A- A A+

Rahbaryatning chiqish va bayonotlari

Qomusimiz - erkin va farovon hayotimiz kafolati

on .

Hurmatli Olmaliq kon-metallurgiya kombinati mehnatkashlari, aziz hamshaharlar!

Barchangizni bugungi ulug’ ayyom - mustaqilligimiz kafolati, erkin va ozod hayotimiz ramzi bo’lgan mamlakatimiz Konstitutsiyasi qabul qilinganligining 28 yilligi bilan samimiy muborakbod etaman.

Shu qisqa davrda jonajon O’zbekistonimiz mustaqil va suveren davlat sifatida shakllanib, jahon hamjamiyatidan munosib o’rin egalladi, tom ma’noda ulkan taraqqiyot yo’lini bosib o’tdi.

O’zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi xalqimiz siyosiy-huquqiy tafakkurining yuksak namunasidir. U hech kimga qaram bo’lmasdan, erkin va ozod, tinch va osoyishta, farovon yashashning qonuniy kafolati bo’lib kelmoqda. Bozor munosabatlariga asoslangan huquqiy demokratik davlat, kuchli fuqarolik jamiyati barpo etish borasida mustahkam poydevor bo’lib xizmat qilmoqda.

Konstitutsiyamiz tarixda sinalgan umuminsoniy, umumbashariy qadriyatlarni, xalqaro andozalarni o’zida mujassam etgan hujjatdir. U biz uchun nafaqat hayotiy muhim bir qo’llanma, balki g’urur-iftixor, kerak bo’lsa, shu zaminda istiqomat qilayotgan, millati, tili, dinidan qat’iy nazar, barcha insonlar uchun mustahkam bir himoya ekanligini bilishimiz shart.

Shu o’tgan yillar mobaynida Konstitutsiyamizda muhrlab qo’yilgan tamoyil va qoidalar negizida yurtimizda milliy qonunchilik tizimi bosqichma-bosqich shakllanib bormoqda. Bunga ko’plab misollar keltirsak bo’ladi.

Mamlakatimiz bugun Xalqaro mehnat tashkiloti bilan faol hamkorlik qilmoqda. Ushbu tashkilotning 14 ta, jumladan, 8 ta asosiy konvensiyasi, shuningdek, bolalar mehnati va majburiy mehnatga qarshi kurashishga doir konvensiyasi ratifikatsiya qilindi.

So’nggi uch yilda yurtimizda majburiy mehnatning har qanday ko’rinishining oldi olinib, unga to’liq barham berilmoqda.

Paxta yig’im-terimi va boshqa ishlarga majburiy safarbar etish ishlari batamom to’xtatildi. Odam savdosiga qarshi kurash yo’nalishida xalqaro va mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish, milliy qonunchilik va mexanizmlarni takomillashtirish borasida izchil chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

2017 yilning sentyabr oyida BMT Bosh assambleyasining 72-sessiyasida Prezidentimiz Sh.Mirziyoyev tomonidan Xalqaro mehnat tashkiloti bilan hamkorlikda O’zbekistonda bolalar mehnatidan foydalanishga qarshi amaliy chora-tadbirlar qo’llanilishi alohida ta’kidlangan edi. Darhaqiqat, hukumatimiz tomonidan bu masala qat’iy nazoratga olindi.

Bugun mamlakatimizda bolalarning sihat-salomatligi, ta’lim-tarbiyasi, dunyoqarashi va iste’dodini rivojlantirishga juda katta e’tibor qaratilib, tashabbus ko’rsatishlari uchun barcha shart-sharoitlar yaratilmoqda. Bundan tashqari, yoshlarga doir maxsus davlat siyosati yaratildi. Yoshlarimiz zamonaviy bilim va kasb-hunarni puxta egallashlari uchun yangidan-yangi oliy ta’lim muassalari barpo etildi. Kechki va sirtqi o’qish turlari qaytadan ochildi. Xalqaro ta’lim reytingida yuqori pog’onalarni egallagan bir qator xorijiy universitet va institutlar bilan faol hamkorlik o’rnatilib, respublikamizda filiallari tashkil etildi.

