Rahbaryatning chiqish va bayonotlari

OKMK yutuqlari – jamoaning yaratuvchan mehnati samarasi

on .

Olmaliq kon-metallurgiya kombinatining qadrli mehnatkashlari, ishlab chiqarish faxriylari, hamshaharlar!

Joriy yilda butun dunyo jamoatchiligi koronavirus infeksiyasi pandemiyasi tufayli yuzaga kelgan og’ir sinovlarni boshidan o’tkazdi. Chegaralarning yopilishi, cheklov tadbirlarining qo’llanishi, buning natijasida ishlab chiqarishning qisqarishi, minglab korxonalar faoliyati to’xtatilishi, iqtisodiy ko’rsatkichlarning keskin tushib ketishi kuzatildi.

Bu kabi barcha qiyinchiliklarga qaramay O’zbekiston xalqi o’zining har bir fuqarosi uchun qadrli bo’lgan bayram - Mustaqillik kunini faoliyatning barcha jabhalarida salmoqli yutuqlar bilan yuksak ruhiy quvvat, birdamlik, ko’zlangan maqsadlarni zabt etishda shijoat va intilishlarini namoyon etgan holda qarshi olmoqda.

Olmaliq kon-metallurgiya kombinati jamoasi ham shu safda bo’lgan holda kundalik bunyodkorona mehnati bilan yuqori natijalarni qo’lga kiritmoqda.

Shuni ta’kidlab o’tishim lozimki, bizning korxonamiz bunday og’ir sharoitda mamlakatimiz rahbariyatining qo’llab-quvvatlashi, mehnatkashlarning matonatli mehnati evaziga bir kun ham faoliyatini to’xtatmadi, aksincha, ishlab chiqarish sur’atlarini oshirib bordi, uning umumiy hajmi o’tgan 8 oy davomida 13 trln. 493 mlrd. so’mni tashkil qildi. Deyarli barcha ko’rsatkichlar bo’yicha e’tiborga molik o’sish sur’atlariga erishildi, jumladan, mis ishlab chiqarish bo’yicha o’sish 103,1%, oltin bo’yicha 104,7%, kumush bo’yicha 135,5%, sement bo’yicha 103,9%ni tashkil qildi.

Jamoamizning hamjihatlikdagi faoliyati evaziga kombinat tomonidan davlat byudjetiga pul mablag’lari tushumi ortib bordi, o’tgan sakkiz oy davomida u 5 trln. 761 mlrd. so’mni tashkil etib, kutilganidan 153,8%ga ortiq bo’ldi.

Mart-iyul oylari davomida avia va temiryo’l qatnovlari bir necha bor to’xtatilishi, jahon miqyosida narxlar keskin tushib borishiga qaramasdan kombinat tomonidan 460,1 mln. dollarlik mahsulotlar eksporti amalga oshirildi.

Joriy yil OKMK uchun O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Miromonovich Mirziyoev tomonidan tarixiy hujjatlar imzolanishi bilan ahamiyatli bo’ldi, ushbu hujjatlarga asosan, “Olmaliq KMK” AJ kon maydonlari negizida rangli va qimmatbaho metallarni ishlab chiqarishni kengaytirish loyihasiga start berildi, uning natijasida 2028 yilga borib 400 ming tonnagacha katodli mis, 50 tonna oltin, 270 tonna kumush ishlab chiqarilishi ta’minlanadi, qo’shimcha ravishda 10 mingga yaqin yangi ish o’rinlari ochiladi.

Bugunga kelib mazkur loyihani amalga oshirish doirasida “Yoshlik I” konida tog’-kon kapital ishlari olib borilmoqda, 3-Mis boyitish fabrikasini bunyod etish ishlari boshlab yuborildi. Ushbu vazifalarga uch smenada 1479 nafar ishchi-xodimlar, 330 ta yuklash-transport mashinalari safarbar etilgan. Asosiy ob’yektlar bilan parallel ravishda bu yerda infratarmoqlar qad rostlaydi, avtomobilь yo’llari quriladi, temiryo’l polotnolari yotqiziladi.

Korxonalarda ishlab chiqarishni zamonaviy uskunalar bilan jihozlash, yangi texnologiyalarni joriy etish borasida keng miqyosda ishlar olib borilmoqda. Mazkur yo’nalishda bugunga kelib 1 trln 630 mlrd so’mlik qurilish-montaj ishlari bajarildi, bu esa o’z navbatida 18 ta yirik sanoat ob’ektlarini ekspluatatsiyaga topshirish imkonini berdi. Bular jumlasiga Mis boyitish fabrikasidagi o’rtacha maydalashning 5 ta jamlamasi, “DERRICK Corporation” kompaniyasining yuqori chastotali g’alvirlari, Rux zavodidagi zamonaviy elektroliz vannalari va eritmalarni transportirovka qilish uchun polimer tarnovlari, birlashgan chiqindilarni to’plash havzasidagi 4-KVK va boshqalarni kiritish mumkin.

So’nggi ikki yil davomida olib borilgan nodir va kamyob yer metallarini ishlab chiqarishni rivojlantirish dasturi o’z natijasini bermoqda. Joriy yilning 8 oyi davomida 469 tonna metalli molibden ishlab chiqarilishi hamda bu ko’rsatkich o’tgan yilning shu davriga nisbatan ikki barobarga oshgani buning yorqin dalilidir. Palladiyni ishlab chiqarishni takomillashtirish 2020 yilning sentyabrigacha ushbu metall eksportini 430 kilogramm miqdorida ilk bora sotish imkonini yaratdi.

