• Ishonch telefoni

    (+998 70) 619-23-33
Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

Men mehnatsevar jamoamdan faxrlanaman!

13 May 2022, 15:32 2053

Hurmatli Olmaliq kon-metallurgiya kombinati mehnatkashlari!

Qadrli ishlab chiqarish faxriylari!

Hammamizga yaxshi ma'lum, may oyining uchinchi yakshanbasida biz o‘z kasb bayramimiz - konchilik va metallurgiya sanoati xodimlari kunini nishonlaymiz.

2020-2021 yillar davomida butun dunyoni qamrab olgan koronavirus pandemiyasi ko‘pgina davlatlar iqtisodiyotiga jiddiy zarar yetkazdi. Hattoki, xorij davlatlaridagi bir qator yirik sanoat korxonalari o‘z faoliyatini to‘xtatishga, ba'zilari ish o‘rinlarini qisqartirishga majbur bo‘lishdi. Mana shunday murakkab vaziyatda ham Olmaliq kon-metallurgiya kombinati faoliyatini barqaror davom ettirgan holda ish o‘rinlarini saqlab qolib, ishchi-xodimlar ijtimoiy muhofazasida ham muvaffaqiyatlarga erishganini e'tirof etish joiz.

Mamnuniyat bilan shuni aytmoqchimanki, biz bugun kasb bayramimizni barcha ishlab chiqarish vazifalarini uddalagan holda qarshi olayapmiz. Xususan, tovar mahsulotlari ishlab chiqarish bashorat ko‘rsatkichlari o‘tgan to‘rt oy davomida 121,8 foizni tashkil qildi. Mis, polimetall, oltin tarkibli rudalarni qazib olish, uni qayta ishlash, katodli mis, sulfat kislotasi, mis quvurlari, molibden va boshqa ko‘plab ko‘rsatkichlar yil boshidan beri ortig‘i bilan bajarildi.

Shu bilan birga investisiyaviy loyihalarimiz ham jadal sur'atlarda davom ettirilmoqda. “Yoshlik I” konini ochish ishlari olib borilayapti. 3-Mis boyitish fabrikasining bo‘lajak korpuslari bugun birin-ketin qad rostlamoqda.

Bu loyihalarimizning ahamiyati juda katta. Jahon bozorida mis va rangli metallarga bo‘lgan talab bugun nihoyatda yuqori. 2030-yilga borib bu talab 40 foizga ortishi kutilayapti. Demakki, kombinat tomonidan ishlab chiqarilayotgan misni endi chuqurroq qayta ishlash va yuqori qo‘shilgan qiymatdagi mahsulotlar ishlab chiqarishga o‘tishimiz zarur bo‘ladi. Chunki, bugungi kunda misdan olinadigan daromad 2,5 mlrd. dollarni tashkil etayotgan bo‘lsa, mis ishlab chiqarish yiliga 400 ming tonnaga ortishi bilan yaqin besh yilda bu ko‘rsatkich 7-8 mlrd. AQSh dollariga yetishi mumkin.

Bu yo‘nalishda biz bir qator dasturlar ishlab chiqdik. Xususan, Nodir metallar va qattiq qotishmalar ishlab chiqarish bo‘yicha Ilmiy ishlab chiqarish birlashmasi bazasida 2022- 2026 yillarga mo‘ljallangan mis va nodir metallar asosida yuqori qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarish zanjirini kengaytirish dasturi ishlab chiqilgan. Loyihalarning umumiy bahosi 65 mln. dollarni tashkil etadi. Muhimi, qo‘shimcha ravishda 460 ta ish o‘rinlari ochiladi.

Ishlab chiqarishni mahalliylashtirish dasturi ham eng muhim yo‘nalishlardan biri bo‘lib qoladi. Joriy yil yakuniga qadar 130 mlrd. so‘mlik yangi loyihalar o‘zlashtiriladi. Mazkur yo‘nalishda topshiriq 340,0 mlrd. so‘m yoki 163%ga bajarilishi ko‘zda tutilmoqda. Shu bilan birga import o‘rnini bosish samaradorligi 31,2 mln. dollarni tashkil qiladi.

Shu o‘rinda kombinat ijtimoiy dasturlarga ham katta e'tibor qaratib kelayotganini ta'kidlab o‘tmoqchiman. Urush faxriylari, mehnat fronti qatnashchilari, yolg‘iz va ko‘makka muhtoj keksalar, homiylikka olingan ijtimoiy muassasalarga, kombinat mehnat faxriylariga moddiy va ma'naviy yordam berib kelinmoqda. Shuningdek kon-metallurgiya sanoati Olmaliq faxriylar Kengashi faoliyati ham qo‘llab-quvvatlab borilayapti. Ishchi-xodimlar mehnat va maishiy sharoitlarini yaxshilash OKMK rahbariyatining doimgidek diqqat markazida, ishchilar oshxonalari, ish taqsimoti xonalari, maishiy xonalar nazoratimiz ostida.

Kasb bayrami arafasida “Bahor” mehmonxonasining qo‘shimcha yangi binosi, Mis eritish zavodida yangi ta'mirdan chiqarilgan ishchilar oshxonasi, Metallurgiya sexida konverter toshqollarini maydalash uchastkasi, Angren shahrida yangi chiqindi xo‘jaligi foydalanishga topshirildi. Ohangaron rayonida ikkita maktabgacha ta'lim tashkilotlari ham foydalanishga topshirilmoqda, kombinat mehnatkashlari uchun ko‘p qavatli uylarni qurish davom ettirilayapti, yozgi dam olish mavsumiga qadar “Moviy tog‘lar” dam olish zonasining rekonstruksiya ishlarini yakunlash rejalashtirilgan, Tibbiy-sanitar qismni kapital ta'mirlashga kirishiladi va tug‘ruq kompleksini kapital ta'miri uchun hujjatlar tayyorlanmoqda. Olmaliq va bo‘linmalarimiz joylashgan boshqa aholi punktlarini obodonlashtirish borasida bir qator ishlar olib borilmoqda.

Oldimizda nihoyatda katta ishlar turibdi. Har bir yo‘nalish yetarlicha moliyaviy mablag‘ talab qiladi. Shunga qaramay, ishchi-xodimlarning farovon turmushini oshirish bilan shug‘ullanishda davom etamiz: bir martalik to‘lovlar, bayramlarga mukofot pullari, sabzavotlar berilishi va boshqalar shular jumlasidandir. Jamoa shartnomasida nazarda tutilgan moddiy yordam to‘lovlari va davolanish uchun to‘lovlar qisqartirilmay berib borilmoqda. Kasb bayrami arafasida barcha kombinat ishchi-xodimlariga bir martalik bir oklad miqdorida mukofot puli berilishi haqida buyruq imzolandi.

Qadrli kombinatimizning zahmatkash ishchi-xodimlari! Sizlarni kasb bayramingiz bilan yana bir bor muborakbod etar ekanman, barchangizga mustahkam sog‘lik, oilangizga tinchlik- omonlik, Vatanimiz va kombinatimiz ravnaqi yo‘lidagi ishlaringizda ulkan muvaffaqiyatlar tilayman!

Abdulla XURSANOV,

“Olmaliq KMK” AJ boshqaruvi raisi, senator

Bo`lishmoq:
Text to speech