• Call-markaz

    (+998 78) 141-90-99
  • Ishonch telefoni

    (+998 70) 619-23-33
Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

Jamoatchilik kengashi NIZOMI

 “Olmaliq  KMK” AJ  huzuridagi Jamoatchilik   kengashi   toʻgʻrisidagi 

NIZOM

 1- bob.  Umumiy qoidalar

Mazkur Nizom “Olmaliq KMK” aksiyadorlik jamiyati (keyingi oʻrinlarda – Kombinat) huzuridagi Jamoatchilik kengashining (keyingi oʻrinlarda - Jamoatchilik kengashi) asosiy vazifalari, funksiyalari, vakolatlarini va faoliyatini tashkil etish tartibini belgilaydi.

Jamoatchilik kengashi oʻz ishini jamoatchilik asosida olib boradigan, doimiy faoliyat yurituvchi maslahat-kengash organi hisoblanadi.

Jamoatchilik kengashi Kombinatning markaziy apparatida tashkil etiladi
va uning faoliyati kombinatning barcha tarkibiy boʻlinmalari, shu  jumladan ishlab  chiqarish  korxonalariga  nisbatan  ham  tatbiq etiladi.

Jamoatchilik kengashi Kombinat Boshqaruv raisining buyrugʻi bilan tashkil etiladi.

Jamoatchilik kengashining qarorlari tavsiyaviy xususiyatga ega.

Jamoatchilik kengashi oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi
va qonunlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga, Kombinat Boshqaruv raisining buyruqlari hamda mazkur Nizomga amal qiladi.

Kengash aʻzolarning Jamoatchilik kengashining maqsad yoki asosiy vazifalari doirasidan chetga chiqib, Jamoatchilik kengashi tomonidan Kombinat bilan oldindan kelishilmagan holda bildirgan fikr-mulohazalari hamda sodir etgan xatti-harakatlari Jamoatchilik kengashining nuqtai-nazarini anglatmaydi.

Jamoatchilik kengashi toʻgʻrisidagi Nizom va unga kiritiladigan oʻzgartish
hamda  qoʻshimchalar   Kombinat   Boshqaruv   raisining   buyrugʻi   bilan   tasdiqlanadi.

 2-bob.  Jamoatchilik   kengashining   maqsadi,   asosiy   vazifalari, funksiyalari,   huquqlari   va    majburiyatlari

Quyidagilar Jamoatchilik kengashining asosiy vazifalari hisoblanadi:

qabul qilinayotgan normativ-huquqiy hujjatlarda, qarorlarda, shuningdek, davlat, tarmoq va hududiy rivojlantirish dasturlarida jamoatchilik manfaatlari va jamoatchilik fikri hisobga olinishi, fuqarolarning, yuridik shaxslarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini, jamiyat manfaatlarini himoya qilish sohasida qonun hujjatlari talablari ijrosini ta’minlash, Kombinat zimmasiga yuklangan hamda ijtimoiy va jamoatchilik manfaatlariga daxl qiluvchi vazifalar va funksiyalarni bajarish, davlat xizmatlarini koʻrsatish, ijtimoiy sheriklik doirasida amalga oshiriladigan bitimlar, shartnomalar, loyihalar va dasturlarni roʻyobga chiqarish boʻyicha Kombinat va uning mansabdor shaxslarining faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirish;

birgalikda muloqot qilish, Kombinatning nodavlat notijorat tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari bilan samarali hamkorligini ta’minlash uchun Kombinatni fuqarolar bilan bogʻlab turadigan “koʻprik” rolini bajarish;

Kombinatga nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining
boshqa institutlaridan kelib tushgan sotsial va ijtimoiy ahamiyatga molik loyihalar, takliflar va murojaatlarni umumlashtirish va baholash;

fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga daxl qiluvchi
eng muhim masalalar yuzasidan Kombinatning faoliyati haqidagi jamoatchilik fikrini tizimli monitoring qilish va har tomonlama tahlil qilish, sotsiologik soʻrovlar oʻtkazish, jumladan ularni axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda oʻtkazish;

Kombinat faoliyatida korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi davlat dasturlari
va boshqa dasturlarni ishlab chiqish hamda amalga oshirishda ishtirok etish, korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha olib borilgan ishlar ustidan monitoring va tahlil oʻtkazish, shuningdek, ularning natijalari boʻyicha takliflar tayyorlash;