Yana shuni ta’kidlash kerakki, qonunlarimiz hayotimizning barcha sohalarini huquqiy tartibga solish bilan birga fuqarolarning huquq va manfaatlarini ta’minlashga ham xizmat qilmoqda. Buni so’nggi ikki yilda ochiqlik va demokratik tamoyillarning mustahkam qaror topayotgani va ommaviy axborot vositalari sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarda ko’rishimiz mumkin. Bugungi kunda davlatimizdagi ochiqlik siyosati xalq bilan yaqin muloqot o’rnatish, fuqarolarning murojaatlari, muammolari va takliflarini o’z vaqtida ko’rib chiqishda muhim omil bo’layapti. Ommaviy axborot vositalari qonuniylikni qaror toptirishda chinakam “jamiyat ko’zgusi”ga aylanmoqda. An’anaviy axborot vositalari bilan birga internet, ijtimoiy tarmoqlar, blogerlar ham jamoatchilik fikrini shakllantirishda katta rolь o’ynamoqda.

Konstitutsiyamizning 46-moddasida xotin-qizlar va erkaklar teng huquqli ekanliklari ham mustahkamlab qo’yilgan. Davlatimiz xotin-qizlarni kamsitishning barcha shakllariga barham berish to’g’risidagi, xotin-qizlarning siyosiy huquqlari to’g’risidagi, bir xil qiymatga ega bo’lgan mehnat uchun erkaklar va xotin-qizlarni teng rag’batlantirish to’g’risidagi xalqaro konvensiyalarga qo’shilgan.

O’tgan to’rt yilda yurtimizda ayollar huquqlari himoyasini tubdan kuchaytirishga doir 15 dan ortiq me’yoriy-huquqiy hujjatlar qabul qilingan va ijroga qaratilgan. Bu hujjatlarda davlat xotin-qizlar va erkaklarga shaxsiy, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlarni amalga oshirish chog’ida teng huquqlilikni, jamiyat hamda davlat ishlarini boshqarishda, saylov jarayonida teng ishtirok etish kafolatini mustahkamlab qo’ydi. Hozirgi kunda qanchadan-qancha ayollarimiz davlat boshqaruvida, korxonalarda rahbar lavozimlarda, yana qanchadan-qanchasi tadbirkorlik bilan shug’ullanib kelayotgani fikrimiz isbotidir.

Ko’p ming sonli mehnat jamoasini bir oiladek o’z safiga birlashtirgan kombinatda ham har bir ishchi-xizmatchining konstitutsion huquqlarini himoya qilish, munosib mehnat sharoitlarini yaratishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Biz uchun eng muhimi - Inson huquq va manfaatlarini himoya qilish. Bosh Qomusimizning asosiy g’oyasi ham shu ezgu maqsadga yo’naltirilgan. Mana shu maqsadlarni amalga oshirish yo’lidan og’ishmay, sobitqadamlik bilan tinch va osoyishta, farovon yashashimizning qonuniy kafolati - Konstitutsiyamizni amaldagi ijrosi uchun islohotlar sur’atini saqlab qolish bugun har qachongidan muhim deb o’ylaman.

Qiyinchiliklar bo’lishi tabiiy. Lekin rivojlangan davlatlar ham demokratiyaning bugungi bosqichiga osonlikcha erishmaganini unutmaylik.

Konstitutsiyamizning g’oya va normalari o’zbek xalqining teran tarixiy ildizlariga asoslangan bo’lib, u ko’p asrlik tajriba va ma’naviy qadriyatlarni, ulug’ ajdodlarimizning huquqiy merosini o’z ichiga olgan. SHunday ekan, bu Qonunlarimiz majmuasiga amal qilish, ijrosini ta’minlash har birimizning burchimizdir.

Qadrli kombinat ishchi-xodimlari!

Konstitutsiyamiz bergan imkoniyatlar go’zal va betakror O’zbekistonimizning barcha fuqarolari qatori har birimizning hayotimizga saodat va farovonlik olib kelsin.

Barchangizga mustahkam sog’lik, ezgu ishlaringizga rivoj, oilangizga tinchlik-xotirjamlik tilayman! Yurtimizda hamisha tinchlik va osoyishtalik hukmron bo’lsin! Vatanimiz taraqqiyoti yo’lidagi samarali mehnatlaringizga muvaffaqiyatlar yor bo’lsin.

Bayramingiz muborak bo’lsin, azizlar!

Abdulla XURSANOV,

“Olmaliq KMK” AJ boshqaruvi raisi,

Oliy Majlis senatori

Click to listen highlighted text! Powered By GSpeech