta qadam bo’ladi. Biz boshqa universitetlar bilan ham hamkorlik qilayapmiz. Masalan, Toshkent davlat texnika universiteti, Andijon mashinasozlik instituti, MTTU MISiS Olmaliq filiali va boshqalar bilan aloqalar o’rnatildi.

Press-tur davomida Toshkent shahridagi Inha universiteti o’qituvchilari bilan kelgusida hamkorlik aloqalarini mustahkamlash borasida rejalar ham kelishib olindi.

OKMK Axborot xizmati

Click to listen highlighted text! Powered By GSpeech