Joriy yilda OKMK korxonalari geografiyasi va miqdori oshdi. Hukumatimiz qaroriga asosan, Qizilqum fosforit kompleksining 100%lik aksiyasi kombinatimizga berildi, shuningdek “Ammofos-Maksam” AJning nazorat aksiyalari paketi OKMKning ishonchli boshqaruviga topshirildi.

An’anaga muvofiq, bu yil kombinat tomonidan nafaqat Olmaliq shahri, balki boshqa OKMK korxonalari joylashgan mintaqalarda yashovchi kombinat mehnatkashlari va ular oilalarini ijtimoiy himoya qilishga qaratilgan bir qator kompleks dasturlar amalga oshirildi. Profilaktoriy asosiy korpusining 82 o’rinli qismi rekonstruksiyasi yakuniga yetkazildi, qolgan korpuslar yaqin oylarda foydalanishga topshiriladi. Mis boyitish fabrikasida bayram arafasida uchta zalli 250 o’rinli oshxona kompleksi ishga tushirildi.

Angren shahrida kombinat tomonidan 258 tomoshabin o’rinli suzish kompleksi foydalanishga topshirildi, bu yerda uchta olimpiada sport turlari bilan shug’ullanish imkoniyati mavjud.

Chirchiq shahrida OKMK mehnatkashlari tomonidan Mustaqillik bayrami kuniga “Bo’zsuv” kanali sohilida obodonlashtirish ishlari olib borilib, kafe, o’yin zallari qurildi va aholining mazmunli hordiq chiqarishi uchun barcha sharoitlar yaratib berildi.

Shuni ta’kidlab o’tishim zarurki, pandemiyaga qaramasdan ushu ijtimoiy ob’yektlarda barcha karantin talablariga rioya qilingan holda jami ishlar biror kun ham to’xtamagan holda olib borildi.

Bundan tashqari, koronavirus infeksiyasiga qarshi kurashishda korxonamiz tomonidan salmoqli hissa qo’shildi - tashkil etilgan jamg’armalarga 11 mlrd. 209 mln so’mdan ziyod mablag’lar o’tkazib berildi. Biz O’rta Chirchiq rayonida karantin zonasi qurilishida ishtirok etdik, shahrimizda bemorlarni davolash uchun bir necha yuzlab joylarni jihozlashga muvaffaq bo’ldik. OKMKning mablag’lari hisobiga Olmaliq shahrida virusologiya laboratoriyasi qurildi va zamonaviy tibbiy uskunalar bilan jihozlandi, bu o’z navbatida kasallikni yuqtirgan bemorlarni aniqlash jarayonlarini tezlashtirishga xizmat qiladi.

Bizning jamoamiz Sardoba suv ombori toshqinidan jabrlangan oilalarga yordam ko’rsatish, uning oqibatlarini bartaraf etishda ham faol ishtirok etdi.

Keng miqyosdagi moliyaviy harajatlarga qaramasdan, “Olmaliq KMK” AJ Jamoa shartnomasida mustahkamlab qo’yilgan o’zining barcha majburiyatlarini bajarib borib, ayniqsa, mazkur hujjatning mehnatkashlarni ijtimoiy himoya qilish, ishlab chiqarish faxriylari, ishlab chiqarish hodisalari sababli boquvchisini yo’qotgan oilalarni qo’llab-quvvatlashga qaratilgan bandlariga alohida e’tiborni qaratib bormoqda.

Kombinatning barcha yutuqlari - birinchi navbatda jamoaning yaratuvchan mehnati samarasidir. Shu o’rinda men barchaga kasbiy mahorati, g’ayrat-shijoati va fidoyiligi uchun o’z tashakkurimni bildirib o’tishni burchim deb bilaman. Aynan har biringizning matonatli mehnatingiz korxonamizning shon-sharafi, barqaror faoliyati, ishonchining asosi hisoblanadi.

Pandemiya davom etayotgan, mamlakatimizda karantin choralari yumshatilgan, lekin to’liq bekor qilinmagan vaziyatda biz muhim shodiyonaga hozirlik ko’rmoqdamiz. So’nggi kunlar davomida kasallanganlar soni sezilarli darajada kamayganiga qaramasdan karantinning asosiy talablariga rioya qilgan holda xushyor va e’tiborli bo’lishimizni vaziyat talab qilmoqda. Shu sababli ham men barchangizni bayramni o’z qadrdonlaringiz qurshovida, ko’plab insonlar yig’ilishiga yo’l qo’ymagan holda nishonlashga chaqiraman.

Mustaqil suveren davlatimizning asosiy bayrami - Mustaqilligimizning 29 yilligi arafasida “SFI Management Group” va kombinat boshqaruv apparati nomidan siz va sizning oilangizga farovonlik, mehr-oqibat va omad tilayman!

Farzandlarimiz va nabiralarimiz hayoti yana ham baxtliroq bo’lsin.

Tinchlik va bahamjihatlik jonajon yurtimizda abadiy hukm sursin, qadrdon Vatanimiz - O’zbekistonimiz osmoni doimo musaffo bo’lsin!

Abdulla XURSANOV,

“Olmaliq KMK” AJ boshqaruv raisi

Click to listen highlighted text! Powered By GSpeech