"E-Antikorruptsiya" loyihasi ishga tushiriladi
12 May 2022, 15:59
1122
“Davlat boshqaruvi sohasida korruptsiyaviy xavf-xatarlarni bartaraf etish mexanizmlarini takomillashtirish va ushbu sohada jamoatchilik ishtirokini kengaytirish chora-tadbirlari to’g’risida”gi Prezident qarori (PQ–240, 11.05.2022 y.) qabul qilindi.
Qarorga muvofiq, 2022 yil 1 sentyabrdan, quyidagilarni nazarda tutuvchi "E-Antikorruptsiya" loyihasi to’liq ishga tushiriladi:
- davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, davlat unitar korxonalari va muassasalari, davlat ulushi 50 foizdan yuqori tashkilotlarning faoliyatida korruptsiyaviy xavf-xatarlarni majburiy aniqlash va baholash;
- “Korruptsiyaga moyil bo’lgan munosabatlar elektron reestri”ni shakllantirish va yuritish;
- korruptsiyaviy xavf-xatarlarni qonunchilik hujjatlarini takomillashtirish, inson omilini qisqartirish va tegishli tartib-taomillar va funktsiyalarni raqamlashtirish, shaffoflikni ta’minlash, jamoatchilik nazoratini yo’lga qo’yish orqali bartaraf etish.
Loyiha “E-Anticor.uz” elektron platformasida amalga oshiriladi.
Shuningdek, 2023 yil 1 yanvargacha davlat boshqaruvi organlarida quyidagi talablar asosida kadrlar bilan ishlash yo’nalishidagi avtomatlashtirilgan tizim joriy etiladi:
- vakant lavozimlarni e’lon qilishdan tortib, tanlov o’tkazish va ishga qabul qilish natijalari bo’yicha hujjatlarni rasmiylashtirishgacha bo’lgan jarayonlarni to’liq elektron tarzda amalga oshirish;
- tarkibiy tuzilma, shtatlar, lavozimlar va xodimlar to’g’risidagi ma’lumotlarni yagona elektron bazaga jamlagan holda axborotni to’plash va unga ishlov berish;
- kadrlarga oid ish yurituv hujjatlarini elektron raqamli imzo bilan tasdiqlangan holda faqat tizim orqali elektron shaklda qabul qilish va yuritish;
- xodimlarning ish faoliyati samaradorligini avtomatik baholash va ularni masofaviy o’qitish;
- kadrlar bo’yicha ma’lumotlarning elektron arxivini yuritish.
Manba: https://t.me/huquqiyaxborot/11654