Kombinat faoliyatining ochiqligini taʻminlash boʻyicha amalga oshirilayotgan tadbirlarni monitoring qilish, uning faoliyati toʻgʻrisida batafsil axborot olish imkoniyatlarini tahlil qilish, ularni yanada kengaytirish boʻyicha takliflar ishlab chiqish;

Kombinatning rasmiy veb-saytida jamoatchilik kengashi faoliyati bilan bogʻliq
ochiq e’lon qilinishi lozim boʻlgan ma’lumotlarni joylashtirib borish hamda ularning
har chorakda yangilanib borilishini ta’minlash;

Kombinat faoliyatini isloh qilishda fuqarolar ishtirok etishi uchun yaratilgan
shart-sharoitlarni oʻrganish va ularni yaxshilash boʻyicha takliflar ishlab chiqish;

Kombinat faoliyati boʻyicha fuqarolar oʻrtasida oʻtkaziladigan tushuntirish ishlari
va ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarda ishtirok etish, ularning samaradorligini oshirish yuzasidan takliflar ishlab chiqish;

Kombinat xodimlari va ular oilalarining uy-joy, ijtimoiy-maishiy,
xizmat shart-sharoitlarini, ularga malakali tibbiy yordam koʻrsatish sharoitlarini, shuningdek, ishdan boʻshatilgan yoki zaxiraga olingan xodimlarni ijtimoiy va kasbiy moslashtirish boʻyicha muammolarni kompleks tahlil qilish hamda tahlil yakunlari boʻyicha mazkur sharoitlarni yaxshilash yuzasidan takliflar kiritish.

Jamoatchilik kengashi oʻz zimmasiga yuklatilgan vazifalarga muvofiq quyidagi funksiyalarni bajaradi:

Kombinatning faoliyatiga doir masalalar yuzasidan fuqarolar, nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyati boshqa institutlarining tashabbuslari hamda murojaatlarini koʻrib chiqishda ishtirok etadi, shuningdek, ularni koʻrib chiqish natijalari boʻyicha Kombinatga tegishli takliflar kiritadi;

Kombinatning fuqarolar, nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari bilan oʻzaro hamkorligini tahlil qiladi, shuningdek, hamkorlikni takomillashtirish yuzasidan takliflar ishlab chiqadi;

Kombinat faoliyatiga taalluqli normativ-huquqiy hujjatlar va qarorlarni takomillashtirish, ulardagi mavjud kamchiliklarni bartaraf etish boʻyicha takliflar ishlab chiqadi, shuningdek, kiritilgan takliflarni mazkur Kombinat xodimlari oʻrtasida muhokama qilishga bagʻishlangan tadbirlarni tashkil etishda qatnashadi;

Kombinat faoliyatiga taalluqli davlat dasturlari loyihalarini, tadbirlar rejalarini, shu jumladan korrupsiyaga qarshi kurashish toʻgʻrisidagi boshqa hujjatlarni ishlab chiqish yuzasidan takliflar tayyorlaydi, qabul qilingan dasturlarni amalga oshirishda vakolatlari doirasida ishtirok etadi, bajarilgan ishlarning samaradorligini tahlil qiladi, shuningdek, yoʻl qoʻyilgan xato va kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan takliflar tayyorlaydi;

Kombinatga nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlaridan kelib tushgan sotsial va ijtimoiy ahamiyatga molik loyihalarni koʻrib chiqadi;

Kombinat rahbarlari va xodimlarining fuqarolar bilan uchrashuvlarini, shuningdek, jismoniy va yuridik shaxslar murojaatlarini koʻrib chiqish bilan bogʻliq ishlarni tashkil etishda, shu jumladan joylarga borib tashkil etishda qatnashadi, ularning amalga oshirilishi ustidan monitoring oʻtkazadi;

Kombinat xodimlari va ular oilalarining uy-joy, ijtimoiy-maishiy, xizmat shart-sharoitlarini, ularga malakali tibbiy yordam koʻrsatish sharoitlarini yaxshilashda, shuningdek, ishdan boʻshatilgan yoki zaxiraga olingan xodimlarni ijtimoiy va kasbiy moslashtirish muammolarini hal etishda koʻmaklashadi;

xodimlar va ularning oila aʻzolarini ijtimoiy va huquqiy himoya qilish masalalari boʻyicha Kombinat ijro apparati hamda tarkibiy boʻlinmalar xodimlari oʻrtasida keng tushuntirish ishlarini tashkil etadi;

