Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

Korrupsiyaga qarshi kurashish samaradorligini oshirish bo‘yicha yangi qonun infografikada

24 Iyun 2026, 8:59 156

Oʻzbekiston Respublikasining 22.06.2026 yildagi O‘RQ-1155-son Qonuni bilan ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritildi.

Korrupsiyaga oid jinoyatlarning aniq ro‘yxati belgilandi

Jinoyat kodeksiga kiritilgan qo‘shimchalarga ko‘ra, korrupsiyaga oid jinoyatlar quyidagilar etib belgilandi:

-Jinoyat kodeksi 167-moddasi 3-qismi «d» bandida, 168-moddasi 4-qismi «g» bandida, 192-9, 192-10-moddalarida, 192-11-moddasi 2-qismi «v» bandida, 205-moddasi 2-qismi «v» bandida, 206-moddasi 2-qismi «v» bandida, 208-moddasi 2-qismida, 209-moddasi 2-qismi «v» bandida, 210, 211, 212, 213, 214, 214-1, 214-2-moddalarida va 301-moddasi 2-qismi «b» bandida nazarda tutilgan jinoyatlar;

- Kodeksning 243-moddasida nazarda tutilgan jinoyat, agar mazkur jinoyat korrupsiyaga oid jinoyatlarni sodir etish natijasida olingan daromadlarni legallashtirish bilan bog‘liq holda sodir etilgan bo‘lsa.

Shuningdek, jazodan muddatidan ilgari shartli ravishda ozod qilish o‘zlashtirish yoki rastrata qilish yo‘li bilan talon-toroj qilganlik, firibgarlik uchun hukm qilingan va sodir etgan jinoyati tufayli yetkazilgan zararning o‘rnini to‘liq qoplamagan shaxsga qo‘llanilmasligi belgilandi.

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga kiritilgan qo‘shimchalarga ko‘ra:

- davlat xaridi predmetining boshlang‘ich narxi va uning o‘rtacha bozor narxi o‘rtasida yo‘l qo‘yiladigan tafovutning eng ko‘p miqdoriga nisbatan belgilangan talabni buzish, bundan talon-toroj qilish hollari mustasno,
mansabdor shaxslarga BHMning 30 baravarigacha jarima solishga sabab bo‘lishi belgilandi.

“Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi Qonunga kiritilgan qo‘shimchalarga ko‘ra, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha hududiy kengashlar tashkil etiladi.

Davlat organlari va tashkilotlarida komplayens va korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalari tashkil etiladi.

Korrupsiyaga oid xavf-xatarlar xaritasi yuritiladi

“Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi Qonunga kiritilgan qo‘shimchalarga ko‘ra, davlat organlari va tashkilotlari, hududlar va sohalar kesimida korrupsiya darajasini aniqlash va uni minimallashtirish maqsadida korrupsiyaga oid xavf-xatarlar xaritasi shakllantiriladi.

Xavf-xatarlar xaritasi quyidagilar asosida shakllantiriladi:
- korrupsiyaga oid jinoyatchilik statistikasi;
- korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha huquqni qo‘llash amaliyotining tahlili;
- aholining korrupsiyaga bo‘lgan munosabati;
- korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha siyosatning samaradorligiga doir ma’lumotlar;
- korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha faoliyatni amalga oshiruvchi va unda ishtirok etuvchi organlar hamda tashkilotlarning axboroti.

Korrupsiyaga oid xavf-xatarlar xaritasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan yuritiladi.

Korrupsiyaga oid huquqbuzarlik natijasida tuzilgan bitimlarni haqiqiy emas deb topish qonunda belgilangan tartibda, vakolatli davlat organining, manfaatdor shaxsning arizasiga asosan sud tomonidan amalga oshiriladi.

O‘zi mehnat faoliyatini olib borayotgan davlat organida korrupsiyaga oid jinoyat to‘g‘risida asosli xabar bergan shaxsga Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligini oldindan xabardor etmasdan 2 yil davomida intizomiy jazo choralarini qo‘llashga yo‘l qo‘yilmaydi.

Korrupsiyaga oid jinoyatlarni sodir etgan shaxslarning elektron reyestri yuritiladi

Kiritilgan qo‘shimchalarga ko‘ra, korrupsiyaga oid jinoyatlarni sodir etishda aybdor deb topilgan shaxslar Korrupsiyaga oid jinoyatlarni sodir etishda aybdor deb topilgan shaxslarning elektron reyestriga kiritiladi.

Ichki ishlar vazirligi korrupsiyaga oid jinoyatlarni sodir etishda aybdor deb topilgan shaxslarga nisbatan ayblov hukmi qonuniy kuchga kirgan paytdan e’tiboran 3 ish kuni ichida reyestrga shaxs haqidagi ma’lumotlarni kiritadi.

Elektron reyestrda korrupsiyaga oid jinoyatlarni sodir etishda aybdor deb topilgan shaxslar to‘g‘risidagi ma’lumotlar Jinoyat kodeksida belgilangan sudlanganlik muddati davomida saqlanadi.

Elektron reyestrga kiritilgan shaxslarga nisbatan quyidagi cheklovlar belgilanadi:

- davlat xizmatiga kirish va davlat mukofotlari bilan taqdirlanish;
- saylanadigan va alohida tartibda tayinlanadigan lavozimlarga nomzodining ko‘rsatilishi;
- davlat organlari huzuridagi jamoatchilik kengashlari hamda idoralararo kollegial organlarning a’zosi bo‘lish;
- o‘zi ta’sis etgan va ustav fondidagi ulushining 50 foizidan ko‘proq qismiga o‘zi egalik qiladigan tadbirkorlarning davlat xaridlarida va davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risidagi bitimda ishtirokchi sifatida qatnashish;
- davlat ulushi 50 foizdan yuqori bo‘lgan tashkilotlarda va davlat ta’lim muassasalarida rahbarlik lavozimlarida faoliyat yuritish.

Elektron reyestr Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan Ichki ishlar vazirligi bilan hamkorlikda yuritiladi.

Bo`lishmoq:
Text to speech