Call-markaz
(+998 78) 141-90-99Ishonch telefoni
(+998 70) 619-23-33Ushbu nazorat yo‘nalishida 2022 yil davomida Hisob palatasi tomonidan qator amaliy ishlar bajarildi. Xususan, birinchi va ikkinchi darajali byudjet mablag‘larini taqsimlovchilar, davlat maqsadli jamg‘armalari, hududiy byudjet mablag‘larini taqsimlovchilar, Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasining rasmiy veb-saytlariga har chorakda byudjet jarayonining ochiqligiga doir axborotning joylashtirilishi yuzasidan masofaviy tarzda o‘rganishlar o‘tkazib borildi.
II chorak yakunlari bo‘yicha ushbu yo‘nalishdagi ishlar holati respublikaning 208 ta tuman va shahar hokimliklari kesimida o‘rganildi. Natijada, 44 ta hokimlik ma’lumotlarni to‘liq joylashtirgani, 5 tasi to‘liq joylashtirmagani va 159 tasi umuman joylashtirmagani aniqlandi. Ma’lumotlarni rasmiy veb-saytlarga joylashtirmagan hokimliklar yuzasidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklariga 14 ta taqdimnoma yuborildi.
Ushbu taqdimnomalarga asosan hududiy hokimliklarda ma’lumotlarni veb-saytlarga joylashtirishda xato va kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan 83 nafar mas’ul xodimga nisbatan “hayfsan” intizomiy jazo chorasi hamda 2 nafar mas’ul xodimga nisbatan “jarima” intizomiy jazo chorasi qo‘llanildi.
2022 yil III chorak davomida 137 ta davlat tashkilotlari o‘rganilib, 95 ta tashkilot tomonidan barcha ma’lumotlar joylashtirilgani, 22 tasi ma’lumotlarni to‘liq joylashtirmagani hamda 20 tasi ma’lumotlarni umuman joylashtirmagani aniqlandi. Natijada, Hisob palatasi tomonidan 11 ta vazirlik va idoralarning 12 nafar mansabdor shaxslariga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 175-7-moddasida (Byudjet jarayonining ochiqligini ta’minlash tartibini buzish) nazarda tutilgan huquqbuzarlik to‘g‘risida bayonnoma rasmiylashtirilib, sudlarga murojaat qilindi va ularning tegishli qarorlari chiqarilishiga erishildi.
2022 yil IV chorak yakunlari bo‘yicha 134 ta vazirlik va idoralarning byudjet jarayonining ochiqligi sohasidagi faoliyati o‘rganilganda 72 davlat tashkiloti ma’lumotlarni to‘liq joylashtirgani, 24 tasi to‘liq joylashtirmagani va 38 tasi umuman joylashtirmagani aniqlandi.
Hisob palatasi yuqorida keltirilgan davlat tashkilotlari tomonidan byudjet jarayonining ochiqligiga doir ma’lumotlarni rasmiy veb-saytlarga o‘z vaqtida va to‘liq joylashtirilishini ta’minladi. Bu borada tizimli va qat’iy nazorat izchil davom ettirilmoqda.