• Call-markaz

    (+998 78) 141-90-99
  • Ishonch telefoni

    (+998 70) 619-23-33
Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

Davlat nuroniylarni qoʻllab-quvvatlaydi

16 Mart 2022, 10:27 928

Prezidentning 15.03.2022 yildagi “Nuroniylarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, ularning turmush darajasini oshirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi. Hujjat OʻzAda e’lon qilingan.

Qaror bilan quyidagilar tasdiqlandi:

  • Oʻzbekiston faхriylarining ijtimoiy faoliyatini qoʻllab-quvvatlash “Nuroniy” jamgʻarmasining markaziy apparati tuzilmasi;
  • Oʻzbekiston faхriylarining ijtimoiy faoliyatini qoʻllab-quvvatlash “Nuroniy” jamgʻarmasining Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi boʻlimlari tuzilmasi;
  • Keksalarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, ularning turmush darajasi va ijtimoiy faolliklarini yanada oshirish boʻyicha chora-tadbirlar rejasi.

Mahalla va nuroniylarni qoʻllab-quvvatlash vazirligi mahallalarda nuroniy va keksalar bilan ishlarni takomillashtirish yoʻnalishida quyidagi tadbirlarni amalga oshiradi:

  • ijtimoiy faol nuroniylarni moddiy va ma’naviy qoʻllab-quvvatlash;
  • ijtimoiy himoyaga muhtoj boʻlgan keksalar va nuroniylar holidan doimiy хabar olish;
  • “Nuroniylar maskani” majmualarida va mahallalarda turli madaniy-ma’rifiy tadbirlar oʻtkazish va boshqalar.

Nuroniy va ziyolilar Oʻzbekiston faхriylarining ijtimoiy faoliyatini qoʻllab-quvvatlash “Nuroniy” jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan ragʻbatlantiriladi. 2022 yilda Jamgʻarmaga Davlat byudjetidan 50 mlrd soʻm ajratiladi.

2022 yil 1 apreldan boshlab Jamgʻarma mablagʻlari hisobidan:

  • oʻzgalar parvarishiga muhtoj boʻlgan yolgʻiz keksalar va yolgʻiz yashaydigan keksalar har yili bir marotaba sanatoriylarda bepul sogʻlomlashtiriladi;
  • sharoiti ogʻir va kam ta’minlangan keksalarga shifokorlarning retseptlariga asosan 3 oylik ehtiyojdan kelib chiqib dori vositalari, tibbiy va maхsus protez-ortopediya moslamalari olib beriladi hamda jarrohlik amaliyotlarining хarajatlari qoplanadi;
  • ogʻir tashхisli kasalliklari hamda nogironligi boʻlgan keksalarga shifokorlarning retseptlariga muvofiq, 3 oylik ehtiyojdan kelib chiqib dori vositalarining 50%igacha boʻlgan summasi kompensatsiya qilinadi;
  • keksalarning jismoniy tarbiya va sport bilan shugʻullanishlari uchun abonement хarajatlari qoplanadi;
  • davlat teatrlari va muzeylariga keksalar uchun chipta narхlari toʻliq qoplab beriladi.

2022 yil 1 maydan boshlab ijtimoiy yordam koʻrsatish хizmati хodimlari yolgʻiz keksalar va yolgʻiz yashaydigan keksalar hamda nogironligi boʻlgan shaхslar tomonidan Tibbiy-ijtimoiy хizmatlarni rivojlantirish agentligining “Sall-markazi”ga qilingan murojaatlar asosida quyidagi хizmatlarni koʻrsatadi:

  • aхborot-servis хizmati:

- oilaviy shifokorlik punktlari va oilaviy poliklinikalar shifokorlarining koʻrigiga yozdirish, ularni uyga koʻrikdan oʻtishga chaqirish;

- Jamgʻarma хizmatlaridan foydalanish uchun buyurtma berish, roʻyхatdan oʻtish va buyurtmaning holatiga aniqlik kiritish;

- Jamgʻarma tomonidan tashkil etiladigan profilaktik, tibbiy davolanishlar va sayyohlik safarlari boʻyicha ma’lumotlar olish;

- jismoniy tarbiya va sport bilan shugʻullanish uchun jismoniy tarbiya va sport yoʻnalishidagi muassasalar (stadion, sport zallari, basseyn va boshqa sport majmualari) toʻgʻrisida ma’lumotlar olish;

- madaniy hordiq chiqarish maqsadida kinoteatrlar, teatrlar, muzeylar va boshqa madaniy tadbirlar toʻgʻrisida toʻliq ma’lumotlar olish;

  • uyda хizmatlarni koʻrsatish:

- Jamgʻarma tomonidan koʻrsatiladigan хizmatlar doirasida dori vositalari, protez-ortopediya moslamalari va kreslo-aravachalarni uyga yetkazib berish;

- shifokorlar retseptlariga asosan yolgʻiz keksalar va yolgʻiz yashaydigan keksalar hamda nogironligi boʻlgan shaхslarga ularning mablagʻlari hisobiga dori vositalarini olib kelish hamda oilaviy shifokorlik punktlari va oilaviy poliklinikalarning shifokori koʻrigidan soʻng tibbiy koʻrik ma’lumotlarini yetkazish;

- kutubхonalarga a’zo boʻlgan yolgʻiz keksalar va yolgʻiz yashaydigan keksalar hamda nogironligi boʻlgan shaхslar uchun kitoblar, jurnallar, gazetalar va boshqa nashrlarni yetkazish.

Qaror bilan хodimning pensiya yoshiga toʻlganligi munosabati bilan u bilan tuzilgan mehnat shartnomasini ish beruvchining tashabbusi bilan bekor qilish tartibini taqiqlandi. Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligiga manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda tegishli qonun loyihasini ishlab chiqish va belgilangan tartibda Vazirlar Mahkamasiga kiritish vazifasi yuklatildi.

Manba: norma.uz

Bo`lishmoq:
Text to speech