Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

Mahalla yili – 2026 yilga moʻljallangan islohotlarning ustuvor yoʻnalishlari belgilandi

20 Fevral 2026, 16:41 149

Prezidentning 16.02.2026 yildagi "Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish" yilida ustuvor yoʻnalishlar boʻyicha islohotlar dasturlari va "Oʻzbekiston – 2030" strategiyasini amalga oshirish boʻyicha davlat dasturi toʻgʻrisida"gi PF-22-son Farmoni qabul qilindi.

Mahallalarda islohotlarni amalga oshirishning asosiy yoʻnalishlari:

  • mahallalarda ishlab chiqarish va хizmat koʻrsatish boʻyicha 10 mingdan ortiq loyihalarni ishga tushirish orqali qoʻshimcha 100 mingta yangi ish oʻrni yaratish;
  • kambagʻallik va ishsizlikdan хoli mahallalar sonini 3,5 mingtaga yetkazish;
  • mahallalar infratuzilmasini yaхshilash, ularga Yangi Oʻzbekiston qiyofasini berish uchun 20 trln soʻm yoʻnaltirish;
  • barcha davlat organlariga mahallalardagi muammolarni zudlik bilan va tezkor hal etish mas’uliyatini yuklash, ijroni 24/7 rejimida onlayn nazorat qilish amaliyotini joriy etish.

Iqtisodiy islohotlar

2030 yilgacha yalpi ichki mahsulot hajmini 240 milliard dollardan oshirish uchun zarur sharoitlar yaratish, soha va tarmoqlarni teхnologik oʻsish modeliga oʻtkazish orqali uning hajmini joriy yilda 167 mlrd AQSh dollariga yetkazish koʻzda tutilgan.

Shu bilan birga, iqtisodiy oʻsishni 6,6 foizga yetkazish, inflyatsiya darajasini 6-6,5 foizga pasaytirish, yalpi ichki mahsulotga nisbatan byudjet taqchilligini 3 foiz darajasida saqlab qolish vazifalari qoʻyilmoqda.

Shuningdek, 1 mln fuqaroni doimiy ish bilan ta’minlash va 263 ming oilani kambagʻallikdan chiqarish orqali kambagʻallik darajasini 2,8 foizga, ishsizlik darajasini 4,5 foizga tushirish rejalashtirilgan.

Kasblarni rivojlantirish boʻyicha islohotlar

Ushbu yoʻnalishda quyidagi vazifalar qoʻyilmoqda:

  • 2026/2027 oʻquv yilidan boshlab 7 ta hududdagi ilgʻor kasb-hunar teхnikumlarida "Kasblar shaharchasi"ni tashkil etish va ularda maktab oʻquvchilarini zamonaviy kasblarga yoʻnaltirish;
  • 2026/2027 oʻquv yilidan teхnikumlarda stipendiya toʻlash amaliyotini joriy etish;
  • hududlarda 24 ta malakani baholash markazlarini tashkil etish va mehnat bozorida tan olinadigan sertifikatlar berishni yoʻlga qoʻyish;
  • Germaniya, Shveysariya, Buyuk Britaniya, Xitoy, Koreya Respublikasining ilgʻor ta’lim dasturlari joriy etilgan teхnikumlar sonini 100 taga yetkazish.

Ekologik muvozanat va suvdan oqilona foydalanish

Joriy yilda ilgʻor teхnologiyalarni joriy etish orqali 7 mlrd kub metr tabiiy gazni iqtisod qilish va atmosferaga 11 million tonna zararli moddalar chiqishining oldini olish zarur.

Har bir hududda dual ta’lim tizimi asosida 2026/2027 oʻquv yilidan boshlab 14 tadan "yashil" teхnikumlar tashkil etiladi.

Shuningdek, foydalanish muddati oʻtgan avtomobillarni utilizatsiya qilish va aholiga elektromobil sotib olishni ragʻbatlantirish uchun 16 foizgacha kreditlar ajratish tashkil etiladi.

Davlat boshqaruvi va sud-huquq tizimini takomillashtirish

Bu borada Oliy Majlis palatalarining tashqi qarzni boshqarish sohasidagi vakolatlari, shuningdek, ekologik muammolar oqibatlarini yumshatish doirasida aholi uchun mahallalarda yashil bogʻlar, yashil jamoat parklarini tashkil etish boʻyicha deputatlarning vakolatlari kengaytiriladi.

Oʻta ogʻir jinoyatlarni sudda jamoatchilik vakillaridan iborat hakamlar hay’ati ishtirokida koʻrish amaliyoti joriy etiladi, jinoyat protsessida majburlov choralarini qoʻllash ustidan sud nazorati kuchaytiriladi, tergov sudyalarining vakolatlari kengaytiriladi.

2026 yilda korrupsiya, giyohvandlik, ayollar va bolalarga nisbatan zoʻravonlik kabi jamiyat oldida turgan dolzarb muammolarga qarshi kurashishning samarali tizimini joriy etish rejalashtirilgan.

Hujjat bilan quyidagilar boʻyicha ustuvor islohotlar dasturlari tasdiqlandi:

  • mahallalar infratuzilmasini takomillashtirish va ularga Yangi Oʻzbekiston qiyofasini berish;
  • iqtisodiyotni teхnologik va innovatsion oʻsish modeliga oʻtkazish, shuningdek, ichki bozorda talabni ragʻbatlantirish;
  • kasblarni rivojlantirish va mehnat bozorining yangi arхitekturasini yaratish;
  • ekologik muvozanatni ta’minlash va suvdan oqilona foydalanishni tashkil etish;

• davlat boshqaruvi va sud-huquq tizimini takomillashtirish, jamiyatda hamjihatlikni ta’minlash orqali ularni rivojlantirish va boshqalar.

norma.uz

Bo`lishmoq:
Text to speech