Ijtimoiy xizmatlar sohasidagi qonunchiligini obzori
18 May 2026, 14:6
183
2026 yil 27 aprel kunidagi Oʻzbeksiton Respublikasi Prezidentining "Ruhiy holati buzilgan nogironligi boʻlgan shaxslarga ijtimoiy xizmat koʻrsatish tizimini tubdan takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida"gi PF-69-son Farmoni qabul qilindi (hujjat 28.04.2026 yildan kuchga kirdi).
Mazkur Farmonda koʻzda tutilgan maqsadlar:
- jismoniy va aqliy rivojlanishida nuqsonlari aniqlangan bolalarni parvarish qilayotgan oilalarga erta aralashuv orqali ijtimoiy xizmatlar koʻrsatish;
- ruhiy holati buzilgan nogironligi boʻlgan shaxslarning erkinligini eng kam darajada cheklash va ularni oila muhitiga yaqin sharoitlarda jamiyatga integratsiya qilish;
- ushbu ijtimoiy xizmatlarni koʻrsatishga nodavlat sektorini jalb qilish.
2026 yil 1 iyunga qadar "Erta aralashuv" xizmatini bosqichma-bosqich joriy etish rejalashtirilgan. Bunda:
- uch yoshgacha boʻlgan bolalarga "Yagona milliy ijtimoiy himoya" axborot tizimining (AT) maxsus elektron reestriga kiritilgan nodavlat tashkilotlar tomonidan xizmatlar koʻrsatiladi;
- bolalarga maxsus pedagoglar tomonidan korreksion-rivojlantiruvchi pedagogik yordam va davolovchi jismoniy tarbiya boʻyicha instruktorlar tomonidan reabilitatsiya mashgʻulotlari oʻtkaziladi;
- nogironlik belgilari aniq koʻrinib turgan anatomik nuqsonlari boʻlgan bolalarni qoʻshimcha tibbiy koʻrikdan oʻtkazish va jarrohlik amaliyotlarini oʻtkazish bilan bogʻliq xarajatlar Davlat tibbiy sugʻurtasi jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan qoplanadi.
Oʻrtacha, ogʻir va chuqur darajadagi "aqliy zaiflik" yoxud "demensiya" tashxisi qoʻyilgan I va II guruh nogironligi boʻlgan shaxslarga bosqichma-bosqich quyidagilar joriy etiladi:
- 2026 yil 1 iyungacha "Yangi kun" kunduzgi tashrif shaklida kuzatuv xizmatlari;
- 2026 yil 1 sentyabrgacha uy sharoitida parvarishlash xizmatlari;
- 2026 yil 1 oktyabrgacha "Madad" kam komplektli uy xizmatlari;
- 2026 yil 1 noyabrgacha "Madad" kam komplektli uylarida "Ijtimoiy ta’til" qisqa muddatli joylashtirish xizmatlari.
2026 yil 1 sentyabrdan boshlab "chuqur darajadagi aqliy zaiflik" tashxisi qoʻyilgan 18 yosh va undan katta yoshdagi shaxslarni parvarishlash bilan band boʻlgan qonuniy vakilga oʻzgalar parvarishiga muhtoj boʻlgan 18 yoshgacha boʻlgan nogironligi boʻlgan bolani parvarishlash boʻyicha nafaqa miqdorida har oyda parvarishlash nafaqasi toʻlanadi.
Mazkur Farmon bilan quyidagilar ham belgilangan:
- nogironligi boʻlgan shaxslar uchun "Muruvvat" internat uylarini nogironligi boʻlgan shaxslar uchun "Gʻamxoʻrlik" markazlari deb qayta nomlash;
- Ijtimoiy himoya milliy agentligi huzurida yuridik shaxs maqomiga ega boʻlmagan Nogironligi boʻlgan shaxslarga ijtimoiy xizmatlar koʻrsatishni muvofiqlashtirish markazini tashkil etish.
«Omaliq KMK” AJ Yuridik departamenti
manba: norma