• Call-markaz

    (+998 78) 141-90-99
  • Ishonch telefoni

    (+998 70) 619-23-33
Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

Boʻka tumanida jamoatchilik eshituvi tashkil etildi

12 Noyabr 2024, 16:24 270

Ma’lumki, joriy yilning 15-oktyabr kuni Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Olmaliq kon-metallurgiya kombinatiga tashrifi davomida 4-sonli Mis boyitish fabrikasining qurilishiga start berilgan edi.

Ushbu fabrikaning atrof-muhitga ta’sirini baholash loyihasi boʻyicha joylarda jamoatchilik eshituvlari oʻtkazib kelinmoqda.

Navbatdagi jamoatchilik eshituvi joriy yilning 11-noyabr kuni Boʻka tumanida oʻtkazildi.

Tadbirda Toshkent viloyati Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishlari inspeksiyasi, Boʻka tumani hokimligi va Olmaliq kon-metallurgiya kombinati mas’ullari va mutaxassislari, mahalla raislari va faollari ishtirok etdi. Unda “Yoshlik 1” konini oʻzlashtirish” investitsiya loyihasini amalga oshirish boʻyicha Loyiha ofisi direktorining birinchi oʻrinbosari vazifasini bajaruvchi Aziz Muratov kombinatda qurilayotgan 4-sonli Mis boyitish fabrikasining taqdimotini oʻtkazdi.

Jamoatchilik muhokamasida yangi qurilayotgan fabrikaning atrof-muhitga ta’siri, unda qoʻllaniladigan texnologiyalar boʻyicha toʻliq ma’lumot berildi.

- Yangi qurilayotgan fabrikaning ishga tushirilishi natijasida koʻplab yangi ish oʻrinlari yaratiladi. Fabrikada yiliga 60 mln tonna ma’dan qayta ishlanib, 800 ming tonnadan koʻproq mis kontsentrati ishlab chiqariladi. Bugungi kunda jahon bozorida misga boʻlgan talab kundan-kun oshib bormoqda. Fabrikaning ishga tushirilishi natijasida mis ishlab chiqarish hajmi oshadi. Bu esa misdan yangi turdagi mahsulotlar ishlab chiqarish imkonini beradi. Fabrika va uning infratuzilmalarida 3 mingdan ortiq kishi ish bilan ta’minlanishi nazarda tutilgan. Ishlab chiqarishda yuqori texnologik, ekologik xavfsiz va tejamkor texnologiyalar qoʻllanishi belgilangan. Fabrikaning qoldiqlarni saqlash omborida zamonaviy texnologiyalar orqali xalqaro standartlarga javob beruvchi tartib va qoidalar orqali joriy etiladi. Omborning ichki qismi 2 mm qalinlikdagi geomembrana bilan qoplanib, uning ostidagi tuproq zichlashtiriladi. Bu esa omborda toʻplanadigan qoldiqlarni va suvni yer qa’riga singib ketishiga yoʻl qoʻymaydi, - deydi Aziz Muratov. 

Tadbirda mas’ullar tomonidan loyihaning Boʻka tumani hududi rivojida tutgan oʻrni, hudud ekologiyasini yaxshilash borasidagi roli haqida ham toʻliq ma’lumotlar taqdim etilib, yig’ilish ishtirokchilariga loyiha boʻyicha tarqatma materiallar berildi.

Tuman mahalla aholisi oʻzlarini qiziqtirgan savollarga mas’ullardan batafsil javob olishdi.

Hurmatli fuqarolar, Sizlarda loyiha boʻyicha taklif va e’tirozlaringiz boʻlsa, ularni (+998 70) 619-23-33 telefon raqamiga yoki info@agmk.uz elektron manziliga yuborishingizni soʻrab qolamiz.

Axborot xizmati

Bo`lishmoq:
Text to speech