Yoshlarga oid yangiliklar

Kombinatda har bir yosh qo’llab-quvvatlanadi

on .

Yoshlar kuni munosabati bilan MTTU MISiS Olmaliq filialida OKMK boshqaruvi raisi, senator Abdulla Xursanov hamda kombinat yoshlari o’rtasida uchrashuv bo’lib o’tdi.

-  Siz azizlarni Yoshlar kuni bilan muborakbod etaman, - deydi tadbir avvalida so’z olgan Abdulla Xursanov .- Bugungi kunda yurtimizda yoshlar uchun barcha sharoitlar yaratilgan bo’lib, bundan sizlar unumli foydalanib, o’qib, ilm olishlaringiz va izlanishlaringiz lozim. Kuni kecha Prezidentimizning farmonlari bilan Rux zavodi kimyoviy ishlab chiqarish laboratoriyasi guruh rahbari Nargiza Otaqulovaning “Kelajak bunyodkori” medali bilan mukofotlangani ham  barchamizni g’ururlantirdi.

-  Shuningdek,  Prezidentimiz boshchiligida 28 iyun kuni mis ishlab chiqarishni yanada rivojlantirish hamda sanoat klasterini tashkil etish masalalariga bag’ishlangan yig’ilish bo’lib o’tdi. Yig’ilishda malakali mutaxassislarni jamlab, mis sanoati klasterini tashkil etish bo’yicha chet el tajribasini chuqur o’rganish, xorijiy kompaniyalar bilan hamkorlik o’rnatish, geologiya va kon-metallurgiya sohasini rivojlantirish kabi muhim vazifalar belgilab berildi. Endilikda mis sanoati klasterining har bir bo’g’ini uchun oliy ma’lumotli muhandis-texnolog hamda ishchi mutaxassislarni tayyorlash, shu maqsadda, yetakchi xorijiy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikni yo’lga qo’yish ishlari olib boriladi. Mis sanoati klasterining tashkil etilishi shubhasiz, Siz yoshlar uchun yangi-yangi imkoniyatlar eshigini ochadi. Ushbu ustuvor va istiqbolli vazifalarni amalga oshirishda bizga albatta, chuqur bilimga ega, izlanuvchan, tashabbuskor yoshlar kerak. Men ishonamanki, orangizda biz izlayotgan, yangi g’oya va ilmlari bilan jamiyat rivojiga hissa qo’shishga tayyor yoshlar juda ko’p. Biz sizlarni qo’llab-quvvatlashga doim tayyormiz.    

Tadbirda kombinat yoshlari o’zlarining bir qator takliflarini bildirib o’tishdi. Jumladan, Mis boyitish fabrikasi yoshlar ittifoqi raisi Bobur Sobirjonov tomonidan rekonstruksiya va loyihalash ishlarida yoshlar uchun alohida shtat tashkil etilishini, bu ishlarda yoshlarning faolligi ta’minlash, Elektr tarmoqlari boshqarmasi sinash va sozlash ishlari bo’yicha muhandisi Oxunjon Usmonqulov tomonidan kombinat miqyosida muqobil elektr va  qayta tiklanuvchi elektr manbalaridan foydalanish kabi takliflari berildi.

Shuningdek, Avtomobil transport boshqarmasi Sanoat xavfsizligi va mehnat muhofazasi yetakchi muhandisi Doniyorxon Rasulov tomonidan kombinat avtokorxonalaridagi haydovchilarning malakasini oshirishda kombinatning o’zida o’quv kurslarini tashkil etish taklifi bildirildi.

Bundan tashqari, bir guruh yoshlar tomonidan ham texnopark, yoshlar bog’ini tashkil etish, ovqatlanish talonlarini elektron tarzda berilishini yo’lga qo’yish, noqulay sharoitlarda ishlayotgan xotin-qizlar uchun chuqurlashtirilgan tibbiy ko’riklarni o’tkazish kabi taklif va mulohazalar bildirib o’tildi.  

Tadbirda har bir taklif o’rinli ekanligi, ushbu takliflarni hayotga tatbiq etish muhimligi ta’kidlandi.

Uchrashuvda Yoshlar siyosatini ijrosini ta’minlashda faol bo’lgan rahbar xodimlar va yetakchi yoshlar turli xil nomintsiyalar bo’yicha kombinatning “Yoshlar fidokori” esdalik ko’krak nishoni bilan taqdirlanishdi.

Shuningdek, Yoshlar oyligi doirasida “Yangi O’zbekiston yoshlari birlashaylik” shiori ostida o’tkazilgan shaxmat bo’yicha musobaqa g’olibi  MTMZ ishchisi Umid Orzuqulov, mini futbol turnirining eng chiroyli goli muallifi MEZ ishchisi Mirzabek Soliyev, “Eng yaxshi yosh rahbar” tanlovi g’oliblari Doniyorxon Rasulov, Gulshaxnoz Mo’minova va Munisa Yusupovalar qimmatbaho sovg’alar bilan taqdirlanishdi.

Shuningdek, Yoshlar oyligi doirasida tashkillaashtirilgan “Zakovat” intellektual o’yinining g’olib jamoalari ham rag’batlantirildi.

Samimiy ruhda bo’lib o’tgan ochiq muloqot tarzidagi uchrashuvda kombinat rahbariyati tomonidan har doim yoshlar qo’llab-quvvatlanishi ta’kidlandi.

Axborot xizmati

Click to listen highlighted text! Powered By GSpeech