A- A A+

Yangiliklar

"Sinchalak" yoxud yuzimdan yoyilib ketdi ajin yo'llari...

on .

Orzulari osmon qiz

Bolalikning g’uborsiz osmonlarida uning orzulari ertakdagi sehrli tayoqcha misoli, go’yo shu tayoqcha bir silkinsa, hammasi muhayyo bo’lardi. Bu ota-ona quchog’idagi baxti bekam bolalikning gulg’uncha davronlari edi...

Maktab bag’ri uni yillar o’tgani sayin ulg’aytirib bordi. Nargiza maktab partasiga boshini qo’ygancha olam-olam orzular ummoniga g’arq bo’lar, goh uchuvchi, goh shifokor, goh diplomat, gohida aktrisa...

Xullas, adog’i yo’q orzu - niyatlar bilan doim birinchi bo’lishga intilar, sinfdoshlaridan chaqqonligi, a’lochiligi, tirishqoqligi bilan ajralib turardi. Maktabdagi tadbirlarda boshlovchi, raqs va sahna ko’rinishlarida alohida iqtidor sohibasi edi. Jamoat ishlarida eng faol o’quvchi, fan olimpiadalari g’olibi. Shu bois ham unga Olmaliqdagi 18-umumta’lim maktabini a’lo baholarga bitirganlik attestati topshirildi...

Toshkent shahridagi Bank kollejiga o’qishga kirib, kollejning eng faol o’quvchisi bo’lgan Nargiza Ataqulova kollej faxriga aylandi. Kollej tadbirlarini olib borish, sahna ko’rinishlarida bosh rollarni maromiga yetkazib ijro etish, fan olimpiadalari va tanlovlarda qatnashish, g’olib bo’lish, jamoat ishlarida faollik - bular Nargizaga xos xususiyatga aylanib ulgurgan edi.

U kollejni imtiyozli diplom bilan tamomlagach, hujjatlarini hech ikkilanmay O’zbekiston Milliy universitetining kimyo fakultetiga topshiradi. Talabalikning oltin davri unga bir olam quvonch hadya etadi. U universitetning eng iqtidorli talabalaridan biri edi. Yevroosiyo olimlar ittifoqi tomonidan kimyo fanidan o’takazilgan “Zamonaviy ilmiy-tadqiqot konsepsiyasi” mavzuidagi tanlovda ilmiy tezislari bilan faol ishtirok etib, sertifikat egasi bo’ldi. Moskvada chop etiladigan “Evroosiyo olimlar ittifoqi” jurnalida uning “Suvda eruvchi ikki komponentli ingibitorlarning korroziyaga qarshi xususiyatlari” mavzuidagi ilmiy maqolasi chop etildi. Universitet ilmiy kengashining faol a’zosi bo’lgan tinib- tinchimas bu qiz dorilfununni qizil diplom bilan tamomladi. So’ng hujjatlarini magistraturaga topshirdi va uni aynan kimyo yo’nalishi bo’yicha muvaffaqiyatli tugatdi.

Ruhingni baland tut

2014 yil Olmaliq kon-metallurgiya kombinatining Mis eritish zavodiga apparatchi mutaxassislarni ishga qabul qilish sinovlaridan o’ta olmagan Nargiza, hayot hamisha ona bo’lib boshini silayvermasligini anglab yetdi. Allaqaerdadir o’qigani, eshitgani “Eng achchiq daqiqalarda ham ruhingni baland tutishga harakat qil”, degan so’zlarni o’ziga shior qilib oldi. Olmaliq kon-metallurgiya kombinatidek mamlakatning nufuzli, gigant korxonasiga ishga joylashish uchun yanada ko’p o’qidi, tayyorlandi. O’sha yilning oxirida Rux zavodiga bo’lgan ishga qabul sinovlaridan yuqori ball bilan o’tib, Sulfat kislotasi sexida gazlarni tozalash apparatchisi bo’lib ish boshladi.

Ishga juda jiddiy yondoshadigan, berilgan vazifalarni doim sifatli bajarib kelayotgan, xushmuomalasi, bilimi va mehnat sevarligi bilan nafaqat jamoadoshlari, balki rahbariyat e’tiboriga tushgan bu yosh mutaxassisga katta ishonch bildiriladi. 2016 yilda u ichki buyruq bilan kimyo laboratoriyasi boshlig’i vazifasini bajaruvchi etib tayinlandi. Bu ishonchni qanday oqlay olaman, eplay olarmikinman, degan hadik bilan ishga kirishgan Nargizaning bilimi, salohiyati yetarli bo’lsa-da, hali yoshiga to’lmagan qizalog’ini o’ylar, unga qaynonasi parvona bo’lishiga qaramay, ona ko’ngli bolada edi. Ammo u hamasini uddaladi, ishonchni oqladi. Shu bois 2017 yilda kimyo laboratoriyasining boshlig’i etib tasdiqlandi. Darhaqiqat, inson o’z kuchiga ishongan joydagina nimagadir erisha oladi...

Tun-u kun uzluksiz ishlaydigan kimyo laboratoriyasi zavodda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarning sifat darajasini belgilaydi. Laboratoriya jamoasi zavodning asosiy mahsuloti rux elektroliti tayyor bo’lgunga qadar olib boriladigan texnologik zanjirning har bir bosqichida, ya’ni Sulfat kislotasi, Tanlab eritish, Kadmiy va Elektroliz sexlaridan to’xtovsiz ravishda, har soatda olib kelinadigan namunalarning tezkor tahlillarini amalga oshiradi. Bu jarayonlar kimyoviy kartaga ko’ra, tasdiqlangan texnologik yo’riqnoma asosida olib boriladi. Ishning eng murakkab jihati elektrolizlarga ketadigan eritmalar yuqori aniqlikda tahlil etilishidir. Ozgina xatolik ham eritmalarni zararlab qo’yishi mumkin. Bu esa butun boshli ishlab chiqarish jarayoniga juda katta salbiy ta’sir ko’rsatadi. Shu bois ham Nargiza va uning 30ga yaqin hamkasblari doim sergak, mas’ul.

Yangi Oʻzbekistonning yangilanayotgan Rux zavodi

Olmaliq kon-metallurgiya kombinatining bir qator ishlab chiqarish korxonalarida texnik va texnologik yangilanish, modernizatsiya, rekonstruksiya hamda barqarorlashtirish bo’yicha jiddiy sa’y-harakatlar amalga oshirilmoqda. Xususan, Rux zavodi mustaqillikning 30 yilligi arafasida yangidan bunyod bo’lib, zamonaviylik kasb etib borayapti. Birgina kimyo laboratoriyasining o’ziga keyingi ikki yilda eng ilg’or tahlil va o’lchov uskuna-jihozlari o’rnatildi.

- 2014 yilda zavodda ish boshlaganimda, keyinchalik kimyo laboratoriyasi ikkinchi uyimga aylanganida ham, oradan 4-5 yil o’tib dunyodagi eng ilg’or tahlil jihozlarida ishlash hatto xayolimga ham kelmagan edi, - deydi Rux zavodi kimyo laboratoriyasi boshlig’i Nargiza Ataqulova.

U bizni sexlarga o’rnatilgan zamonaviy kimyo jihozlari, priborlari bilan tanishtiradi.

2019 yilning dekabrida Tanlab eritish tsexiga ICP-ARCOS - induktiv qo’zg’aluvchan plazmali atom-emission spektrometr o’rnatildi. Germaniyada ishlab chiqarilgan bu uskuna bir vaqtning o’zida elektrolitlar tarkibida 10dan 30tagacha bo’lgan elementni tahlil qilish imkonini beruvchi yuqori aniqlikdagi analizatordir. 2021 yil aprelida Kadmiy sexiga ham xuddi shu uskunadan olib kelindi.

Germaniyada ishlab chiqarilgan “XEPOS” rentgen-flortsent tahlil analizatori 2019 yilda Kadmiy sexiga keltirildi. Shuningdek, KFK, fotoelektrokolorometr, psixrometr, vlagomer, mufelь qutilari, ionomer, zamonaviy tahlil tarozilari va analitik priborlar yangilandi. Bu kabi yangilanishlar, o’zgarishlarga nafaqat Rux zavodida, boshqa ishlab chiqarish korxonalarida ham guvoh bo’lish mumkin.

- Men zavodimizdagi bu o’zgarishlarni kuzata turib, yangi O’zbekistonning yangilanayotgan Rux zavodi, degim keladi, - deydi Nargiza Ataqulova.

 Yosh olima

Mamlakatimizda yoshlarga qaratilayotgan e’tiborni har bir jabhada kuzatasiz. Aynan ishlab chiqarishda, xususan og’ir sanoatda ishlayotgan yoshlar mamlakat iqtisodiyoti yuksalishiga yelka tutmoqda. Yosh rahbar Nargiza Ataqulova bu boradagi o’z qarashlarini shunday izohlaydi.

- Joriy yilning 19 mart kuni Nurafshon shahrida bo’lib o’tgan navbatdan tashqari sessiyada mamlakatimiz Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ham ishtirok etdi. Kombinatdagi yosh rahbarlardan biri sifatida sessiyaga meni ham taklif etishgandi. O’shanda ming bir hayajon bilan so’zga chiqarkanman, mening har bir so’zim, harakatim ortida jonajon kombinatimning sha’ni, nufuzi turganini his etdim. Yurtboshimiz kombinatda olib borilayotgan ishlar xususida so’radi. Men javob berdim. Suhbat davomida shuni his etdim - ilmga qaytishim kerak! Prezidentimiz biz yoshlarga umid bilan qarayapti, ishonayapti. Prezidentimiz o’z ma’ruzalarining birida “Aziz farzandlarim! Xalqimiz, Vatanimiz sizlardan buyuk ishlar kutayotganini hech qachon yodingizdan chiqarmang! Yurtning yuksak ishonchi va umidini to’la oqlash, unga munosib bo’lish dunyodagi eng ulug’ baxtdir. Shunday sharaf barchangizga nasib etsin”, degan so’larini hamisha qalbim tubida asrayman. Oz bo’lsa-da Prezidentimiz ishonchini oqlash, qatra bo’lsa-da kombinat va yurt sanoati rivojiga hissa qo’shish maqsadida men 2021 yilning may oyida O’zMUning doktoranturasiga hujjatlarimni topshirdim. Kuni-kecha doktoranturaga qabul qilinganim haqidagi xushxabarni oldim.

“Rux elektrolitlariga halaqit beruvchi yondosh ionlardan tozalash uslublarini takomillashtirish” mavzuidagi ilmiy ishni boshlash arafasidaman. Ilmiy ishim muvaffaqiyat bilan amalga oshsa, biz jahon bozoriga munosib mahsulot, eng oliy navli ruxni sotish imkoniga ega bo’lamiz.

Bu ishlarni amalga oshirishimda eng avvalo zavod rahbariyatiga, jamoamga suyanaman. Shu o’rinda, meni rag’batlantirib, doim men kabi kombinat yoshlariga dalda berib, ularning o’zlariga bo’lgan ishonchini oshirib, g’amxo’rlik qilib kelayotgan OKMK boshqaruv raisi, senatorimiz Abdulla Xursanovga o’z minnatdorligimni bildirmoqchiman.

Kaʼba

Jussalari kichkinagina, o’zi nozik, ammo qat’iyatli bu qizning ulkan qalbidek katta oilasi bor. U har kuni ishdan qaytganida farzandlari quvonch bilan kutib olishadi. Bolalarini bag’riga bosgan onaning bor g’uborlari ko’tariladi, shu lahzadan ishdagi charchoqlar unutiladi. Unga qo’shqanot bo’lgan katta qaynonasi Shahodat xoji ona va qaynonasi Ulfatoy ayalar nevaralarini suyib katta qilishmoqda. Nargiza kelin bo’lib tushgan xonadonida baxt topaoldi. Qayinyurtning sevimli keliniga aylandi. Turmush o’rtog’i, Avtomobil transporti boshqarmasi haydovchisi Oybek uni hamisha tushunadi, qo’llaydi. Bir-birlariga ishonib, sadoqat bilan yashab kelayotgan bu yoshlar ikki qiz, ikki o’g’ilning ota-onalari. Nargiza mehnatdan sira-sira qochmaydi.

- Umridan baraka topsin. Bolaginam ishdan charchab keldim demaydi. Buvijon, deb ko’nlimga qaraydi, yaxshi ko’rgan ovqatlarimni pishirib beradi. Ota-onasiga rahmat! - deydi Shahodat xoji ona.

Xoji onaning fikrini kelini, Nargizaning qaynonasi Ulfatoy aya ham qo’llaydi.

- O’qigan kelin olishni niyat qilardim. Kelinim o’qigan, tushungan qiz. Bizni bir etak nevaralar bilan baxtli qildi. Kelin bo’lib tushgan kunidan boshlab xonadonimizga singib ketdi. Qizlarimni ham, kichik o’g’limni ham o’z jigariday ko’radi, yutuqlaridan quvonadi, ulardan qo’lidan kelgan yordamini ayamaydi. Aslida uning ota-onasi, qudalarim yaxshi insonlar. Kelinimga bergan tarbiyasi uchun ularga rahmat.

Umr yo’ldoshining gaplarini ma’qullagan Umarali Jumanov, “Nargiza qizim xonadonimizga fayz olib kirgan...” deya uni alqadi.

Nargiza qaynona-qaynotasining nevaralari, ya’ni to’rt farzandiga bo’lgan mehr-u muhabbati sabab ishda xotirjamligini, ular bois shu darajaga yetganini ta’kidlaydi.

Yuzimdan yoyilib ketdi ajin yoʻllari, baxtga erishib...

- Yoshlar va talabalar forumini teleekran orqali tomosha qilarkanmiz, qizim minbarga ko’tarilayotganida, Prezidentimiz uning qo’llarini mahkam siqib, otalarcha mehr bilan ko’ksiga davlat mukofotini taqib qo’yayotganida men shu qadar hayajonlandim-ki, ta’riflay olmayman. To’g’risi, faxrlandim... Yig’ladim. Yig’lab turib, bir rus shoirining “Yuzimdan yoyilib ketdi ajin yo’llari, baxtga erishib, osmonda Xudoni ko’rganday bo’ldim”, degan satrlari quloqlarim ostida takrorlanaverdi. Ona uchun farzandi yutug’ini, saodatini ko’rishdan ortiq baxt yo’q ekan. Haqiqatan ham yuzlarimdagi ajinlar yoyilib ketgandek bo’ldi, bolamning baxtidan Xudoni ko’rganday bo’ldim. Yoshlarni qo’llayotgan Prezidentimizga ming rahmat! Keyingi yillarda yurtimizda amalga oshirilayotgan ishlarni ko’ring, qanchadan qancha odamlar, yoshlar uysiz edi, uyli bo’ldi, ishsiz edi, ishli bo’layapti. Prezidentimizning boshi omon bo’lsin, uzoq yillar xalqimizga, yoshlarga bosh bo’lsin.

Bu Nargizaning onasi, pedagog Jamila Mingboyevaning samimiy dil so’zlari edi.

Qay oʻgʻildan kamdir, ayting, qizingiz...

Abdug’ani Ataqulov, UJTUFB bosh hisobchisi, Nargizaning dadasi:

- Qizim nimagaki erishgan bo’lsa, men eng avvalo uning ustozlariga minnatdorlik bildiraman. Uni qo’llagan kombinat va zavod rahbariyatiga katta rahmat. Barcha yoshlarga imkoniyat eshiklarini ochib, g’amxo’rlik qilayotgan Prezidentimiz sog’-salomat bo’lsinlar. Pedagogikada shunday bir gap bor “Bola bu ko’za yoki qop emaski, ichini to’ldiradigan. U sham, uni yoqish kerak!” Mamlakatimiz Prezidentining o’zi bugun yoshlarni oldinga boshlab, ularga mash’ala bo’layapti.

Yoshlar forumida mamlakat rahbari Shavkat Mirziyoyev Nargiza Ataqulovaning qo’llarini mahkam qisib, senga ishonaman qizim, deganida u hayajon bilan “Hozir ota-onam meni televizorda ko’rib turgandir, mening yutug’imdan xursand bo’lib, yig’lashayotgandir ham. Oilada ikkita qizmiz. Men va singlim. Dadamning o’g’li yo’q”, deganida, yurtboshimiz “Dadangga mendan salom ayt, uning o’g’li sensan. Qaysi o’g’ildan kamsan!” deya otalarcha mehr bilan uni kuzatganini aytib berdi.

Duodagi xosiyat

Nargizaning onasi Jamila Mingboeva suhbat davomida o’zining qaynona-qaynotasidan duo olib yashaganini aytib, “Balki ana shu duolar sabab bugun farzandim mana shunday yutuqlarni qo’lga kiritayotgandir”, deydi. Albatta shunday. Shu bois ham, 26 yoshida katta bir laboratoriyani boshqarishni zimmasiga olgan, o’zi sinchalakdek, ammo katta yurakli Nargizaning o’zi ham qaynona-qaynotasining duosini olib yashayotgani uchun ham taqdir unga bir-biridan shirin farzandlar, shu bilan birga mamlakat Prezidentining e’tirofini nasib etdi. Buni duodagi xosiyat, deydilar.

Ayol baxti

Suhbat davomida Nargizadan, baxt, ayol baxti siz uchun nima, deb so’raganimda, u “Men uchun ayol baxti oilam, farzandlarim hamda sevimli ishim” deb javob berdi.

Kelajak bunyodkori

Kuni-kecha, ya’ni 30 iyun kuni poytaxtda O’zbekiston yoshlari va talabalari forumi bo’lib o’tdi. Forumda vatanparvarlik, fidoyilik va mehnatsevarlik fazilatlarini namoyon etib, xalq manfaatlari uchun sadoqat bilan xizmat qilayotgan, Vatanimizning xalqaro maydondagi obro’-e’tiborini yuksaltirishga va shon- shuhratini oshirishga munosib hissa qo’shayotgan, mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy hayotida faolligi va tashabbuskorligi bilan tengdoshlariga o’rnak bo’layotgan respublikamizning bir guruh munosib yoshlari davlat mukofoti “Kelajak bunyodkori” medali bilan taqdirlandi. Ana shular safida Olmaliq kon-metallurgiya kombinati Rux zavodi kimyo laboratoriyasi boshlig’i Nargiza Ataqulova ham bor.

P.S.: ...O’zbekiston bu onadek aziz hilqat. Farzandi kamolidan yuzidagi ajinlari yoyilib ketadigan Onajon-o’lka. Shu ona-Vatan g’uborlarini aritmoq uchun ham uni onadek ardoqlamok, xizmatida turmoq va sevmoq joiz. Bugungi yoshlarning shiddati, qat’iyati, salohiyati va zakovatini kuzata turib, ular shu xokisor elning, shu chamanistonning gardlarini yuvib, dardlarini arita olishga qodirligini his etasan.

Oysara DADAYEVA,

jurnalist

Click to listen highlighted text! Powered By GSpeech