Kombinat ijro apparati hamda tarkibiy boʻlinmalarda sogʻlom ishchanlik muhitini rivojlantirish, qonuniylikni, yuksak huquqiy madaniyat va axloqiylikni ta’minlash, xodimlarda Vatanga sodiqlik ruhini va qonunlarga boʻlgan hurmatni kuchaytirish,
ularni ijtimoiy, siyosiy, ruhiy va ma’naviy-ma’rifiy kamol toptirish,
shuningdek, mazkur sohadagi ilmiy-ma’rifiy va oʻquv adabiyotlarini takomillashtirish
boʻyicha takliflar ishlab chiqadi;

mamlakatda va xorijda keng jamoatchilikni Kombinat faoliyatini isloh qilish boʻyicha amalga oshirilayotgan tizimli chora-tadbirlar haqida muntazam ravishda xabardor qilishni ta’minlaydi hamda mavjud muammolarni hal qilish va kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan takliflar ishlab chiqadi;

Kombinat faoliyatiga bagʻishlangan ilmiy-nazariy va ilmiy-amaliy konferensiyalar, seminarlar, davra suhbatlarini tashkil etishda ishtirok etadi;

Kombinat faoliyatini ommaviy axborot vositalarida yoritish boʻyicha bajarilayotgan ishlarning natijalarini tahlil qiladi, ularning samaradorligini oshirish
va mavjud kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan takliflar ishlab chiqadi;

oʻziga yuklatilgan vazifalarni bajarishda nodavlat notijorat tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari, fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari hamda fuqarolar
bilan hamkorlik qiladi.

Jamoatchilik kengashi zimmasiga yuklatilgan vazifalar va funksiyalarni bajarish uchun:

Kombinat tomonidan tashkil etiladigan boʻlajak ochiq hay’at majlislari
va boshqa ommaviy tadbirlar toʻgʻrisidagi axborotni oldindan olish hamda mazkur tadbirlarda ishtirok etish;

Kombinat ijro apparati hamda tarkibiy boʻlinmalarning binolari (xonalari)
va boshqa obyektlarini Kombinat rahbariyati bilan oldindan kelishilgan holda borib koʻrish;

Kombinat ijro apparati hamda tarkibiy boʻlinmalarning rahbarlariga jamoatchilik kengashi vakolatiga kiradigan masalalar yuzasidan takliflar kiritish;

Kombinat faoliyati samaradorligini oshirish boʻyicha takliflar va tavsiyalarni
ishlab chiqish hamda amalga oshirish uchun zarur boʻlgan axborotlar, statistika
va boshqa materiallarini belgilangan tartibda olish;

jismoniy va yuridik shaxslar murojaatlariga Kombinat tomonidan berilgan javoblarning sifatini tanlab olgan holda tahlil qilish;

Kombinat xodimlarining roziligi bilan ularning uy-joy, ijtimoiy-maishiy
va xizmat shart-sharoitlari bilan tanishish;

jamoatchilik kengashi majlislarida muhokama qilinadigan masalalarni yoritish boʻyicha ommaviy axborot vositalari bilan hamkorlik qilish;

yuklatilgan vazifalarni bajarish uchun konferensiyalar, forumlar, seminarlar,
davra suhbatlari va boshqa tadbirlarni tashkil etish huquqiga ega.

Jamoatchilik kengashi qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.

Jamoatchilik kengashi oʻz faoliyatini amalga oshirishda:

jamoatchilik nazorati toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari talablariga qat’iy rioya qilishi;

Kombinat faoliyati bilan bogʻliq qonunchilik hujjatlarida belgilangan cheklovlarga amal qilishi;

Kombinat va uning mansabdor shaxslarining oʻz vakolatlari doirasida amalga oshiradigan faoliyatiga aralashmasligi;

Kombinat va uning mansabdor shaxslari faoliyat koʻrsatishi uchun toʻsqinlik qilmasligi;

fuqarolarning or-nomusi va qadr-qimmatini tahqirlashga, ularning shaxsiy hayotiga aralashishga yoʻl qoʻymasligi;

jamoatchilik nazoratini amalga oshirish davomida olingan axborotning, basharti bunday axborotni tarqatish qonun bilan cheklangan boʻlsa, maxfiylik qoidalariga rioya qilishi shart.

