Rahbaryatning chiqish va bayonotlari

Sinovli kunlarni hamjihatlikda yengamiz!

on .

Ayni kunlarda barchamiz murakkab sinovli kunlarni boshimizdan kechiryapmiz. Butun dunyo bo’ylab tez va shiddat bilan tarqalayotgan koronavirus pandemiyasi yurtimiz aholisining nainki salomatligiga, hayotiga ham jiddiy xavf solmoqda.

Hukumatimiz tomonidan bugungi vaziyatda aholini har tomonlama qo’llab-quvvatlash, ijtimoiy, moddiy, tibbiy yordam ko’rsatish bo’yicha tezkor va samarali ish tashkil etish yuzasidan barcha tadbirlar amalga oshirilmoqda. Ta’kidlash joiz, pandemiyaga qarshi kurashish, tez tibbiy yordam sifatini oshirish, bemorlarga samarali davo choralarini qo’llash va ushbu tadbirlarni amalga oshirishda asosiy kuch bo’lgan tibbiyot xodimlarini faoliyatini yanada samarali tashkil etish - Hukumatimizning asosiy maqsad va vazifasiga aylandi.

Qolaversa, kuni kecha Prezidentimiz videoselektor yig’ilishida “Barchamiz hamjihatlikda, chuqur mas’uliyat bilan tizimli ishlasak, bu og’ir sinovlarni albatta, yengamiz. Yana bir bor takrorlayman, bugungi kundagi eng muhim talab - barchamiz pandemiya sharoitida yashash va ishlashga o’rganishimiz shart», deb alohida ta’kidladilar.

Darhaqiqat, bugungi epidemiologik vaziyat zimmamizga yanada ulkan mas’uliyat yuklamoqda. Kombinat korxonalarida ham karantin qoidalariga qat’iy rioya qilgan holda, ishlab chiqarishda barqaror sur’atlarni saqlashga harakat qilayapmiz. Barcha korxona, tashkilot, ishlab chiqarish sexlarimizda ishchi-xodimlarning salomatliklarni nazorat qilish va pandemiya sharoitida sanitar-epidemiologik himoyalash uchun yetarli sharoitlar yaratildi.

Afsuski, koronavirus infeksiyasining shiddat bilan tarqalishi aholidan, barcha-barchamizdan yanada hushyor va ehtiyotkor bo’lishimizni talab etmoqda.     

Mana shunday og’ir vaziyatda o’zini, sog’lig’ini xavfga qo’yib, xalqimizning salomatligi uchun kunni tunga ulab, bemorlarni parvarish qilayotgan shifokorlar-u, hamshiralarning bugungi mehnati haqiqiy jasoratdir. Har birimiz ularga dalda bo’lmog’imiz va qo’limizdan kelgancha qo’llab- quvvatlashimiz kerak.

Tan olish kerak, pandemiyaning bunday keskin tus olishi Sog’liqni saqlash tizimi uchun juda katta sinov bo’ldi. Qaysidir ma’noda biz bunga tayyor ham emasdik. Lekin har qanday qiyinchilikni faqat hamjihatlikda yengish mumkinligini unutmaylik. Aholi tomonidan sanitariya-gigienik qoidalarga: niqob taqish, qo’lqopda bo’lish, dezinfektsiya ishlarini muntazam olib borish, ijtimoiy masofani saqlash kabi oddiy talablarga qat’iy rioya qilinsagina, kutilgan natijaga erishish mumkin bo’ladi.  Hozirgi sharoitda shu oddiy qoidalarga rioya qilishni o’z burchimiz va vazifamiz deb bilsak, kasallikning yanada tarqalib ketishining oldini olgan bo’lamiz.

Shu o’rinda, Olmaliq kon-metallurgiya kombinati yurtimiz iqtisodiy barqarorligi va xalqimiz farovonligi yo’lida barcha kuch va imkoniyatlarini safarbar etishga hamisha tayyor ekanligini aytmoqchiman.

OKMK koronavirus infeksiyasi tarqalishining oldini olish, sanitar osoyishtalikni saqlash, karantin tartib-qoidalariga rioya qilinishini ta’minlash, blokpostlar o’rnatish va dezinfeksiya ishlarini muntazam olib borish, pandemiya sharoitida ehtiyojmand oilalarni qo’llab-quvvatlash yuzasidan amalga oshirilayotgan tadbirlarda  faol ishtirok etib kelmoqda va bu ishlarni keng ko’lamda davom ettiradi.

Shuningdek, Olmaliqda kombinat tomonidan qisqa fursatda barpo etilgan Virusologiya laboratoriyasi o’ylaymanki, hududimizda koronavirus infektsiyasiga qarshi kurashishda yuzaga kelayotgan ko’pgina muammolarni bartaraf etilishiga, aholiga qulaylik yaratilishiga, koronavirus infeksiyasiga tahlil natijalarini qisqa fursatlarda aniqlashga imkon beradi.

Yana ta’kidlab aytaman, bugungi vaziyat ayniqsa, sanitar-epidemilogiya osoyishtalik markazi va Tibbiyot birlashmasi xodimlari zimmasiga juda katta kuch va mas’uliyat yuklamoqda. Bir so’z bilan aytganda, shifokor-u hamshiralarimiz, SEOM xodimlari koronavirusga qarshi urush o’chog’ining qoq markazida turishibdi.

O’z hayotlarini garovga qo’yib, xalqimiz salomatligi, bemorlarning hayotini saqlash yo’lida bor imkoniyatlarini ishga solayotgan barcha tibbiyot xodimlarini biz qadrlaymiz. Davlatimiz rahbari ham shifokorlarimizning mehnatlariga, fidoyiliklariga juda katta baho berib, ularning jasoratini alohida ta’kidlayaptilar. Tibbiyot xodimlarimizni bugungi kun qahramonlari desak, hech mubolag’a bo’lmaydi.

Pandemiya davri ham o’tadi, hali hammasi izga tushadi, yana xotirjam hayotga qaytamiz, shifokor-u hamshiralarimizning mehnatlarini esa xalqimiz hech qachon unutmaydi. Bugungi sinovli kunlar Tibbiyot xodimi bo’lish, shifokorlik kasbining nechog’li ulug’ va nechog’li sharafli ekanini yana bir karra isbotladi.

Hurmatli viloyatimiz ahli, olmaliqliklar!

Bugungi davr barchamizdan ahillikni, vaziyatga xolis va to’g’ri yondashishni talab etmoqda. Ijtimoiy tarmoqlar orqali tarqalayotgan turli yolg’on xabar va mish-mishlarga ishonib, vahimaga berilmasligimiz lozim. Rasmiy axborot manbalarida xalqimizning salomatligi va osoyishtaligi yo’lida qilinayotgan barcha ishlar va hal etilayotgan masalalar haqida shaffof ma’lumotlar berib borilmoqda.

Davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, hozir oldimizda koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashish va bu sinovli kunlarni talafotlarsiz o’tkazib, xalqimiz salomatligini, hayotini saqlashdan muhimroq masala, vazifa yo’q.

Mana shu o’ta muhim va dolzarb vazifalarni amalga oshirish, pandemiyani yengish yo’lida barchamiz yanada birlashishimiz shart va zarur.

Abdulla Xursanov,

“Olmaliq KMK” AJ boshqaruvi raisi,

Oliy Majlis senati a’zosi

Click to listen highlighted text! Powered By GSpeech