A- A A+

Rahbaryatning chiqish va bayonotlari

Yashil energetikaga o’tish manbai

on .

Munosabat

Mendeleyev davriy jadvalidan 29-tartib raqami bilan joy olgan mis kimyoviy elementi tabiatda nisbatan kam tarqalgan. Shu bois, dunyoda kundan-kunga talab yuqorilab borayotgan bu mahsulot jahon miqyosida ulkan tijoriy ahamiyatga ega butun boshli industriya hisoblanadi. Xalqaro ekspertlarning fikricha, elektromobillar, elektrotexnika va qayta tiklanuvchi energiya sohalarining rivojlanishi evaziga 2030 yilga borib dunyoda misga bo’lgan talab 40 foizga oshishi kutilmoqda.

Oxirgi 5 yilda mamlakatimizda mis ishlab chiqarish hajmi qariyb 1,5 baravar oshib, 2020 yilda 148 ming tonnaga yetgan. Ammo undan yuqori qo’shilgan qiymatli mahsulotlar tayyorlash ishlari yetarli emas. Shu bois, Prezidentimiz raisligida joriy yil 28 iyun kuni mis ishlab chiqarishni yanada rivojlantirish hamda sanoat klasterini tashkil etish masalalari yuzasidan o’tkazilgan yig’ilishda kelgusi 5 yilda mis ishlab chiqarish hajmini 400 ming tonnagacha yetkazish orqali, bu ko’rsatkichni turdosh tarmoqlar bilan birga 7-8 milliard dollarga yetkazish lozimligi ta’kidlandi.

Bu boradagi vazifalarni amalga oshirishda 24 iyun kuni qabul qilingan “Kon-metallurgiya sanoati va unga bog’liq sohalarni rivojlantirish bo’yicha qo’shimcha chora-tadbirlar to’g’risida”gi Prezident qarori huquqiy asos bo’ladi. Mazkur hujjat tarixiy qaror bo’ldi, desak mubolag’a emas. U o’zida mis xomashyosi bazasini kengaytirishdan tortib, uni qayta ishlash va kadrlarni tayyorlash masalalarini qamrab oladi.

Ayni paytda mis ishlab chiqarish hajmini oshirish ishlari boshlangan. Olmaliq kon metallurgiya kombinatida 3-misni boyitish fabrikasi qurilishi hamda yillik qazib olish hajmi 60 million tonna atrofida bo’lgan yangi “Yoshlik I” konini o’zlashtirish ishlari olib borilmoqda. Bu yil 35 million kubdan ko’proq qazish ishlari amalga oshiriladi.

Bugun kombinat korxonalarida molibden, reniy, rux kuporosi, kadmiy, volfram, palladiy kabi nodir va qimmatbaho metallar ishlab chiqarilsa-da, uning asosiy mahsuloti mis hisoblanadi. Bundan bir necha yil avval korxonada 98 ming tonna mis ishlab chiqarilgan bo’lsa, ayni paytga kelib bu ko’rsatkich qo’shimcha 50 ming tonnaga ortdi.

Hozirgi vaqtda misning bozordagi narxi asosida dunyo iqtisodiyotining yo’nalishini mo’ljal qilish, prognoz tuzish, texnologiyalar rivojining u yoki bu tarafga o’zgarishini oldindan taxmin qilish mumkin bo’lib qoldi. Dunyo bozorida misga bo’lgan talab va mahsulot narxlarining oshib borishi kombinatning eksport salohiyati, bu orqali yurtimiz iqtisodiyoti o’sishiga ham sezilarli ta’sir ko’rsatmoqda. Jumladan, joriy yilning I choragida korxonada 132,9 million dollarlik mis eksport qilish belgilangan bo’lsa, qulay kon’yunktura tufayli bu ko’rsatkich 231 million dollardan oshishiga erishildi.

Misning asosiy qismi — 60-70 foizi qulay logistika tufayli Turkiya davlatiga yo’naltiriladi. Shuningdek, Xitoy, MDH mamlakatlari, Sharqiy Yevropa davlatlari ham kombinatning doimiy hamkorlaridan hisoblanadi. So’nggi yillarda yangi sotuv bozorlarini o’zlashtirish bo’yicha faol ishlar olib borilmoqda. Jumladan, Qatar, Avstraliya, Indoneziya, Polshaga mahsulot eksporti amalga oshirildi. Endilikda, Dubay va Janubiy Yevropa hududiga chiqish mo’ljallanmoqda. Ayni paytda misni London metall birjasida ro’yxatdan o’tkazishga hozirlik ko’rilmoqda.

Mis metali yashil energetikaga o’tishda ham eng qulay manba hisoblanadi. Yaqinda Parijda iqlim bo’yicha bo’lib o’tgan xalqaro sammitda jahonning rivojlangan davlatlari neft va ko’mirdan voz kechib, toza, qayta tiklanadigan energetikaga o’tishi jadallashib borayotgani ta’kidlandi. Bunda asosiy e’tibor mis ishlab chiqarilishiga ham qaratiladi.

Mis issiqlik va elektr quvvatini eng yaxshi o’tkazuvchi hisoblangani bois, oxirgi 5 yilda undan foydalangan holda, elektromobillar ishlab chiqarish hajmi keskin oshdi. Agar oddiy avtotransport vositasini tayyorlash uchun 8 kilogramdan 20 kilogramgacha mis ishlatilsa, elektromobilda bu ko’rsatkich 83 kilogramgacha yetadi, avtobuslarda 224-369 kg mis ishlatiladi. Bu o’zgarishlar keyingi yillarda misga bo’lgan ehtiyojning bir necha barobar ko’payishiga olib keladi. Yurtimiz iqtisodiyoti uchun bu ijobiy holat bo’lib, mis eksporti hajmining yanada ortishiga xizmat qiladi.

Ushbu jarayonlarda Prezidentimiz topshirig’iga asosan tashkil etiladigan mis sanoati klasteri lokomotiv vazifasini o’taydi. Yig’ilishda malakali mutaxassislarni jamlab, mis sanoati klasterini tashkil etish bo’yicha chet el tajribasini chuqur o’rganish, xalqaro kompaniyani jalb qilgan holda, geologiya va kon-metallurgiya sohasini rivojlantirishda strategik yo’nalishlarni belgilash bo’yicha topshiriqlar berildi. Klasterning har bir bo’g’ini uchun oliy ma’lumotli muxandis-texnolog hamda ishchi mutaxassislarni tayyorlash, shu maqsadda, yetakchi xorijiy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikni yo’lga qo’yish ishlari olib boriladi. Mazkur topshiriqlar bo’yicha ishlab chiqilgan “Yo’l xaritasi” ijrosini ta’minlaymiz.

Abdulla XURSANOV,

“Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” AJ boshqaruvi raisi

Click to listen highlighted text! Powered By GSpeech