Jamoatchilik kengashining zimmasida qonun hujjatlariga muvofiq
boshqa majburiyatlar ham boʻlishi mumkin.

 3-bob. Jamoatchilik  kengashining   tarkibini   shakllantirish va ishini tashkil   etish   tartibi 

Jamoatchilik kengashining tarkibiga uning raisi, rais oʻrinbosari, kotibi
va a’zolari    kiradi.

Jamoatchilik kengashi a’zoligiga, qoida tariqasida, Kombinat va uning tarkibiy tuzilmalarida uzoq yillar namunali xizmat koʻrsatgan mehnat faxriylari, jamoatchilik faoliyati sohalarida katta amaliy tajribaga ega obroʻ-e’tiborli fuqarolar, shuningdek, nodavlat notijorat tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari vakillari qabul qilinadi.

Jamoatchilik kengashi aʻzolarining soni cheklanmagan.

Jamoatchilik kengashining tarkibi Kombinat Boshqaruv raisining buyrugʻi
bilan  har   uch   (3)   yilda   tasdiqlanadi.

Quyidagi holatlarda jamoatchilik kengashining raisi, rais oʻrinbosari,
kotibi va a’zolari uning tarkibidan chiqarilishi mumkin:

ular tomonidan jamoatchilik kengashi tarkibidan chiqish toʻgʻrisida ariza berilganda;

jamoatchilik kengashining majlislarida muntazam ravishda ishtirok etmaganda,
mazkur Nizomning 11-bandida tutilgan majburiyatlarni bajarmaganda;

ularga nisbatan chiqarilgan sudning ayblov hukmi qonuniy kuchga kirganda;

vafot etganda, shuningdek, sudning qonuniy kuchga kirgan hal qiluv qarori asosida
ular muomalaga layoqatsiz, bedarak yoʻqolgan yoki vafot etgan deb topilganda.

Jamoatchilik kengashining tasdiqlangan a’zolari haqidagi ma’lumotlar, shuningdek, ularning aloqa ma’lumotlari (telefon, pochta va elektron manzillari)
va ularga kiritilgan oʻzgartish va qoʻshimchalar, kengash faoliyatiga oid har qanday axborot
va ma’lumotlar  ular  tasdiqlangan paytdan boshlab  uch  (3) kun ichida Kombinatning  rasmiy veb-saytida  Axborot  xizmati  tomonidan  eʻlon qilinishi shart.

Jamoatchilik kengashining raisi:

jamoatchilik kengashining faoliyatiga umumiy rahbarlik qiladi;

jamoatchilik kengashining majlislarini chaqiradi va kun tartibini belgilaydi;

jamoatchilik kengashining majlislarida raislik qiladi;

jamoatchilik kengashining ish rejasini, majlisi bayonnomasini va boshqa hujjatlarini tasdiqlaydi;

jamoatchilik kengashi qarorlarining ijrosini nazorat qiladi;

jamoatchilik kengashi a’zolarining zimmasiga yuklatilgan vazifalarni bajarilishini muvofiqlashtiradi;

Kombinatning rasmiy veb-saytida va boshqa resurslarda joylashtiriladigan jamoatchilik kengashining faoliyati toʻgʻrisidagi ma’lumotlar tarkibi boʻyicha takliflar kiritadi va uni Kombinat Boshqaruv raisi bilan kelishadi;

jamoatchilik kengashi qarorlarini bajarish masalalari yuzasidan Kombinat Boshqaruv raisi bilan hamkorlik qiladi;

jamoatchilik kengashining samarali ishini ta’minlash boʻyicha boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.

Jamoatchilik kengashining raisi boʻlmagan taqdirda, uning vakolat
va majburiyatlari kengash raisining oʻrinbosari  tomonidan  bajariladi.

