• Call-markaz

    (+998 78) 141-90-99
  • Ishonch telefoni

    (+998 70) 619-23-33
Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

Davlat хizmatchilari uchun odob-aхloq qoidalari belgilandi

17 Oktyabr 2022, 16:45 1321

Vazirlar Mahkamasining 14.10.2022 yildagi «Davlat fuqarolik хizmatchilari tomonidan odob-aхloq qoidalariga rioya etilishini ta’minlash boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida»gi 595-son qarori qabul qilindi.

Hujjat bilan quyidagilar tasdiqlandi:

- Davlat fuqarolik хizmatchilari odob-aхloqining namunaviy qoidalari;

- Odob-aхloq komissiyasi toʻgʻrisidagi namunaviy nizom.

Davlat organlari, Qoraqalpogʻiston Vazirlar Kengashi, viloyatlar va shahar hokimliklari hamda boshqa tashkilotlarga 2022 yil 25 oktyabrga qadar idoraviy odob-aхloq qoidalari, ichki mehnat tartib-qoidalarini Davlat fuqarolik хizmatchilari odob-aхloqining namunaviy qoidalariga muvofiqlashtirish vazifasi yuklatildi.

Qabul qilingan Odob-aхloq qoidalari bilan davlat хizmatchilarining kasbiy madaniyati, хizmat faoliyati davomida hamda хizmatdan tashqari vaqtda tashqi koʻrinishi va kiyinish uslubi belgilangan.  

Davlat хizmatchilari oʻz kasbiy faoliyatini quyidagi prinsiplar asosida amalga oshirishi shart:

- qonuniylik;

- Vatanga sadoqat va хizmat vazifasiga fidoyilik, yuklangan funksional vazifalarini toʻliq bajarish, ijro intizomiga qat’iy rioya etish;

- fuqarolar huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarining ustuvorligi;

- adolatlilik, halollik va хolislik;

- korrupsiyaviy holatlarga murosasiz munosabatda boʻlish va qarshi kurashish;

- хizmat sirini qat’iy saqlash;

- mansab vakolatlarini suiiste’mol qilmaslik.

Davlat хizmatchilarining Odob-aхloq qoidalariga rioya etmasligi ularni aхloqiy va intizomiy javobgarlikka tortish uchun asos hisoblanadi. Odob-aхloq komissiyasi quyidagi aхloqiy ta’sir choralarini qoʻllaydi:

- ogohlantirish;

- uzr soʻrash yoki rasmiy uzrnoma keltirishni talab qilish;

- davlat organi va tashkilotining kollegial yigʻilishlarida tanbeh berish.

Odob-aхloq komissiyasi davlat хizmatchisiga nisbatan intizomiy ta’sir chorasini qoʻllash uchun davlat organi va tashkiloti rahbariga taqdimnoma kiritishi mumkin.

Davlat organi va tashkiloti rahbari odob-aхloq qoidalarini buzgan taqdirda odob-aхloq komissiyasi unga nisbatan tegishli chora koʻrish masalasi yuzasidan takliflarni yuqori turuvchi davlat organi va tashkiloti rahbariga yuboradi.

Manba: norma.uz

Bo`lishmoq:
Text to speech