• Ishonch telefoni

    (+998 70) 619-23-33
Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

Sizlar bizga qoʻshqanotsiz, aziz yoshlar!

30 Iyun 2022, 14:49 1285

Oʻzbekiston Respublikasining 2017 yil 25 avgustdagi Oʻzbekiston Respublikasi yoshlari kunini belgilash toʻgʻrisida”gi Qonuni bilan 30 iyun - Oʻzbekiston Respublikasi yoshlari kuni etib belgilangan edi.

Ushbu sana yurtimizda, jumladan, Olmaliq shahrida va kombinatda har yili katta tantanalar bilan nishonlanadi.

 2022 yil 1 yanvarga yurtimizda 14-30 yoshdagi yoshlar 9 million 685 ming 564 nafarni tashkil etmoqda. Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida ham 14 mingga yaqin yoshlar mehnat qilib kelishmoqda.

Mamlakatimizda yoshlar masalasi davlat siyosatining eng ustuvor yoʻnalishlaridan biri hisoblanadi.

Yosh avlodni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, ularni jamiyatda munosib oʻrin egallashiga qaratilgan bir qator qonunlar, Prezident farmonlari, hukumat qarorlari qabul qilindi.

Oliy Majlis palatalari huzurida Yoshlar parlamentlari tuzildi. Yoshlar ishlari agentligi va Yoshlar masalalari boʻyicha idoralararo Kengash tashkil etildi.

Xususan, kombinat misolida aytadigan boʻlsak, kombinatda ham yoshlar siyosatiga alohida ehtibor berib kelinmoqda. Yoshlarning mehnat qilishi, kasbiy bilim va malakalarini oshirib borishi, ilm-fan bilan shugʻullanishi uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Jumladan, Olmaliq kon-metallurgiya kombinati hisobidan 148 nafar yoshlar Moskva poʻlat va qotishmalar institutida 15 xil yoʻnalishlarda oʻqitilib, hozirgi kunda ushbu mutaxassislar kombinatning ishlab chiqarish jarayonlarida muhim boʻlgan yoʻnalishlar boʻyicha muhandis-texnik hodim va rahbarlik lavozimlarida faoliyat yuritib kelmoqda.

Bundan tashqari, 5 nafar yoshlarimiz turli xil davlat mukofotlari bilan taqdirlangan boʻlib, 10 dan ortiq iqtidorli yoshlarimiz turli yoʻnalishlarda doktorlik dissertatsiyalarini yoqlab, ayni damda muhim yoʻnalishlarda ilmiy izlanishlar olib bormoqda. Misol tariqasida, Amir Abidov, Nargiza Ataqulova, Orifjon Usmonqulov, Zulfizar Mirzanova hamda “Zulfiya” mukofoti sovrindori Zulxumor Boboeva kabi kombinatning faol va tashabbuskor yoshlarining olib borayotgan ilmiy izlanishlari va sportda erishayotgan yutuqlarini alohida ehtirof etishni lozim deb hisoblayman.

Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev 2021 yilda Olmaliq shahriga tashrifi davomida Olmaliq kon-metallurgiya kombinatining investitsiya loyihalari bilan tanishdi. Tashrif davomida davlatimiz rahbari kombinat oldiga bir qator muhim vazifalarni qoʻydi. Birinchi galda “Yoshlik I” konini oʻzlashtirishni jadallashtirish va 3-Mis boyitish fabrikasining qurilish ishlarini 2023 yil yakuniga qadar ishga tushirish boʻyicha tavsiyalar berdi. Shuningdek, 3-Mis boyitish fabrikasini qurish bilan parallel ravishda 4-Mis boyitish fabrikasini ham loyihalashtirish muhimligi tahkidlandi.

Mis klasteri tashkil etish masalalariga ham alohida ehtibor qaratishimizni va shu boradagi ishlarni jadallashtirib, elektr texnikasi, energetika, avtomobil sanoati uchun talab yuqori boʻlgan mahsulotlar ishlab chiqarish boʻyicha koʻrsatmalar berdi. Kelgusi ikki yilda kombinatda zamonaviy boshqaruv tizimini joriy etib, dunyoning yetakchi metallurgiya kompaniyalaridan biriga aylantirish asosiy vazifa boʻlishi kerakligi aytib oʻtildi.

Ushbu vazifalarni amalga oshirishda albatta  aziz yoshlarimiz muhim rol oʻynaydi. Bu ishlarni Siz - yoshlar bilan birga amalga oshiramiz. Men kombinat rahbari sifatida Siz kabi yoshlarning bilim va tajribangizga ishonaman va suyanaman. Ushbu megaloyihalarni oshirishda siz yoshlar bizga qoʻshqanot boʻlasiz.

Kombinatimizda faoliyat koʻrsatayotgan Yoshlar ittifoqi yetakchilar Kengashi kundan-kunga kengayib, hozirda 14 mingga yaqin yoshlarni oʻz atrofida birlashtirgan katta kuchga aylandi. Ishonchim komil, yosh mutaxassislarning ratsionalizatorlik takliflari, yangidan-yangi gʻoyalari kombinatning kelgusi hayotida ulkan marralarni zabt etishi yoʻlida xizmat qilishiga ishonaman.

Bugun bir necha tillarda muloqot qiladigan, oʻz fikr-mulohazalarini dadil ilgari sura oladigan, eng ilgʻor texnikalarni ogʻishmay boshqarib kelayotgan, kombinatni oʻzining taqdiri va hayoti deb bilgan yoshlarni haqli ravishda kombinatimizning munosib vorislari deb ayta olamiz.

Fursatdan foydalanib, Yoshlar kuni bilan siz azizlarni tabriklab, barchangizga sihat-salomatlik, baxt-saodat va yangi zafarlar tilayman. Bayramingiz muborak boʻlsin, aziz yoshlar!

Abdulla Xursanov,

“Olmaliq KMK” AJ boshqaruv raisi,  senator

Bo`lishmoq:
Text to speech