A- A A+

Rahbaryatning chiqish va bayonotlari

Jasorat va matonatingiz oldida ta’zimdamiz!

on .

Qadrli Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va front orti mehnatkashlari! Hurmatli Olmaliq kon-metallurgiya kombinatining ishlab chiqarish faxriylari!

Avvalo barchangizni va albatta, yurtimiz tinchligi va ozodligi uchun Ikkinchi jahon urushida ishtirok etgan, urushdan keyingi mehnat frontida fidoyilik ko’rsatgan Siz muhtaram tabarruk nuroniylarimizni Xotira va qadrlash kuni hamda Ikkinchi jahon urushida qozonilgan g’alabaning 76 yilligi bilan Olmaliq kon-metallurgiya kombinatining ko’p ming sonli mehnatkashlari nomidan samimiy qutlayman. Sizning buyuk G’alabaga qo’shgan hissangiz, mashaqqatli mehnat frontida ko’rsatgan mardlik va jasoratingiz uchun yuksak ehtirom, chuqur minnatdorlik bildiraman. Sizning safingizda bo’lgan va bugungi yorug’ kunlarga yetib kelolmagan aziz insonlarning xotirasi, pok ruhlari oldida ta’zim qilamiz.

Shuningdek, el-yurt tinchligi yo’lida halok bo’lgan jasur harbiylarimizning nomlarini hurmat bilan esga olish va ularning oila a’zolari, farzandlariga e’tibor va g’amxo’rlik ko’rsatishni muqaddas burchimiz, deb bilamiz. Bu yurtimiz o’g’lonlari hech qachon unutilmaydi. Ularning nomlari har bir o’zbek o’g’il va qizlarining qalbida yashaydi.

Insoniyat tarixidagi eng dahshatli bu urushda ikki millionga yaqin O’zbekiston fuqarolari qatorida Olmaliqning mard o’g’lonlari ham yelkama-elka turib, qonli janglarda fashizm ustidan qozonilgan g’alabaga o’z hissalarini qo’shishgan.

Bugun shahrimizda 6 nafar ikkinchi jahon urushi qatnashchilari, 48 nafar mehnat faxriylari el-yurt ardog’ida istiqomat qilmoqdalar.

Ularning safimizda sog’-salomat, bardam bo’lib, barchamizga ma’naviy madad berib, ibrat bo’layotgani uchun aziz keksalarimizga hurmat bajo keltirish barchamizga katta mamnuniyat bag’ishlaydi.

Ular kabi piru badavlat insonlarning borligi uchun Yaratganga behisob shukronalar aytamiz.

So’nggi yillarda Ikkinchi jahon urushida mamlakatimizni bugungiday charog’on damlarga yetkazishga jonini tikkan, mustaqillik yillarida xizmat burchini bajarish chog’ida halok bo’lgan harbiy xizmatchilar va huquqni muhofaza qilish organlari xodimlarining xotirasini abadiylashtirish, barcha faxriylarga hurmat ko’rsatish maqsadida yurtimizda olijanob ishlar amalga oshirilmoqda. Ularning oila a’zolariga moddiy va ma’naviy yordamlar ko’rsatilmoqda. Yashash joylariga rahbar va xodimlarning tashrifi tashkil etilgan holda yolg’iz hamda kam ta’minlangan Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarining turar joyi va uy xo’jaliklarini ta’mirlash, obodonlashtirish bo’yicha tegishli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va nogironlariga O’zbekiston Respublikasi Prezidenti farmonlari bilan 12 million so’mdan ajratilgani mo’’tabar faxriylarimizga bo’lgan ehtiromning yana bir namunasidir.

Bu kabi ezgu ishlarda tashabbus ko’rsatish Olmaliq kon-metallurgiya kombinatining ham azaliy an’anasiga aylangan. Kombinatimiz shonli g’alabaga o’z hissasini qo’shgan, Vatanimiz mustaqilligi uchun jonini fido etgan va bugungi kunda biz bilan birgalikda shunday dorilomon kunlarda umrguzaronlik qilayotgan nuroniy hamshharlarimizga munosib hurmat-ehtirom ko’rsatilishi ta’minlanayapti. Ular uylariga tashrif buyurilib, oziq-ovqat jamlamalari va pul mukofotlari tuhfa etilayapti. Xonadonlarida obodlik amallari olib borilayapti.

Bayram arafasida kombinat tomonidan hamshaharlarimiz bo’lgan Ikkinchi jahon urushi qatnashchilariga 5 mln. so’mdan va urush orti mehnat fronti ishtirokchilariga 3,5 mln. so’mdan pul mukofotlari topshirildi. Shuningdek, 268 nafar Afg’on urushi va 16 nafar Chernobil AES falokatlarini bartaraf etishda ishtirok etganlarga 1,5 mln. so’mdan taqdim etildi. Yolg’iz va kam ta’minlangan kombinat mehnat faxriylari ham e’tibordan chetda qolmadi.

Shu jumladan, “Saxovat” va “Muruvvat” uylarida yashayotgan keksalar holidan xabar olinib, esdalik sovg’alari hadya qilinmoqda.

Keksa avlod vakillariga e’tibor va g’amxo’rlikni kuchaytirish, ayniqsa, hozirgi pandemiya sharoitida ularning ijtimoiy ta’minoti, tibbiy xizmatdan foydalanishi, maishiy sharoitlarini yaxshilash, hurmatli faxriylarimizni har tomonlama qo’llab- quvvatlash, e’zozlash va ardoqlash bundan buyon ham e’tiborimiz markazida bo’lib qoladi. Bu yo’lda esa nuroniylarimizning maslahatgo’y, tog’dek tayanch bo’lib, duolari ila madad berishi biz uchun katta baxt, katta davlatdir. Qolaversa, kombinatimiz erishayotgan, dunyo tan olayotgan marralarimiz, qo’lga kiritayotgan ulkan natijalarimizni davom ettirgan holda ularni muvaffaqiyatli ado etishimizda muhtaram faxriylarimizning jasorati, shonli an’analari, hech shubhasiz, biz uchun hamisha ibrat bo’lib xizmat qiladi.

Qadrli urush va mehnat faxriylari!

Bugungi tinch va ozod, erkin hayotimiz, musaffo osmonimiz uchun Sizlarga yana bir bor chuqur minnatdorchilik bildiraman.

Yaratgandan siz azizlarga sog’lik-salomatlik, doim farzandlar, nabiralar, chevaralar, el-yurtimizning mehri va ardog’ida bo’lishingizni tilab qolaman. Baxtimizga hamisha omon bo’ling!

Qutlug’ g’alaba bayrami barchamizga muborak bo’lsin!

Abdulla XURSANOV,

“Olmaliq KMK” AJ boshqaruv raisi, senator

Click to listen highlighted text! Powered By GSpeech