Press-konferensiya

Ta’lim va ishlab chiqarish integratsiyasi dolzarb masala

on .

Prezidentimiz raisligida 16 iyun kuni oʻtkazilgan oliy ta’lim tizimidagi ustuvor vazifalarga bagʻishlangan videoselektor yigʻilishida belgilab berilgan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida MTTU MISiS Olmaliq filialida matbuot anjumani oʻtkazildi.

Toshkent viloyati Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar boshqarmasi, OKMK va Olmaliq shahar hokimligi axborot xizmatlari hamkorligida tashkil etilgan matbuot anjumanida viloyatimiz va shahrimiz OAV vakillari ishtirok etishdi.

Tadbir avvalida Toshkent viloyati Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar boshqarmasi boshligʻi Zarifa Eralieva soʻz olib, videoselektor yigʻilishida belgilab berilgan vazifalar toʻgʻrisida OAV vakillarini boxabar qildi.

Shundan soʻng, MTTU MISiS Olmaliq filiali direktorining oʻquv-tarbiyaviy ishlar boʻyicha oʻrinbosari Sulaymon Xudoyorov soʻz olib, videoselektorda belgilangan vazifalarning ijrosini ta’minlash maqsadida hozirgi kunda filialda ishchi guruh tuzilganini,  shuningdek, yoʻl xaritasi ham tasdiqlanganini ta’kidlab oʻtdi. Va filial haqida batafsil ma’lumot berdi.

Unga koʻra, Respublika ishlab chiqarish-sanoat tarmogʻi uchun yuqori malakali muhandis-texnik kadrlar tayyorlashni yanada rivojlantirish va takomillashtirish, oliy texnik ta’lim sohasida xalqaro hamkorlikni kengaytirish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 11 maydagi PQ-3714-sonli “Federal davlat avtonom oliy ta’lim muassasasi «Milliy texnologik tadqiqotlar universiteti «MISiS»ning Olmaliq shahridagi filiali faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan,  2018 yil 18 oktyabr kuni Milliy texnologik tadqiqotlar universiteti “MISiS”ning (MTTU “MISiS”) filiali tashkil etilgan.

Filial faoliyatining asosiy yoʻnalishlariga Respublika ishlab chiqarish sanoat sohasida dolzarb ilmiy - texnologik muammolarni hal qila oladigan yuqori malakali muhandis texnik kadrlarni xalqaro ta’lim standartlari darajasida tayyorlash, metallurgiya, konchilik ishi va ishlab chiqarish-sanoat sohasining boshqa sohalarida fundamental va amaliy ilmiy tadqiqotlarni oʻtkazish ta’lim va ilm-fanning davomiyligi va izchilligi, hamda dunyo ta’lim va ilmiy hamjamiyatiga integratsiya asosida mutaxassislar va ilmiy kadrlarni tayyorlash tizmini rivojlantirish, muxandis-texnik kadrlarni tayyorlash tizimini takomillashtirish va modernizatsiyalashga qaratilgan yangi ta’lim dasturlari va oʻqitish shakllarini ishlab chiqish va joriy etish, ta’lim jarayoniga onlayn oʻqitish elementlarini joriy qilish, ta’lim va ilmiy faoliyatning ishlab chiqarish-sanoat faoliyati bilan uzviy integratsiyasi uchun shart-sharoitlar yaratish kiradi.

Filialda oʻqitish Oʻzbekiston Respublikasi davlat ta’lim standartlari talablarini e’tiborga olgan holda «MISiS» MTTU tomonidan tasdiqlangan oʻquv rejalar va dasturlar boʻyicha amalga oshiriladi.  Filialda spetsialitet “Konchilik ishi” (5,5 yil) va bakalavriatning “Metallurgiya”, “Texnologik jarayonlar va ishlab chiqarishni avtomatlashtirish va boshqarish” (4 yil) ta’lim yoʻnalishari boʻyicha oʻqitish olib borilmoqda. Filial bitiruvchilariga Oʻzbekiston Respublikasida oliy ta’lim toʻgʻrisidagi hujjat sifatida tan olinadigan «MISiS» MTTUning belgilangan namunadagi diplomi beriladi.

