Yoshlarga oid yangiliklar

Forum  –  yoshlar uchun kuchli motivatsiya

on .

Joriy yilning 26-27 iyun kunlari “Moviy tog’lar” dam olish maskanida OKMK Yoshlar ittifoqi tomonidan “Yangi O’zbekiston yoshlari birlashaylik” shiori ostida forum tashkil etildi.

Yoshlar oyligi doirasida tashkil etilgan forumning birinchi kunida ochiq osmon ostida yoshlar uchun “Kombinatda amalga oshirilayotgan investitsiyaviy loyihalar” mavzusida seminar trening tashkil etildi. Unda OKMK bosh muhandisining o’rinbosari Abduqahhor Saynazarov hozirgi kunda investitsiyaviy loyihalarning amalga oshirilishi, ushbu loyihalarning amalga oshishi natijasida nimalarga erishilishi haqida batafsil ma’lumot berib o’tdi.  Kombinat taraqqiyotida albatta, ilmli, yetuk yoshlar muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi.

Yoshlarga har tomonlama motivatsiya beruvchi forumning birinchi kunida “VectorPRO” teleloyihasining 5-soni ham o’tkazildi. Unda taniqli rejissyor, prodyusser, ssenariyst Abror Baxtiyarovich hamda mnemonika ya’ni eslab qolish bo’yicha jahon chempionati qatanshchisi, eng ko’p son eslab qolish bo’yicha Rossiya rekordchisi Davronbek Turdiyevlar ishtirok etishdi. Kombinat yoshlari yetakchilariga spikerlar o’zlarining qimmatli tavsiyalarini berishdi. Har bir inson o’z oldiga ulug’ maqsad qo’yish lozimligini, maqsadiga yetish uchun mashaqqat chekishi, izlanishi har qanday qiyinchiliklardan cho’chimasligini ta’kidlashdi. 

“Biznes yo’nalishi” va “Xotirani charxlash” mavzusida tashkil etilgan seminar-treningda Davron Turdiyev o’z chiqishida yoshlarimizga qiziqarli bo’lgan ma’lumotlarni bera oldi. Qanday qilib xotirani charxlash va uni rivojlantirish to’g’risida kerak masalahatlarini  ulashdi. Abror Baxtiyarovich o’zining rahbarlik faoliyati va aslida rahbar qanday bo’lishi, biznesni qanday rivojlantirish kerakligi to’g’risidagi qator maslahatlarini berib o’tdi.

Forumning ikkinchi kunida yetakchilar uchun O’zbekiston Xalqaro Islom akademiyasi mutaxassisi Mo’minjon Hojiyev ishtirokida  seminar trening tashkil etildi.

Forum doirasida kombinat xodimlari kasaba uyushmasi Kengashi bosh psixologi Viloyat Davletova tomonidan ham psixologik trening o’tkazildi.

Forumning har ikki kunida yoshlar dam olish hududi bo’ylab sayr qilishdi hamda mustaqil vaqtda sportning turli xil turlari bilan shug’ullanishdi. Ushbu forumning kechki vaqtida tashkil etilgan “Musiqiy bazm” qiziqarli va kayfiyat ulashuvchi dasturlaridan biri bo’ldi, desak mubolag’a bo’lmaydi.

Forum ishtirokchilarining fikr-mulohazalari va tassurotlari bilan qiziqdik.

Shahzod Urolboyev – Qalmoqqir kon boshqarmasi yoshlar ittifoqi raisi: Davlatimiz rahbarining biz yoshlar uchun keng imkoniyat eshiklarini ochib berayotgani, har birimizni yanada o’z ustimizda ishlashimiz, izlanishimiz kerakligini anglatadi. Berilayotgan imkoniyatlardan oqilona foydalanishni burchimiz deb bilishimiz lozim. OKMK Yoshlar ittifoqi tomonidan tashkil etilgan forum biz har tomonlama foydali bo’ldi. Taniqli spikerlar tomonidan tashkil etilgan seminar-treninglarda ko’plab ma’lumotlarga ega bo’ldim.

Bobur Sobirjonov – Mis boyitish fabrikasi yoshlar ittifoqi raisi: OKMK Yoshlar ittifoqi tomonidan tashkil etilgan ushbu tadbir juda ham ko’tarinki ruhda kechdi. Kombinatning faol yoshlari o’zaro birlashib fikr almashishdi. Forum doirasida Abduqahhor Saynazarov, Abror Baxtiyarovich, Davron Turdiyev, Viloyat Davletovalar ishtirokida tashkil etilgan seminar treninglarda qatnashib, o’zimiz uchun yangi motivatsiyalarga ega bo’ldik. Rahbariyat tomonidan yoshlarga berilgan bunday e’tibor va yaratilgan sharoitlar uchun biz yoshlar yanada shijoat bilan mehnat qilishda, kombinat ravnaqi yo’lida bor salohiyatimizni ishga solishda davom etamiz.

Murodjon Karimov – Mis eritish zavodi Yoshlar ittifoqi raisi: OKMK rahbariyati tomonidan kombinat yoshlariga juda keng imkoniyat eshiklari ochilgan. Yoshlarimiz har bir sohada o’z fikrini erkin bildirishi va yangiliklarga intiluvchan bo’lib tarbiyalanmoqda. Buning yorqin isbotini rahbariyatimiz tomonidan 26-27 iyun kunlari 100 nafardan ziyod yoshlarning bilimi va malakasini oshirish maqsadida tashkil etilgan Yoshlar forumi misolida ko’rishimiz mumkin.

Forum haqida fikrimni bildiradigan bo’lsam, barchasi juda yuqori darajada tashkillashtirildi. Seminar treninglar, kun tartibi va albatta tengdoshlarimiz bilan muhokamalar, tajriba almashishlar hammasi a’lo darajada bo’ldi.

Kombinat rahbariyati tomonidan yoshlarga berilayotgan e’tibor albatta o’z samarasini beradi. Bu ishonch biz yoshlarni ulkan marralar sari ruhlantiradi.

Forumda yoshlar bir olam tassurot va bilimlarga ega bo’lishdi.

OKMK Axborot xizmati

Click to listen highlighted text! Powered By GSpeech