A- A A+

Rahbaryatning chiqish va bayonotlari

Ezgulik va saxovat ayyomi muborak!

on .

Assalomu alaykum, aziz yurtdoshlar, hamshaharlar va hamkasblar!

Siz azizlarni yurtimizdagi barcha mo’min-musulmonlarni, barcha olmaliqliklarni mehr-oqibat, ezgulik va saxovat ayyomi – muborak Ramazon hayiti bilan chin qalbimdan samimiy tabriklayman.

Ushbu qutlug’ bayramda hammamiz eng avvalo, mana shunday fayzli va barokatli kunlarga yetkazganiga Yaratgan uchun cheksiz shukronalar aytamiz.

Xalqimizning ezgu qadriyatlariga mos bo’lgan yurtdoshlarimizga mehr va e’tibor ko’rsatish, ko’makka muhtoj, ehtiyojmand kishilarga beg’araz yordam berish, yaxshilik, sabr-u qanoat kabi ezgu fazilatlarni o’zida mujassam etgan ushbu ayyomning mazmun-mohiyati bugungi kunda mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlarga hamohang ekanligini, o’ylaymanki, shu saodatli kunlarda har birimiz chuqur his etib turibmiz.

Ramazon hayiti bayrami arafasida Prezidentimiz 258 nafar fuqaroni afv etuvchi farmonni imzoladilar. Bu ham insonparvarlik tamoyilining amaldagi ifodasi desak mubolag’a bo’lmaydi.

Bugun dunyo hamjamiyati sinovli davrni boshidan kechirmoqda. Koronavirus pandemiyasi sababli, O’zbekiston musulmonlari idorasining muborak bayramni o’z oilamiz davrasida, mehmondorchilikka bormagan holda karantin qoidalariga rioya etib nishonlash to’g’risidagi fatvosi chiqdi, ushbu fatvoga amal qilish barchamizning muqaddas burchimizdir.

Mana shunday sinovli kunlarda mehr-muruvvatli, saxovatpesha xalqimiz birlashganini, xamyurtlarimizning yordamga muhtojlarga beminnat ko’maklarini ayamayotganligini yana bir bor alohida ta’kidlashni istardim.

Ko’p ming sonli mehnat jamoasini o’zida jamlagan Olmaliq kon-metallurgiya kombinati ham el boshiga ish tushgan sinovli damlarda xayr-saxovat kabi milliy qadriyatlardan chetda turgani yo’q. O’ylaymanki kombinat tomonidan bunday ezgu amallar bardavomlikni kasb etadi.

Fursatdan foydalanib, barchangizni o’zgacha shukuh va fazilatga ega bo’lgan Ramazon hayiti bayrami bilan muborakbod etaman. Barchamizga yaqinlashib kelayotgan Iydi Ramazon ayyomi muborak bo’lsin!

Abdulla Xursanov,

“Olmaliq KMK” AJ boshqaruvi raisi

Click to listen highlighted text! Powered By GSpeech