Filialning istiqbolli dasturida yaqin yillarda quyidagi masalalarni amalga oshirish koʻzda tutilgan:

- Filialning asosiy yoʻnalishi boʻyicha rivojlanishning yuqori darajasiga erishish, hamda Filial huzurida ishlab chiqarish korxonalarining yuqori malakali mutaxassislarga boʻlgan ehtiyojini qondirishga qodir boʻladigan sifat jihatidan yangi toifadagi “Umumiy oʻrta ta’lim – maxsus kasbiy ta’lim – Oliy ta’lim” ta’lim klasteri tashkil etish;

- oliy taʻlim muassasiga tayyorlash markazini rivojlantirish, qoʻshimcha kasbiy taʻlim va ilmiy tadqiqot ishlari markazlarini tashkil qilish;

- konchilik ishi, metallurgiya, texnologik jarayonlar va ishlab chiqarishni avtomatlashtirish va boshqarish sohalarida xalqaro miqyosidagi fundamental, amaliy va innovatsion tadqiqotlarni oʻtkazish;

- axborot texnologiyalari yordamida oʻqitiladigan fanlar yoʻnalishlari koʻlamini kengaytirish;

- biznes-jamiyatlari bilan hamkorlikni kengaytirish, yetakchi olimlar va ishlab chiqarish korxonalarining mutaxassislarini oʻquv jarayoniga jalb qilish orqali dual ta’lim tizimini joriy qilish.

Hozirgi kunda MTTU «MISiS»ning Olmaliq shahridagi filialida kunduzgi ta’lim shaklida 440 nafar, sirtqi ta’lim shaklida 61 nafar talaba tahsil olmoqda.

MTTU «MISiS»ning Olmaliq shahridagi filialida faoliyat olib borayotgan jami professor-oʻqituvchilar soni 47 nafarni tashkil etadi, shundan, 6 nafari fan doktori, professor, 27 nafari fan nomzodi (PhD), dotsent. Filialning ilmiy salohiyati 70,2%ni tashkil etadi.

Filialda yuqori malakali kadrlar tayyorlash uchun zarur boʻlgan barcha moddiy-texnik baza mavjud. Filialning oʻquv xonalari va laboratoriyalari zarur boʻlgan mebel, zamonaviy laboratoriya uskunalari, yuqori tezlikka ega internet tarmogʻiga ulangan kompyuter texnikalari va multimedia vositalari bilan jihozlangan.

Filial axborot-resurs markazi zamonaviy oʻquv, oʻquv-uslubiy va ilmiy texnik kitoblar bilan taʻminlangan, hamda xalqaro elektron kutubxonalariga ulangan.

Filialda ilmiy ishlar ham jadal olib borilmoqda. “Olmaliq KMK” AJ bilan 3 ta yoʻnalishda jami 910 mln. soʻmlik, “Uzmetkombinat” AJ bilan 200 mln. soʻmlik xoʻjalik shartnomalari bajarilmoqda. Shuningdek, Innovatsion rivojlanish vazirligi eʻlon qilgan amaliy mavzu boʻyicha 1 mlrd 288 mln. soʻmlik ishlar bajarilmoqda.

Yaqin kelajakda filialda yana ikkita yangi yoʻnalish ochilishi rejalashtirilgan. Bular iqtisodiyot va lingvistika yoʻnalishlaridir. Filialda qabul jarayoni 2021 yilning 21 iyun kuni boshlangan boʻlib, 21 iyulga qadar davom etadi. Abiturientlardan hujjatlarni qabul qilish onlayn hamda an’anaviy tarzda amalga oshirilmoqda. Hujjatlarni topshirish boʻyicha batafsil koʻrsatmalar oliygohning www.misis.uz rasmiy saytida berilgan. Mazur oliygohga kirish imtihonlari matematika, fizika fanlaridan yozma, rus tilidan esa test tarzida olinadi.

OAV vakillariga anjuman davomida shahrimizdagi Toshkent davlat texnika universiteti filiali haqida filial direktorining oʻquv-tarbiyaviy ishlar boʻyicha oʻrinbosari Orifjon Abdiev toʻliq tanishtirib oʻtdi.

Ushbu oliygoh Metallurgiya va foydali qazilma ishlarini qazish fakultetlari hamda 10ta kafedra mavjud. Filialda kunduzgi, kechki va sirtqi taʻlim yoʻlga qoʻyilgan boʻlib, yangi oʻquv yiliga qabul 20 iyun sanasidan boshlangan.  Hujjatlar onlayn tarzda qabul qilinmoqda.  Ushbu oliygoh filialida ham kombinat korxonalari uchun mutaxassislar tayyorlanadi. Bundan tashqari, sanoat korxonalarining buyurtmasiga asosan maxsus sirtqi boʻlimlarga ham talabalar qabul qilinadi.

Matbuot anjumanida talabalarning amaliyoti, yotoqxonasi hamda bandligi masalasi boʻyicha savollarga ham mas’ullar batafsil javob berishdi.

Axborot xizmati 

Click to listen highlighted text! Powered By GSpeech