Jamoatchilik kengashi raisining oʻrinbosari:

rais yoʻqligida jamoatchilik kengashining majlislarida raislik qiladi;

jamoatchilik kengashi qarorlarining ijrosini nazorat qilish boʻyicha ishlarni tashkil etadi;

fuqarolarni hamda yuridik shaxslarning vakillarini qabul qiladi, shuningdek, jamoatchilik kengashi faoliyatiga taalluqli murojaatlarni koʻrib chiqish boʻyicha ishlarni tashkil etadi;

jamoatchilik kengashining samarali ishlarini ta’minlash boʻyicha boshqa vakolatlarni amalga oshiradi. 

Jamoatchilik kengashining kotibi:

jamoatchilik kengashining faoliyatini uslubiy, tashkiliy-huquqiy va tashkiliy-texnik jihatdan ta’minlash masalalarini hal qiladi;

jamoatchilik kengashining navbatdagi majlisiga barcha zarur materiallar oʻz vaqtida tayyorlanishini taʻminlaydi, Kombinat xodimlaridan zarur hujjat va maʻlumotlarni soʻrab oladi;

kun tartibiga muvofiq jamoatchilik kengashi majlislari oʻtkazilishini tashkil etadi;

jamoatchilik kengashi majlisi oʻtkaziladigan joy, sana, vaqti va taklif etiladigan shaxslar roʻyxatini jamoatchilik kengashining raisi bilan kelishadi;

jamoatchilik kengashining a’zolarini va taklif etilgan shaxslarni jamoatchilik kengashi majlisi oʻtkaziladigan joy, sana va vaqti haqida xabardor qiladi;

jamoatchilik kengashi qarorlarining ijro etilishi ustidan monitoring olib boradi
va uning natijalarini jamoatchilik kengashi majlisida koʻrib chiqish boʻyicha takliflar kiritadi;

jamoatchilik kengashi majlisining bayonnomasini rasmiylashtiradi va tasdiqlangan bayonnomaning jamoatchilik kengashi a’zolari hamda boshqa manfaatdor shaxslarga joʻnatilishini ta’minlaydi;

jamoatchilik kengashining samarali ishlashini ta’minlash boʻyicha boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.

Jamoatchilik kengashining a’zolari oʻz majlislarida koʻrib chiqiladigan masalalarni muhokama qilish va hal qilishda oʻz vakolatini boshqalarga oʻtkazish huquqiga
ega emas.

Jamoatchilik kengashining majlisida ishtirok etish imkoni boʻlmagan holatlarda, uning a’zosi majlis kun tartibidagi masalalar boʻyicha oʻz fikrini yozma shaklda yuborishi mumkin. Bunda uning fikri majlisda koʻrib chiqiladi va ovoz berishda hisobga olinadi.

Jamoatchilik kengashining a’zolari:

oʻz zimmalariga yuklatilgan vazifalarni bajarish uchun Kombinat tomonidan tashkil etiladigan hay’at majlislarida va boshqa ommaviy tadbirlarda ishtirok etadi;

jamoatchilik kengashi ish rejalarining loyihalarini tayyorlaydi, ularni jamoatchilik kengashida koʻrib chiqish uchun kiritadi va tasdiqlangan ish rejalari bajarilishini ta’minlaydi;

Kombinat faoliyatining samaradorligini oshirish boʻyicha takliflar va tavsiyalarni ishlab chiqishda hamda amalga oshirishda qatnashadi;

Kombinat xodimlari, shuningdek ularning oila a’zolari bilan uchrashuvlar oʻtkazadi
va ularning huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini ta’minlash boʻyicha takliflarni jamoatchilik kengashiga kiritadi;

jamoatchilik kengashi majlisining kun tartibiga kiritilgan masalalar yuzasidan tahliliy materiallar tayyorlaydi;

jamoatchilik kengashining vakolatiga kiradigan masalalar bilan bogʻliq murojaatlarni koʻrib chiqadi va natijalari boʻyicha tegishli hujjatlarni tayyorlaydi;

jamoatchilik kengashining zimmasiga yuklangan vazifalar va funksiyalarga muvofiq boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.

Jamoatchilik kengashi faoliyatining asosiy masalalari uning majlisida koʻrib chiqiladi. Jamoatchilik kengashining majlisi uning ish rejalari asosida har chorakda  eng  kamida  bir  marta  chaqiriladi.

Jamoatchilik kengashining raisi jamoatchilik kengashi a’zolarining uchdan
bir qismining yozma murojaati asosida uning navbatdan tashqari majlisini chaqirishi mumkin.

Jamoatchilik kengashining yigʻilishlari va kun tartibidagi masalalar Kombinatning rasmiy veb-saytida e’lon qilinishi shart.

Jamoatchilik kengashining majlislariga boshqa davlat organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyati institutlarining vakillari taklif etilishi mumkin.

Jamoatchilik kengashi majlisi kun tartibining loyihasi kotib tomonidan jamoatchilik kengashi a’zolarining takliflari va jamoatchilik kengashi raisining topshirigʻi asosida shakllantiriladi.

Jamoatchilik kengashining majlisini uning raisi olib boradi. Rais ishtirok eta olmagan holatlarda, majlisni uning oʻrinbosari olib boradi.

Jamoatchilik kengashining majlisida Kombinat Boshqaruv raisi, uning oʻrinbosarlari  va  boshqa xodimlar  ham  ishtirok  etishlari   mumkin.

Jamoatchilik kengashining majlisi, agar unda jamoatchilik kengashi a’zolarining kamida uchdan ikki qismi (kvorum) ishtirok etgan  taqdirda   vakolatli  hisoblanadi.

Majlisni oʻtkazish uchun kvorum shakllanmagan taqdirda, jamoatchilik kengashining
majlisi oʻtkaziladigan yangi sana, aniq  vaqt  va  joyi  (manzili)  kengash  kotibi  tomonidan  barvaqt  e’lon  qilinadi.

Jamoatchilik kengashining qarori majlisda ishtirok etayotgan jamoatchilik kengashi a’zolarining oddiy koʻpchilik ovozi bilan qabul qilinadi.

Jamoatchilik kengashining har bir a’zosi qabul qilinayotgan qarorlar
boʻyicha oʻzining fikrini yozma shaklda ifodalashga haqli. Uning fikri jamoatchilik kengashi majlisining bayonnomasiga kengash kotibi  tomonidan  majburiy tartibda qoʻshib qoʻyiladi. Kengash  qarorlarini  qabul  qilishda,  uning   kotibi  ovoz  berish  huquqiga  ega  boʻlmaydi.

Jamoatchilik kengashining majlisida qabul qilingan qaror bayonnoma
bilan rasmiylashtiriladi. Jamoatchilik kengashi majlisining bayonnomasi kotib tomonidan tayyorlanadi va imzolanadi, majlisga raislik qiluvchi tomonidan tasdiqlanadi
va uch kun muddatda Kombinatga, jamoatchilik kengashi a’zolariga va manfaatdor shaxslarga yuborilishi kotib  tomonidan  ta’minlanadi.

Jamoatchilik kengashining qarorini tezlik bilan qabul qilish zarurati tugʻilganda, uning raisi tashabbusi bilan qaror jamoatchilik kengashining a’zolari bilan kelishilgan holda soʻrov yoʻli bilan  ham  qabul qilinishi mumkin.

Boshqaruv  raisi yoxud  uning  oʻrinbosarlari,  jamoatchilik kengashining qabul qilgan qaroriga qoʻshilmagan hollarda, jamoatchilik kengashining qarorini olgan kundan boshlab
oʻn kundan kechikmay unga asoslantirilgan e’tirozini yozma shaklda yuboradi.

Jamoatchilik kengashining kotibi kengash a’zolari koʻmagida jamoatchilik kengashi qarorlari ijrosi holatini oʻrganadi va koʻrib chiqadi, zarur boʻlgan hollarda, jamoatchilik kengashining raisiga tegishli takliflar kiritadi.

 4-bob. Yakunlovchi qoidalar

Jamoatchilik kengashining faoliyatini moddiy-texnik jihatdan ta’minlash Kombinat tomonidan, shuningdek, qonun hujjatlarida ta’qiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi.

Jamoatchilik kengashining faoliyati uning Nizomiga va Oʻzbekiston Respublikasining qonun hujjatlariga muvofiq ekanligi Kombinat Boshqaruv raisi tomonidan nazorat qilinadi.

Jamoatchilik kengashining va Kombinat Boshqaruv raisining jamoatchilik kengashi faoliyati bilan bogʻliq qarorlari ustidan belgilangan tartibda shikoyat qilinishi mumkin.

 

Text to speech