Rahbaryatning chiqish va bayonotlari

Ulug’vor maqsadlar bilan yashayotgan istiqbolli shahar

on .

Qadrli hamshaharlar!

Davlatimiz Mustaqilligining shonli 30 yilligini nishonlashga qizg’in tayyorgarlik ko’rilayotgan shunday faraxbaxsh kunlarda shahrimizda qo’shaloq bayram shukuhi kezmoqda.

Jonajon O’zbekistonimiz tarixi va taraqqiyotida, xalqimiz hayoti va taqdirida muhim ahamiyatga ega, ko’hna va navqiron Olmaliq shahrining tashkil topganining 70 yilligini nishonlayapmiz. Avvalo barchangizni bu qutlug’ sana bilan chin qalbimdan muborakbod etaman.  

Ma’lumki, Olmaliq shahri nafaqat Toshkent viloyatida, Respublikada o’ziga xos o’rin va yuqori mavqega ega rivojlangan sanoat shahridir. “Konchilar”, “Metallurglar”, “Kimyogarlar” shahri nomlari bilan mashhur Olmaliqning fuqarosi bo’lish, shu zaminda yashash, mehnat qilish, albatta barchamizga cheksiz g’urur bag’ishlaydi.

Ta’kidlash joizki, shahar tarixi va taqdiri bevosita Olmaliq kon-metallurgiya kombinati bilan chambarchas bog’liq. Bir-birining negizida tashkil topgan Olmaliq shahri va kombinatga shu zamin bag’ridagi noyob ma’danlaru mehnatkash insonlar taqdiridagi mushtaraklik ulug’vorlik baxsh etadi.  

Bugun Olmaliq shahri aholisining fidokorona mehnatlari tufayli hududda samarali faoliyat ko’rsatayotgan metallurgiya, kimyo, yengil sanoat tarmoqlari, kichik biznes va tadbirkorlik sub’ektlari hamda ijtimoiy soha ob’ektlari respublikamizning umumiy taraqqiyot sur’atlarini oshirishda katta hissa bo’lib qo’shilmoqda. 

Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoyevning 2017 yilda Olmaliqqa tashrifi  shahrimiz va kombinatimiz uchun taraqqiyotning yangi bosqichini belgilab berdi. Shaharda ko’p qavatli uylar qurilib, yangi mahalla tashkil etildi, ijtimoiy soha ob’ektlari, bog’ va dam olish maskanlari barpo etilib, aholiga maishiy xizmat ko’rsatish sifati yanada yaxshilandi. Quvonarlisi, bunyodkorlik, hududlarni obodonlashtirish ishlari kundan-kunga yanada keng ko’lamda davom ettirilyapti.   

Xabaringiz bor, kombinat faoliyatini yanada rivojlantirish va ishlab chiqarish samaradorligini oshirish maqsadida davlatimiz rahbari tashabbusi bilan yangi ochilgan konga yoshlarimiz asosiy kuch bo’lishini nazarda tutib “Yoshlik I” deb nom berilgandi.

Bugun jadallik bilan yangi o’zlashtirilayotgan “Yoshlik I” konida va qurilish ishlari qizg’in sur’atlarda davom etayotgan 3-Mis boyitish fabrikasi hududida yoshlarimiz shijoat bilan mehnat qilishmoqda.

Ulkan bunyodkorlik maydoniga aylangan shahrimizda va kombinatda yangi ob’ektlarning barpo etilishi, korxona va fabrikalarning ishga tushirilishi shubhasiz Olmaliq shahri tarixida tub yangilanishlar davri bo’lmoqda.  

Ma’lumki, muhtaram Prezidentimiz rahnamoligida mamlakatimizda kechayotgan shiddatli islohotlar Olmaliq kon-metallurgiya kombinati va  uning ko’p ming sonli jamoasi uchun ham yangi ufqlarni ochib berdi.

Biz Olmaliq shahri aholisi, kombinatning fidoyi mehnat jamoasi mana shu yangilanishlar va islohotlarning faol ishtirokchisi ekanimizdan faxrlanamiz.

Kombinat  nafaqat shahrimiz obodligi va sanoatimiz rivoji yo’lida, balki ijtimoiy-madaniy, ma’naviy-ma’rifiy sohalarga ham e’tibor qaratishda davom etadi.  Zero, yangi O’zbekistonni birdamlikda, birgalikda barpo etamiz.

Shubhasiz, 70 yillik to’yini nishonlayotgan  qo’hna va navqiron Olmaliq ulug’vor maqsadlar sari dadil odim tashlayveradi .

Yana bir bor barchangizni qutlug’ sana bilan samimiy qutlayman. Xonadonlaringizga tinchlik, xotirjamlik, ishlaringizga rivoj tilayman!

Abdulla Xursanov,

“Olmaliq KMK” AJ boshqaruv raisi,

Oliy Majlis senati a’zosi

Click to listen highlighted text! Powered By GSpeech