Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

Ekologik madaniyatni yuksaltirish konsepsiyasi qabul qilindi

19 May 2025, 17:53 1046

Prezidentning 2025-yil 15-maydagi PQ-184-son qarori bilan 2030-yilgacha boʻlgan davrda aholining ekologik madaniyatini oshirish konsepsiyasi tasdiqlandi.

Konseptsiyada 2030-yilgacha quyidagi koʻrsatkichlarga erishish maqsad qilib qoʻyilgan:

3,3 mln nafar bolalar bogʻchalari tarbiyalanuvchilari va 4,2 mln nafar maktab oʻquvchilarida ekologik madaniyatni shakllantirish;

kasb-hunar ta’limi tashkilotlarining 400 ming nafar oʻquvchilari va oliy oʻquv yurtlarining 1,9 mln nafar talabalarida ekologik ta’lim va tarbiya tizimini mustahkamlash;

davlat organlari, korxonalar va muassasalar xodimlarining 90 foizi ekologik madaniyatini oshirish.

Davlat organlari va tashkilotlari xodimlarining ekologik bilimlarini oshirishga qaratilgan bepul oʻquv kurslari ochilmoqda. Nodavlat notijorat tashkilotlariga esa ekologik madaniyatni yuksaltirish bilan bogʻliq loyihalarni amalga oshirish uchun har yili davlat ijtimoiy buyurtmasi beriladi.

Maqsadli koʻrsatkichlarga (indikatorlarga) erishish vazirlik va idoralarning ekologiya, iqlim oʻzgarishi, oʻrmon xoʻjaligi va turizm sohasidagi faoliyati samaradorligining asosiy koʻrsatkichlarida (KPI) hisobga olinadi.

Oʻzbekiston Atrof-muhitga oid masalalar boʻyicha axborotdan foydalanish, qarorlar qabul qilish jarayonida jamoatchilikning ishtiroki va odil sudlovdan foydalanish toʻgʻrisidagi Konvensiyaga (Orxus konvensiyasi, Orxus shahri, Daniya, 1998-yil 25-iyun.) qoʻshilganligi munosabati bilan 2025-yil 1-dekabrdan boshlab Ekologiya vazirligi atrof tabiiy muhit davlat monitoringi ma’lumotlar bazasining jamoatchilik uchun ochiqligini ta’minlaydi va unga quyidagi ma’lumotlarni joylashtiradi:

"Yashil makon" umummilliy loyihasi doirasida har yili ekiladigan daraxtlar va koʻchatlar (ularning manzillari, ularni parvarish qilish uchun mas’ul shaxslar, koʻchatlarning turlari va boshqalar) toʻgʻrisidagi;

davlat oʻrmon fondiga kirmaydigan daraxtlar va butalarni kesish uchun ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatni olish maqsadida yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan taqdim etilgan arizalar (ariza beruvchilar, daraxtlar soni, ularning turlari va manzillari toʻgʻrisida) va daraxtlarni kesish boʻyicha oʻtkaziladigan jamoatchilik eshituvlari (sanasi, vaqti, manzili va natijalari toʻgʻrisida);

suv havzalarida noruda materiallarni oltin izlovchilar usulida qazib olish boʻyicha joriy etilgan moratoriy tartibini buzgan shaxslar toʻgʻrisida;

moʻljallanayotgan va (yoki) rejalashtirilayotgan yoxud amalga oshirilayotgan xoʻjalik faoliyatining hamda boshqa faoliyatning atrof-muhitga ehtimoliy ta’siri masalalari boʻyicha jamoatchilik eshituvlari natijalari toʻgʻrisidagi;

ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish sohasida oʻtkazilgan reydlar, tekshiruvlar, monitoringlar natijasida aniqlangan qonun buzilishi holatlari, shuningdek ularni bartaraf etish boʻyicha koʻrilgan chora-tadbirlar toʻgʻrisida va boshqalar.

2025-yildan boshlab quyidagilarni amalga oshirish rejalashtirilgan:

har yili - aholining turli qatlamlari, talabalar va oʻquvchi yoshlar oʻrtasida "Yangi daraxt - yangi nafas" respublika ekochempionati;

har oyda - "Mahallani chiqindilardan xoli hududga aylantiramiz" shiori ostidagi aksiyalar.

Hujjat bilan quyidagilar ham tasdiqlandi:

2030-yilgacha boʻlgan davrda ekologik madaniyatni yuksaltirish konsepsiyasini 2025-2026-yillarda amalga oshirish boʻyicha "Yoʻl xaritasi";

Konseptsiya qabul qilinishidan kutilayotgan maqsadli koʻrsatkichlar (indikatorlar).

Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 2025-yil 17-maydan dan kuchga kirdi.

Bo`lishmoq:
Text to speech