A- A A+

Rahbaryatning chiqish va bayonotlari

Qalamingiz doimo oʻtkir boʻlsin!

on .

Qadrli Ommaviy axborot vositalari xodimlari, hurmatli jurnalistlar!

Avvalambor, sizlarni, ommaviy axborot vositalari, nashriyot va matbaa sohasida xizmat qilayotgan insonlarni bugungi kasb bayramingiz bilan chin qalbimdan muborakbod etaman.

27 iyun - yurtimizda Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni sifatida keng nishonlanib kelinayotganiga bu yil roppa-rosa yigirma sakkiz yil toʻlmoqda. Bu shonli sanani alohida e’tirof etilib, keng tantana qilinishi nafaqat soha xizmatchilari, balki ularning ijod va mehnat mahsulidan bahramand boʻlayotgan millionlab mushtariylarga,  barcha-barchamizga katta mamnuniyat bagʻishlaydi.

Hech shubhasiz, Oʻzbekiston ommaviy axborot vositalari yurtimizda amalga oshirilayotgan mislsiz islohotlarning faol ishtirokchisiga, odamlarimizni, keng ommani yangicha fikrlashga, ma’naviy uygʻoqlikka, ongu tafakkurimizni oʻzgartirishga da’vat etadigan qudratli kuchga aylanmoqda. Matbuot va ommaviy axborot vositalarining hayotimizdagi oʻrni va ta’siri tobora ortib, “Toʻrtinchi hokimiyat” sifatidagi mavqei mustahkamlanib bormoqda.

Albatta, bu yuksak ishonch va e’tirof  zamirida avvalambor, butun bir ijodiy jamoa - jurnalistlar-u muharrirlar, noshirlar-u matbaa sohasi va zamonaviy axborot-kommunikatsiya tarmoqlarining ming-minglab zahmatkash ishchi-xizmatchilarining kundalik ogʻir va sermashaqqat, mas’uliyatli mehnati mujassamdir.

Mamlakatimiz yangi taraqqiyot bosqichiga koʻtarilayotgan, ochiqlik va oshkoralik, soʻz va fikr erkinligi hayotimiz mezoniga aylanib borayotgan hozirgi paytda ushbu kasbning mas’uliyati yanada kuchaymoqda. Qolaversa, bugungi huquqiy demokratik islohotlar natijasida aholining xolis va tezkor axborot olishga boʻlgan talab va ehtiyoji ortib borayotgani ham ayni haqiqatdir.   

Davlatimiz rahbari tomonidan mamlakatimizda ommaviy axborot vositalari faoliyatini yanada qoʻllab-quvvatlash, ularning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, soha xodimlarining ijtimoiy hayotdagi oʻrni va nufuzini oshirish, mashaqqatli mehnatini ragʻbatlantirish boʻyicha olib borilayotgan ishlar oʻz samarasini bermoqda.

Xususan, Olmaliq kon-metallurgiya kombinati tasarrufidagi matbuot nashrlari, ijtimoiy tarmoqlar va telekanal ham har tomonlama qoʻllab-quvvatlanib, ijodiy jamoaning zamonga mos faoliyat yuritishi, bugungi ijtimoiy-siyosiy hayotimizdagi islohotlarni, kombinat va shahar hayotini xolis va obektiv yoritishlari uchun yetarli sharoitlar yaratib berilmoqda.

Oʻtgan ikki yil davomida kombinat Axborot xizmatining www.agmk.uz veb-sayti “OKMK TV”korporativ telekanali, “Rangli metallar”, “За цветные металлы” gazetalari zamonaviy va professional axborot texnologiyalari bilan taʻminlanganligi buning yaqqol misolidir. Bu oʻz navbatida ish samaradorligi va sifatiga oʻzining ijobiy ta’sirini koʻrsatmoqda. OKMK veb-sayti, agmk.uz telegram kanali bugungi kunda yanada ommalashmoqda. Shuningdek, Toshkent viloyatida yagona “OKMK TV” korporativ telekanalining eng sara videolavhalarini YouTube videoxostingida koʻrish imkoniyati yaratildi. Qisqa vaqtlarda raqamli teleuzatishga oʻtgan “OKMK TV” telekanalining 18 soatlik koʻrsatuvlari oʻz muxlislarini topib ulgurgan.

Fursatdan foydalanib, milliy OAV rivoji yoʻlida oʻzini ayamasdan, fidokorona mehnat qilib kelayotgan barcha jurnalistlarimizni, muhtaram faxriylarimizni ushbu qutlugʻ sana bilan samimiy tabriklayman!

Zimmalaridagi mas’uliyatli, ammo sharafli vazifani vijdonan bajarishida kuch-quvvat, sihat-salomatlik va ijodiy barkamollik tilayman. Qalamingiz doimo oʻtkir boʻlsin!

 Abdulla Xursanov,

 Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati aʻzosi,

Olmaliq kon-metallurgiya kombinati boshqaruv raisi 

Click to listen highlighted text! Powered By GSpeech