A- A A+

Yangiliklar

Loyiha quvvatlaridan eksportgacha

on .

Bugungi kunga kelib dunyoning 160 ga yaqin mamlakatida ishlab chiqarishi keng yo’lga qo’yilgan sement mahsulotiga bo’lgan talab suvdan keyingi o’rinda turishini ekspertlar ma’lum qilishdi. Shu ma’noda keyingi 20 yil ichida bu mahsulotga bo’lgan talab 1,5-2 baravarga o’sganligi fikrimiz dalilidir. Mahsulot eksporti bo’yicha Xitoy, Tailand, Yaponiya, Kanada, Germaniya, Gretsiya, Hindiston, Malayziya kabi davlatlar yetakchilik qilmoqda.

Mamlakatimiz iqtisodiyotiga kiritilayotgan investitsiyalar va qurilish sanoatining jadal rivojlanishi natijasida respublikamizda ham 15 ga yaqin tsement ishlab chiqaruvchi korxonalar faoliyat yuritib kelmoqda. Mazkur ob’yektlar sementga bo’lgan ichki ehtiyojni qondirish bilan birga uning eksport hajmini oshirib bormoqda. Sement ishlab chiqarish sanoatining rivojlanishi mamlakatimiz iqtisodiyotida muhim ahamiyat kasb etilishi bilan bir qatorda boshqa sanoat sohalari ravnaqiga ham o’z ta’sirini ko’rsatadi.

Davlatimiz rahbarining 2016 yil 10 oktyabridagi Qarori asosida bunyod etilishi boshlangan Sherobod sement zavodi mustaqilligimizning 27 yilligi arafasida foydalanishga topshirilgan edi. O’tgan qisqa vaqt ichida kombinatning mazkur korxonasi o’z loyiha quvvatlariga chiqib olgani e’tirofga molikdir. Sherobod sement zavodi sig’imi 800 tonnani tashkil qiladigan maydalash korpusi, xom ashyolarni taqsimlash bunkeri, vertikal maydalash tegirmoni, klinkerni sovutish binosi, ko’p siklonli isitish tizimi, olovbardosh materiallar ombori, aylanuvchi pech, tayyor mahsulotlar ombori kabi texnologik qurilmalar va inshootlarni o’z ichiga olgan. Har qanday korxonaning xom-ashyo ta’minoti muhim omillardan hisoblanadi. Korxonamiz faoliyati uchun zarur bo’ladigan ohaktosh “Beshbuloq” karyeridan qazib olinishi ko’zda tutilgan. Ishlab chiqarish ehtiyojlari uchun oyiga o’rtacha 167 ming tonnadan ziyod ohaktosh qazib olinishi yo’lga qo’yilgan. Yil boshidan beri konchilarimiz tomonidan 821 ming tonnadan ziyod ohaktosh qazib olinishiga muvaffaq bo’lindi. Tuproqsimon komponent, gips ta’minoti borasida ham ishlar tizimli yo’lga qo’yilib, shu kunga qadar xom ashyolar zahirasi yaratilishiga erishildi.

Mahsulotlarni iste’molchilarga yetkazib berish tizimi samaradorligini oshirish maqsadida yaqinda korxonaning o’zida yopiq temiryo’l stansiyasi qurilib foydalanishga topshirildi. Bu vagonlar bo’sh turib qolishi ortidan qo’llaniladigan jarimalarning oldini olishga ham xizmat qilmoqda. Eng asosiysi, vagonlar logistikasi Boldir stantsiyasi orqali olib borilishi yo’lga qo’yildi. Yuqorida keltirib o’tilgan xom-ashyo manbalari hisobotini aniq yuritish maqsadida BelAZ ko’p tonnali transport vositalari uchun tarozixona ham qurilib foydalanishga topshirildi. Yuqori ishlab chiqarish reja ko’rsatkichlariga erishishda o’z hisalarini qo’shib kelayotgan chang kameralari tozalovchisi Xolmamat Nurmamatov, olovbardosh g’ishlar teruvchisi Komil Ishnazarov, mexanika ta’mir sexi tokari To’ra Xo’jayevlar bugun jamoamiz faxriga aylanishgan. Ishlab chiqarish tizimining yakuniy bosqichi hisoblangan qadoqlash bo’limi operatori Javohir Ro’ziboev va avtomobillarga yuklarni yuklab beruvchi Ma’ruf Normurodov kabi yoshlarimizni umidli, serg’ayrat xodimlar sifatida ko’rsatib o’tish mumkin. Respublikamiz janubiy viloyatlarining sement mahsulotiga bo’lgan talabini qondirish bilan bir qatorda qo’shni davlatlarga mahsulot eksporti hajmini oshirib borayotgan Sherobod sement zavodi investitsion istiqbollardan dalolat beruvchi korxona sifatida mavqeini tobora mustahkamlab bormoqda.

Sobitjon MIRZAYEV,

Sherobod Sement zavodi Reja bo’limi boshlig’i

Click to listen highlighted text! Powered By GSpeech