Call-markaz
(+998 78) 141-90-99Ishonch telefoni
(+998 70) 619-23-33Joriy yilning 15-noyabr kuni Vazirlar Mahkamasining “Tog‘-kon sanoati va geologiya sohasidagi ayrim geografik obyektlarning nomlarini davlat tili qoida va me'yorlariga muvofiqlashtirish to‘g‘risida”gi 766-sonli qarori qabul qilindi.
Qarorga ko‘ra, 703 ta geografik obyekt nomi O‘zbekiston Respublikasining “Davlat tili haqida”gi va “Geografik obyektlarning nomlari to‘g‘risida”gi qonunlari talablari asosida davlat tili qoida va me'yorlariga muvofiqlashtirildi.
Jumladan, ularning 464 tasi Tog‘-kon sanoati va geologiya sohasidagi noruda foydali qazilma koni, 110 tasi rudali foydali qazilma koni, 129 tasi uglevodorod koni hisoblanadi.
Tog‘-kon sanoati va geologiya sohasidagi rudali foydali qazilma konlari yo‘nalishida Surxondaryo viloyatida joylashgan Xandizinskoe qo‘rg‘oshin koni endilikda Xondiza koni deya ataladi. Toshkent viloyatidagi konlarning nomlari o‘zgartirildi. Xususan, Akturpak – Oqtuproq, Kayragach – Qayrag‘och, Kauldi – Kovuldi, Kochbulak – Ko‘chbuloq, Kurgashinkanskaya – Qo‘rg‘oshinkon, Kizilalmasay – Qizilolmasoy deya o‘zgartirildi.
Qarorga ko‘ra, normativ-huquqiy hujjatlarda hamda ish hujjatlari va yozishmalarda mazkur tasdiqlangan nomlardan foydalanilishi belgilab qo‘yildi.
OKMK Axborot xizmati