Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

“Sanoat uchburchagi” dasturi mahalliy ishlab chiqaruvchilarga keng imkon

17 Fevral 2025, 9:3 1046

Fotolar: Angren shahar hokimligi Axborot xizmati

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2024-yil 14-15 oktyabr kunlari Toshkent viloyatiga tashrifi chog‘ida “Sanoat uchburchagi” dasturi doirasida tarmoq korxonalari hamda kichik tadbirkorlik subyektlari o‘rtasida kooperatsiya aloqalarini kengaytirish bo‘yicha topshiriq berilgan edi. 

Ushbu vazifaning ijrosini ta'minlash maqsadida Olmaliq kon-metallurgiya kombinati tomonidan bir qator ishlar amalga oshirib kelinmoqda.

Jumladan, mahalliy sanoatni rivojlantirish yo‘nalishida amaliy ishlarni tashkil etish uchun Olmaliq shahri atrofidagi tadbirkorlar uchun joriy yilning 14-fevral kuni seminar tashkil etildi.

Angren shahrida OKMK mahalliylashtirish bo‘limi tomonidan tashkil etilgan seminarda mas'ullar hududlarda faoliyat yuritib kelayotgan tadbirkorlar bilan ochiq muloqot o‘tkazishdi.

Angren shahri hokimligida tashkil etilgan tadbirda Toshkent viloyati hokimining mahalliy sanoatni rivojlantirish masalalari bo‘yicha yordamchisi Umid Ubaydullayev, “Olmaliq KMK” AJ Mahalliylashtirish bo‘limi boshlig‘i Abbos Abdullayev, Angren shahar hokimining o‘rinbosari Jasur Zayniddinov va angrenlik tadbirkorlar ishtirok etishdi.

Uchrashuvda tadbirkorlik subyektlari va sanoat korxonalari o‘rtasida kooperatsiyani rivojlantirish, mahalliy ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlash hamda “Sanoat uchburchagi” doirasida yangi loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi. Shuningdek, tadbirkorlarning taklif va muammolari tinglanib, ularga tegishli tavsiyalar berildi.

Tadbir davomida tadbikorlarga Olmaliq kon-metallurgiya kombinatining faoliyati hamda import qilinadigan mahsulotlar bo‘yicha batafsil ma'lumot berildi. Ishbilarmonlar o‘z faoliyatini yanada kengaytirish va OKMK bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish imkoniyatlariga ega ekanligi ta'kidlandi.

OKMK Axborot xizmati

Bo`lishmoq:
Text to speech