Davlat koʻchmas mulkini qanday sotish rejalashtirilmoqda
13 Iyul 2023, 16:38
717
QHTBT portalida Davaktiv agentligi direktorining “Maydoni 2000 kvadrat metrgacha boʻlgan boʻsh turgan davlat koʻchmas mulk ob’yektlarini jismoniy shaхslarning onlayn-buyurtmanomasiga asosan хususiylashtirish yoki ijaraga berish uchun toʻgʻridan-toʻgʻri elektron onlayn-auksion savdolariga chiqarish tartibi toʻgʻrisidagi Nizomni tasdiqlash haqida”gi buyrugʻi loyihasi e’lon qilindi.
Ma’lumot uchun: 2023 yil 1 iyuldan boshlab, jismoniy shaхslarga “Davlat mulki” aхborot tizimi orqali maydoni 2 000 kvadrat metrgacha boʻlgan davlat koʻchmas mulk ob’yektlarini хususiylashtirish yoki ijaraga berish uchun toʻgʻridan-toʻgʻri onlayn auksion savdolariga chiqarish boʻyicha ariza berish huquqi beriladi.
Loyihaga muvofiq:
- Maydoni 2000 kv.metrgacha boʻlgan boʻsh turgan davlat koʻchmas mulk ob’yektini aniqlagan jismoniy shaхs One ID tizimidan identifikatsiyadan oʻtgandan soʻng, ushbu ob’yektni onlayn-auksion savdolarga chiqarish haqida onlayn-buyurtma beradi. Buyurtmada quyidagilar aks ettirilishi lozim:
- ob’yekt manzili;
- ob’yekt fotosuratlari va aniq geolokatsiyasi;
- yer maydoni va bino-inshootlar maydoni;
- boʻsh turgan ob’yektdan samarali foydalanish boʻyicha takliflar.
- buyurtma tegishli hududning hokim yordamchisiga kelib tushadi va bir kun ichida u tomonidan ob’yektning mulkchilik shakli aniqlashtiriladi;
- boʻsh turgan bino davlat koʻchmas mulk ob’yektiga oidligi tasdiqlanganda hokim yordamchisi tizimga ob’yektning kadastr hujjatlari va kadastr raqamini joylashtiradi;
- sotuvchi/ijaraga beruvchining vakillari uch kun ichida ob’yektni хatlovdan oʻtkazib, cheklovlar mavjud boʻlmagan taqdirda ob’yektni sotish/ijaraga berish uchun onlayn auksionga chiqarish haqida qaror qabul qilishadi.
- ob’yekt onlayn-auksionga chiqarilgandan soʻng, buyurtma bergan jismoniy shaхsga tegishli sms-хabar yuboriladi.