A- A A+

Xabardormisiz?

Senator yoshlar bilan uchrashdi

on . Posted in Xabardormisiz

Xabaringiz bor, hududimizdagi "Yoshlar daftari" va "Ayollar daftari"da roʻyxatda turuvchi 18 yoshdan 30 yoshgacha boʻlgan, ma’lumoti yoʻq va ishsiz fuqarolar uchun bir qator mutaxassisliklar boʻyicha Toshkent viloyati aholi bandligiga koʻmaklashish boshqarmasi tashabbusi bilan qisqa muddatli oʻquv kurslari tashkil etilgan edi. 

Mazkur oʻquv-amaliy mashgʻulotlarni tashkil etishda OKMK ham amaliy yordam koʻrsatdi. Ushbu oʻquv kurslaridagi nazariy mashgʻulotlarni tamomlab, sinovdan muvaffaqiyatli oʻtganlar kombinat tarkibiy boʻlinmalarida amaliyot oʻtashdi.

Bundan tashqari, ushbu oʻquv kurslarini tamomlagan yoshlarga hududimizdagi sanoat va qurilish korxona-tashkilotlaridagi boʻsh ish oʻrinlari taklif etildi.

Kuni kecha MTTU MISiS Olmaliq filiali faollar zalida OKMK boshqaruvi raisi, senator Abdulla Xursanov qisqa muddatli oʻquv kurslarini tamomlagan 200dan ziyod yoshlar bilan uchrashdi.

Uchrashuv davomida senator tomonidan yoshlar doimo diqqat markazda ekanligini ta’kidlanib, kombinat tarkibida barpo etilayotgan 3-Mis boyitish fabrikasining qurilishiga jalb etilgan pudratchi qurilish tashkilotiga ham qisqa muddatli kurslarni tamomlaganlar qabul qilinayotgani maʻlum qilindi.

Samimiy ruhda davom etgan ochiq muloqotda yoshlar tomonidan bir qator takliflar bildirildi. Masalan, qurilish sohasi boʻyicha mutaxassislikka ega boʻlgan bir guruh yoshlar senatordan kombinatda maʻlum bir obektning qurilishini topshirishni soʻrashdi. Bu taklif atroflicha oʻrganilib, albatta yoshlarga imkoniyat berilishi bildirildi.

Xalq deputatlari Olmaliq shahar Kengashi deputati Ergash Abduraimov olib borgan uchrashuv davomida oʻquv kurslarini muvaffaqiyatli tamomlagan bir guruh yoshlar oʻz dil soʻzlarini, minnatdorchiliklarini bildirishdi. 

Goʻzal Abdugʻanieva: - Qisqa oʻquv kursida nasos mashinisti boʻyicha mutaxassislikka ega boʻldim. Oz fursatdan olgan bilim va koʻnikmalarim evaziga kombinatga ishga qabul qilindim. Oʻquv kurslari davomida ustozlarimiz bizga chin dildan dars oʻtishdi. Sanoat suv taʻminoti sexida oʻtkazgan amaliyotda ham kasbimizni zoʻr darajada oʻzlashtirishga imkoniyat yaratib berishdi. 

Bugungi kunda biz yoshlarga shunday imkoniyatlarni yaratib berayotgan va eʻtibor qaratayotgan davlatimiz rahbaridan cheksiz minnatdorman. 

Ozoda Hakimova: Men pedagogik kollejini tamomlab, maktabda ishlar edim. Oliy ma’lumotim boʻlmaganligi uchun, maktabda qisqartirish boʻlib, ishdan boʻshatishdi. Koʻp joyda ishladim. Hatto dalalarda kunlik ishlarda ham ishlagan vaqtlarim ham boʻldi. Qisqa kurslar tashkil etilganini eshitib, bandlikka koʻmaklashish markaziga borib, roʻyxatdan oʻtdim. Oʻquv kursini muvaffaqiyatli tamomlab, koʻprikli kran mashinisti mutaxassisligi boʻyicha kombinatga ishga qabul qilindim. Amaliyot davomida ham mutaxassisligimiz boʻyicha barcha kerakli boʻlgan bilimlarni berishdi. Oʻquv kurslari tugaganidan keyin imtihonlar ham haqqoniy, shaffof boʻldi. Fursatdan foydalanib, bizga shunday imkoniyat yaratib beryotgan, isteʻdodimizni namoyon etishda barcha sharoitlarni muhayyo etayotgan Hukumatimizga oʻz minnatdorchiligimni bildirib qolaman. 

Tadbir davomida yoshlar oʻzlarini qiziqtirgan savollarga batafsil javob olishdi.

OKMK Axborot xizmati

Click to listen highlighted text! Powered By GSpeech