A- A A+

Rahbaryatning chiqish va bayonotlari

Aprel oyining birinchi yakshanbasi - O’zbekiston Respublikasi geologiya sohasi xodimlari kuni

on .

Ma’lumki, Prezidentimiz tomonidan 2018 yil 26 dekabrda imzolangan “O’zbekiston Respublikasi geologiya sohasi xodimlari kunini belgilash to’g’risida”gi qonuniga asosan har yili aprel oyining birinchi yakshanbasi geologlar kuni etib belgilangan va ushbu tarixiy sana yurtimiz Geologlari uchun sharafli va unutilmas kun sifatida alohida e’tirof etiladi.

Shu munosabat bilan ushbu sohaning fidoyi va izlanuvchan mutaxassislarini, barcha geologlarni kasb bayramlari bilan samimiy muborakbod etaman.

Ta’kidlash joizki, so’nggi yillar respublikamizda geologiya sohasida tub burilishlar, yangilanishlar davri bo’ldi. Davlatimiz rahbari tomonidan geologiya sohasini rivojlantirishga alohida ahamiyat qaratilmoqda. Xususan, mamlakatimizda qisqa fursat ichida geologiya sohasida ilm-fan va tadqiqot ishlarini jadallashtirish, yosh, bilimli kadrlarni tarbiyalash va geologiya sohasini rivojlantirish maqsadida keng qamrovli islohotlar amalga oshirildi. Davlat geologiya va mineral resurslar qo’mitasining funksional salohiyatini mustahkamlash va faoliyatini kengaytirish bo’yicha qator huquqiy-me’yoriy hujjatlar qabul qilindi.

Mamlakatning tabiiy boyliklaridan oqilona va samarali foydalanish zaruriyati hisobga olinsa, bu qaror va farmonlarning qabul qilinishi alohida ahamiyat kasb etadi.

Rasmiy statistika bo’yicha, O’zbekistonda 2025 tadan ortiq kon mavjud. Ba’zi foydali qazilmalar (oltin, uran, mis, fosforitlar, molibden va boshqalar) zahiralari bo’yicha O’zbekiston dunyoning yetakchi davlatlari qatoriga kiradi. Nufuzli xalqaro konsalting kompaniyalaridan biri - BCG hisob-kitoblariga ko’ra, keyingi o’n yil ichida mamlakatning investitsiyaviy salohiyati 65 milliard AQSh dollarini tashkil etishi kutilmoqda. Shundan 45 milliard dollardan ortig’i xom-ashyo sanoati hissasiga to’g’ri keladi.

Geologiya sohasida ilm-fan va ishlab chiqarish integratsiyasini mustahkamlash, sohadagi olimlarning ilmiy tadqiqot faoliyatlarini qo’llab-quvvatlash maqsadida amalga oshirilayotgan tadbirlarda “Olmaliq KMK” AJ faol ishtirokchi va tashabbuskorlardan biridir.

Zero, tog’-konchilik korxonalarining foydali qazilmalar bo’yicha xom-ashyo bazasini mustahkamlash, tadqiq etilayotgan konlar ishonchliligini kafolatlash, foydali qazilmalardan to’laqonli va kompleks foydalanish hamda tabiiy boyliklarni saqlash uchun ham geologiya xizmatini rivojlantirish - eng avvalo kombinatning istiqbolli faoliyatini belgilovchi muhim masaladir. Shu bois ham kombinat geologiya xizmati faoliyatini qo’llab-quvvatlashga va rivojlantirishga, ushbu soha vakillarining mehnatlarini qadrlash va samarali izlanishlar olib borishlari uchun barcha imkoniyatlarni yaratishga hamisha tayyor.

Ma’lumki, sohaning investitsiyaviy jozibadorligini hamda xalqaro investitsiyalar oqimini oshirish uchun xalqaro standartlarning hisobot shakllariga o’tish talab etiladi. Ushbu xalqaro standartlarning “Olmaliq KMK” AJga joriy etilishi va butun O’zbekiston kon-geologiya sanoatini jahon mineral xom-ashyo kompleksiga qo’shilishi juda muhim qadam bo’ldi. Bundan asosiy maqsad - yer osti boyliklarini mustaqil va ob’yektiv  baholash amaliyotini rivojlantirish, shuningdek, tabiiy resurslarni o’rganish va o’zlashtirish samaradorligini oshirishdan iboratdir.

Ayni vaqtda OKMKning “Qalmoqqir” va “Yoshlik-1”, “Xonjiza” konlarida foydali qazilma boyliklarini baholash va qayta tayyorlash bo’yicha Avstraliyaning qidiruv natijalari, mineral resurslar va ruda zahiralari to’g’risidagi hisobot kodeksi (JORC kodeksi)ga muvofiq ish olib borilib, ushbu jarayon muvaffaqiyatli yakunlandi. Samarali ishlarimiz natijasida “Qalmoqqir”  va “Yoshlik-1” konlaridagi xom-ashyo zahiramiz 35 foizga oshdi.

Hozirda Angren kon boshqarmasi, Chodak kon boshqarmasi hamda “Kovuldi” konlarida ham xalqaro standartlar asosida qizg’in ish davom etayapti. Ushbu izlanishlar va ishga yangicha yondashuvlar natijasida esa kombinatimizda yuqori sifat tarkibiga ega (0.35) xom-ashyo olishiga erishilmoqda.

Biz kombinat tarkibida geologiya xizmatini yanada rivojlantirish, yangi konlarni o’zlashtirish va mamlakatimiz tabiiy resurslaridan oqilona foydalanish yo’lidagi keng qamrovli islohotlarimizni yanada izchil va samarali davom ettiramiz.

Yana bir bir bor geologiya sohasida mehnat qilayotgan yurtdoshlarimiz qatorida OKMKning barcha geologlarini kasb bayramlari bilan samimiy muborakbod etaman. Ona zaminimiz qa’ridagi boyliklarni izlab topish va ularni ishlab chiqarishga yo’naltirishdek mas’uliyatli ishlaringizda ulkan zafarlar yor bo’lsin!

 Abdulla Xursanov,

Olmaliq kon-metallurgiya kombinati boshqaruvi raisi, senator

Click to listen highlighted text! Powered By GSpeech