A- A A+

Xabardormisiz?

“Xalqaro tijorat arbitraji toʻgʻrisida”gi Qonun ma’qullandi

on . Posted in Xabardormisiz

Oliy Majlis Senatining yettinchi yalpi majlisida “Xalqaro tijorat arbitraji toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni muhokama qilindi.

Hozirgi zamonda iqtisodiyotning globallashuvi tez chuqurlashayotgan, xoʻjaliklararo aloqalar rivojlanayotgan hamda xalqaro darajalarda qonunchilik birxillashtirilayotgan sharoitlarda milliy va xalqaro darajalarda bozor munosabatlarining asosiy omillaridan biri hisoblangan xalqaro arbitraj tijorat nizolarini hal etishning muqobil va sud mahkamasidan tashqari shakli sifatida tobora katta ahamiyat kasb etmoqda.

Muhokamada aks etganidek, Oʻzbekistonda xalqaro tijorat arbitraj sudlarining faoliyatini tashkil etish va tugatish tartibini huquqiy tartibga solish, xalqaro tijorat arbitraj sudi faoliyatining asosiy printsiplarini belgilash, shuningdek, xorijiy investorlar, milliy kompaniyalarni chet ellik hamkorlar bilan oʻzaro munosabatlarida ularning huquq va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilishni ta’minlash zaruriyati tugʻildi.

Mazkur Qonunning qabul qilinishidan koʻzlanayotgan asosiy maqsad – nizolarni koʻrishda xoʻjalik yurituvchi sub’ektlarning sarf xarajatlarini qisqartirish, arbitraj hal qiluv qarorlarini tan olish va ijro etish mexanizmlarini belgilash hamda shu asosda xalqaro shartnomalarning nizoli masalalarini hal qilishda mamlakatning mintaqadagi obro’sini oshirish kabi masalalar ekanligi ta’kidlandi.

Xulosa qilib aytganda, ushbu Qonunning hayotga tatbiq etilishi Oʻzbekiston nizolarni muqobil hal qilish usuli hisoblangan fuqarolik jamiyatining muhim instituti sifatida arbitraj muhokamasi institutini rivojlantirishga, tashqi iqtisodiy faoliyat sohasidagi tadbirkorlarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish uchun zaruriy huquqiy shart-sharoitlar yaratishga, tashqi iqtisodiy shartnomalardan kelib chiqadigan nizolarni koʻrishda muddatlar va xarajatlarni qisqartirishni ta’minlashga imkon yaratiladi.

Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi va e’lon qilingan kundan olti oydan keyin kuchga kirishini inobatga olib, mutasaddi idoralarga uni keng targʻib qilish va toʻliq ishlab ketishi uchun zarur mexanizmlarni ishlab chiqib, joriy qilish topshirildi.

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining

Axborot xizmati

Click to listen highlighted text! Powered By GSpeech