Yangiliklar

Yangi temir yo’l 31 mlrd. so’m mablag’ni tejash imkonini beradi

on .

Mamlakatimiz Prezidenti va Hukumatining katta e’tibori va qo’llab-quvvatlashlari natijasida so’nggi yillarda “Olmaliq KMK” AJ miqyosida yirik investitsiya loyihalari, ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish va modernizatsiyalash loyihalari amalga oshirilmoqda.

Xususan, “Yoshlik 1 konini o’zlashtirish” investitsiya loyihasi doirasida joriy yilning mart oyida kombinat ishchi kuchlari bilan “Mis boyitish fabrikasi – Sharxiya karyeri, Issiqlik energiyasi markazi – Mis boyitish fabrikasi chiqit saqlash bo’linmasi yo’nalishlarida temir yo’llar qurish” loyihasining 2-bosqichi bo’yicha qurilish ishlari boshlangan edi. Ushbu loyihaning maqsadi – chiqit saqlash bo’linmalarini mustahkamlash uchun qum-shag’allarni temir yo’l transportida tashishni yo’lga qo’yish va bunda tashish hajmining oshirilishi hamda harajatlarni kamaytirishga erishish. Chunki, o’tgan davr mobaynida bu ish yirik tonnali avtosamosvallarda bajarilar va bu katta mablag’ni talab etardi.

2020 yilda mazkur loyihaning 1-bosqichi bo’yicha (45-piketgacha) 3,6 km temir yo’llar qurilib, ishga tushirilgan va qum-shag’allar temir yo’l transportida tashila boshlangan edi. Natijada, bugungi kunga kelib 327 857 m kub qum-shag’al tashildi va 6,95 mlrd. so’m harajat tejab qolindi.

Hozirgi kunda koronavirus pandemiyasi bilan bog’liq murakkab vaziyatga qaramasdan kombinatning Sanoat temir yo’l transporti boshqarmasi, “Olmaliqmetallurgqurilish” tresti va Texnologik transport boshqarmasi ishchi-xodimlarining samarali va fidokorona mehnati natijasida ushbu ob’yektning 2-bosqichi bo’yicha qurilish – montaj ishlari belgilangan ish jadvaliga muvofiq o’z vaqtida muvaffaqiyatli yakunlandi. Xususan, 5,58 km uzunlikdagi temir yo’llar va qum-shag’allarni qabul qilish bunkeri qurildi, jami 12,7 mlrd. sum mablag’ o’zlashtirildi.

Ushbu yangi ob’yektning ishga tushirilishi natijasida qum-shag’allar o’nlab “BelAZ” avtosamosvallarda emas, balki to’liq hajmda temir yo’l transportida tashiladi. Bu esa yiliga taxminan 31,0 mlrd. so’m mablag’ tejalishini ta’minlaydi hamda tashish tannarxini kamaytirish imkonini beradi.

Bugun mazkur ob’yektning tantanali ochilish marosimi bo’lib o’tdi.

Tadbirda ishtirok etgan OKMK boshqaruvi raisi Abdulla Xursanov kombinatda bu kabi loyihalar bardavomlik kasb etishini, ushbu temir yo’l ham kombinatda yuqori ishlab chiqarish samaradorligini ta’minlashini ta’kidlab o’tdi.

Ob’yektni qurish ishlarida ishtirok etgan bir guruh bunyodkorlar esdalik sovg’alari bilan taqdirlandi.

Axborot xizmati

Click to listen highlighted text! Powered By GSpeech