Xotira va qadr

Ustoz shifokorga ehtirom

on .

“Olmaliq KMK” AJ sanatoriy-profilaktoriysi diagnostika va davolashning eng ilg’or usullari qo’llanib kelinadigan respublikamizdagi zamonaviy davolash va sog’lomlashtirish muassasalaridan biri hisoblanadi. Yuqori malakali shifokorlar, mutaxassislar va boy tajribaga ega bo’lgan tibbiyot xodimlari shaksiz mazkur maskanning shon-sharaf va e’tirofga sazovor bo’lishining bosh omillari hisoblanishadi.

Tajribali shifokor-fizioterapevt Ulyana Lidiyanovna Kim sanatoriy-profilaktoriyning fidoyi mutaxassislaridan biri sifatida nafaqat jamoa, balki kombinat mehnatkashlarining yuksak bahosini qozongan deyish mumkin. 1984 yildan beri ushbu sihatgohda samarali mehnat qilib kelayotgan Ulyana Lidiyanovna kuni kecha o’z qadrdon jamoasining olqish va ehtiromi ostida faxriylikka kuzatildi.

O’zining 72 yoshida ham hamon tetik va serg’ayrat bu shifokorning shogirdlari o’z ustozlariga samimiy minnatdorchiliklarini bildirishdi. Halol mehnat, kasbga muhabbat, el salomatligiga kamarbasta, oqil farzandlar va shogirdlar tayyorlashdek mashaqqatli mas’uliyatni sharaf bilan bajarishda ibrat namunasi bo’lib kelgan Ulyana Kim hamkasblari va shogirdlariga o’z tilaklarini tilab, uzoq yillik hammaslaklik uchun tashakkurini aytdi.

Ustoz shifokorni faxriylikka kuzatish tadbirida OKMK bosh shifokori Abdujabbor To’xtaboev hamda sanatoriy-profilaktoriy bosh shifokori Marina Suxenkolar U.Kimga kombinat rahbariyatining Tashakkurnomasi va esdalik sovg’alarini topshirib, Ulyana Lidiyanovna tomonidan yaratilgan tajriba maktabi uzoq yillar halqimizga xizmat qilishiga ishonch bildirib o’tdi.

Go’zal G’OZIBEKOVA,

OKMK sanatoriy-profilaktoriy fizioterapiya hamshirasi

Click to listen highlighted text! Powered By GSpeech