Call-markaz
(+998 78) 141-90-99Ishonch telefoni
(+998 71) 619-23-33Call-markaz
(+998 78) 141-90-99Ishonch telefoni
(+998 71) 619-23-33Xabaringiz bor, o‘tgan 2024-yilning 31-oktyabr kuni O‘zbekiston Respublikasining “Yer qa'ri to‘g‘risida”gi Qonuni qabul qilindi. Ushbu Qonunni ishlab chiqishda Avstraliya, Kanada, AQSh, Rossiya, Turkiya, JAR, Indoneziya, Ozarbayjon va Qozog‘iston kabi davlatlarning sohadagi tajribasi o‘rganilib, bunda ham xorijiy investorlar, ham davlat uchun o‘zaro manfaatli bo‘lgan shart-sharoitlar yaratish imkonlari kengaytirildi.
Qonun Respublikada yer osti boyliklarini mas'uliyat bilan geologik jihatdan o‘rganish, ulardan foydalanish va muhofaza etishni zamonaviy standartlar asosida samarali va tizimli yo‘lga qo‘yishga, sohaga mahalliy va xorijiy investitsiyalarni jadallashtirish hisobiga mavjud xom ashyo negizida zamonaviy ishlab chiqarish quvvatlarini ishga solish, olis hududlarda barqaror yangi ish o‘rinlarini yaratish hamda iqtisodiyot uchun soliq bazasini kengaytirish va tashqi bozorlarda raqobatbardoshlikni oshirishga xizmat qiladi.
Qonun bilan yer qa'ridan foydalanish huquqi uchun ruxsatnomalarni berish, hisobotlarni qabul qilish va boshqa sohadagi davlat xizmatlarini ko‘rsatish jarayonlarida “yagona darcha” tamoyili joriy etilmoqda. Xususan, litsenziya egalariga davlat organi nazorati ostida yer qa'ri uchastkalaridan foydalanish huquqiga doir ruxsatnomalarni, shu jumladan ularni sotish, garovga qo‘yish yoki boshqa shaxslarga berish imkonini beruvchi mexanizm tatbiq etilayapti. Bunda yer qa'ridan barqaror foydalanish tamoyiliga asosan, yer qa'ridan foydalanuvchilarga yerni oqilona ishlatish talablari majburiyat sifatida qo‘yilmoqda.
Bundan tashqari, noruda xom ashyo konlarini qidirib topish va o‘zlashtirishga oid normalar ham kuchaytirilib, noruda qazilma larni geologik jihatdan o‘rganish va qazib olish uchun ruxsatnomalar rasmiylashtirishning aniq tartibi belgilandi. Shu bilan birga ekologiya va atrof-muhitni kelgusida kafolatli asrash maqsadida yer qa'ridan foydalanishda ekologik xavfsizlikni ta'minlash qoidalarini nazarda tutuvchi xalqaro amaliyotga mos “kadastr maydoni” tushunchasi kiritildi.
Ushbu Qonundan kelib chiqib aytish mumkinki, yer osti boyliklari va tabiiy ravishda yer qa'rida joylashgan barcha foydali qazilmalar O‘zbekistonning davlat mulki hisoblanadi, ulardan oqilona foydalanish lozim va bu boyliklar davlat tomonidan muhofaza qilinadi. Yer qa'ri uchastkalari oldi-sotdi, hadya, meros, ulush, garov predmeti bo‘la olmaydi va boshqa har qanday shaklda begonalashtirilishi mumkin emas.
Qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlarning muomalada bo‘lishi, shu jumladan, ularni qazib olish, ishlab chiqarish hamda realizasiya qilish bo‘yicha faoliyat qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlar to‘g‘risidagi qonunchilik bilan tartibga solinadi.
Oltin izlovchilar usulida qazib olish natijasida qazib olingan qimmatbaho metallarni sotish yoki boshqacha tarzda topshirish faqat qonunchilik hujjatlariga muvofiq ochiladigan va faoliyat ko‘rsatadigan ixtisoslashtirilgan qabul qiluvchi kassalar orqali amalga oshirilishi mumkin, shuningdek qimmatbaho metallardan va qimmatbaho toshlardan zargarlik buyumlarini amalga oshiradigan yuridik shaxslarga va yakka tartibdagi tadbirkorlarga sotilishi mumkin.
Yer qa'ridan foydalanish, ishlab chiqarish obyektlarini va boshqa obyektlarni rejalashtirish hamda loyihalashtirish ekologiya to‘g‘risidagi va boshqa qonunchilik talablariga muvofiq amalga oshirilishi kerak.
Yer qa'rining ekologik holati eng yuqori yo‘l qo‘yiladigan tashlanmalarni, chiqindilarni normalashtirish, shuningdek yer qa'ridan foydalanish bo‘yicha faoliyatning ayrim turlarini cheklash yoxud ta'qiqlash orqali ta'minlanadi.
Yer qa'ridan foydalanishga faqat tegishli ekologik ekspertiza o‘tkazilganidan keyin yo‘l qo‘yiladi. Yer qa'ri uchastkasida faoliyatni amalga oshirayotgan har qanday shaxs atrof-muhitga qasddan yoki ehtiyotsizlik tufayli biror-bir moddiy yoxud jiddiy zarar yetkazmasligi yoki yer qa'ri uchastkasida yoxud uning doirasida atrof- muhitning muhofaza qilinishini ta'minlash maqsadida berilgan biror-bir materiallar yoki uskunalardan belgilanganidan boshqacha maqsadda foydalanmasligi kerak.
Yer qa'ridan foydalanish, ishlab chiqarish obyektlarini va boshqa obyektlarni rejalashtirish hamda loyihalashtirish sanoat xavfsizligi talablariga muvofiq bo‘lishi zarur. Yer qa'ridan foydalanuvchilar tomonidan ishlarni xavfsiz amalga oshirish bo‘yicha qonunchilikda nazarda tutilgan qoidalar va normalarga rioya etilishi, shuningdek avariyalarning oldini olish va oqibatlarini bartaraf etish, ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisalar yuzaga kelishining oldini olish hamda kasb kasalliklari profilaktikasi bo‘yicha tadbirlar o‘tkazilishi ta'minlanishi lozim.
Odamlarning hayoti va sog‘ligiga xavf soladigan, yuridik va jismoniy shaxslarga moddiy zarar yetkazadigan yer qa'ridan foydalanishga doir faoliyat ta'qiqlanadi.
Yer qa'ridan foydalanuvchi tashkilotlarda sanoat xavfsizligi talablariga rioya etilishini ta'minlash uchun javobgarlik ularning rahbarlari zimmasiga yuklatiladi, ular tarkibiy bo‘linmalarda sanoat xavfsizligi talablariga rioya etilishi ustidan nazoratni amalga oshiruvchi shaxslarni belgilaydi.
Ushbu Qonunda nazarda tutilgan hollarda yer qa'ridan O‘zbekiston Respublikasi Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi huzuridagi Tog‘-kon sanoati va geologiya sohasini nazorat qilish inspeksiyasi bilan kelishilmagan holda foydalanish ta'qiqlanadi.
Bir so‘z bilan aytganda, mazkur Qonunning qabul qilinishi yer qa'ri boyliklaridan foydalanish tartibini takomillashtirishda muhim hujjat vazifasini o‘taydi.
Abror Yuldashev,
OKMK bosh geologining ochiq kon ishlari bo‘yicha o‘rinbosari
Sahifadagi xatolar bo`yicha manzil:
Matn xato bilan:
Sizning izohingiz yoki to`gri versiya: