• Call-markaz

    (+998 78) 141-90-99
  • Ishonch telefoni

    (+998 71) 619-23-33
  • Call-markaz

    (+998 78) 141-90-99
  • Ishonch telefoni

    (+998 71) 619-23-33

Texnologik tashuvlarda yuqori sifat

04 Aprel 2025, 9:59 313

Avtomobil transporti boshqarmasining 70 yilligiga

Transport xalq xo‘jaligining muhim tarmog‘idir. Aholining turmush farovonligini oshirish, jismoniy hamda yuridik shaxslarga yuklarni tashish xizmatini takomillashtirish, yuk tashish xavfsizligi va sifatini zamonaviy iqtisodiyot talablariga mos keladigan darajaga yetkazish vazifalari “Olmaliq KMK” AJ Avtomobil transporti boshqarmasiga qarashli 2-avtokorxonada o‘ziga xos tarzda yo‘lga qo‘yilgan.

OKMK avtotransport tizimining rivojlanishi davr talablaridan kelib chiqqan holda turlicha bo‘lgan. 1973-yil “Ko‘chbuloq” konida kon qazib olish ishlari va Angren Oltin saralash fabrikasida ma'danlarni qayta ishlash yo‘lga qo‘yilgan ilk pallalardayoq mazkur avtokorxona faoliyati o‘z ishini boshlagan. O‘sha davrlarda 30 nafar xodimdan iborat avtotransportchilar konchilarga xizmat ko‘rsata boshlagan.

“O‘zbekoltinolmos” uyushmasiga qarashli bo‘lgan Angrendagi konlar va Oltin saralash fabrikasining Olmaliq kon-metallurgiya kombinati tarkibiga qo‘shilishi munosabati bilan 2002-yildan 2-avtokorxona Avtomobil transporti boshqarmasi tarkibiga kiritildi. Mazkur avtokorxona universal faoliyati bilan ham farqlanib turadi.

Abdumutalib Tolipov rahbarligidagi avtokorxona nafaqat texnologik, balki xo‘jalik yuklari va yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatib keladi. Avtotransportchilar konlardan qazib olingan ma'danlarni Oltin saralash fabrikasiga, boyitilgan konsentratlarni Mis eritish zavodiga tashish bilan birga Angren kon boshqarmasi, Shaxta qurilish boshqarmasi, OKMK bo‘linmalarining ishlab chiqarish uchastkalarini avtotransportlar va yo‘l-qurilish texnikalari bilan ta'minlash ishlariga ham kamarbasta.

Bugungi kunda jamoa tomonidan ekspluatatsiya qilib kelinayotgan 177 ta turli texnika vositalariga 470 nafar xodimlar xizmat ko‘rsatib keladi. O‘tgan hisobot yilida avtokorxona transport parki bazasi 4-avtobazadan o‘tkazilgan 6 ta ISUZU SAZ NR-6, 7 ta MAN TGS40.400 va 1 ta BelAZ-7540 rusumli avtoo‘ziag‘dargichi, 2 ta ZL avtoyuklagich, 1 ta T-20 buldozeri va 1 ta ISUZU rusumli tez yordam avtomashinasi hisobiga kengaydi. Ular yordamida o‘tgan yili tog‘ jinslarini tashish 109%, traktor/soat ko‘rsatkichi 112,1%, mashina/soat ko‘rsatkichi 106,6%ga ortig‘i bilan bajarildi. Barcha ishlab chiqarish ko‘rsatkichlarining barqaror ado etib borilishi hamda yuklarni tashish sifat va harakat xavfsizligi ko‘rsatkichlari ta'minlab kelinishida avtokorxona rahbariyati va muhandis-texnik xodimlarning tashkilotchilik qirralari muhim ahamiyat kasb etmoqda. Jumladan, bosh muhandis Hojimurod Irsaliyev, ekspluatatsiya bo‘limi boshlig‘i Rustam Botirov, harakat xavfsizligi muhandisi Ibrohim Mengliyevlar rahbarligida avtokorxona faoliyati yuqori samaradorlikka yo‘naltirib borilayotgan bo‘lsa, Abror Madaliyev va Bahodir Madiyarovlar saflar boshliqlari sifatida avtoransportlar, yo‘l-qurilish texnikalari hamda maxsus transport vositalarining yo‘nalishlarga qo‘yilishi, buyurtmachilarga namunali xizmat ko‘rsatilishini ta'minlab borishmoqda.

Mavjud texnikalarga muhandislik va ekspluatatsiyaviy xizmat ko‘rsatish har qanday avtokorxona faoliyatining ajralmas muhim bir qismi hisoblanadi. Botir G‘iyosov boshchiligidagi ta'mir-mexanika ustaxonasi mavjud texnikalarga kunlik, 1- va 2-texnik xizmat ko‘rsatish ishlarini to‘laqonli amalga oshirish imkonini beradigan vositalar bilan jihozlangan. Ekspluatatsiyaviy ta'mir ishlariga 53 nafar ta'mir xodimlari jalb etilgan, shular orasida ichki yonuv dvigatellari ta'mirchisi Abdurashid Anorboyev, avtochilangar Yodgor Eraliyev, elektr ta'mirlovchi Abdurasul Ergashev, tokar Shorahmat Abdurasulov singari ta'mirchilar nomini alohida ta'kidlab o‘tish zarur bo‘ladi. Navbatchi mexanik Dilmurod Mirzayev, dispetcher Shohista Shaxanovalar avtotransport vositalarining yo‘nalishlarga qo‘yilishi bilan bog‘liq hujjatlarni belgilangan tartiblarda rasmiylashtirish ishlarini namunali yo‘lga qo‘yishgan.

Avtokorxonada o‘z kasbining haqiqiy professionali bo‘lgan haydovchilar va mexanizatorlar mehnat qilishadi. Avtotransportlar parki va ularning rusumlari so‘nggi yillarda batamom o‘zgarib borayotgan bo‘lsa ham haydovchilarga qo‘yiladigan talablar o‘zgargani yo‘q. Maksimal xavfsizlikda, tezkor va sifatli xizmat ko‘rsatish haydovchi oldiga qo‘yiladigan eng muhim talab hisoblanadi. Nihoyatda ehtiyotkorlik, fikrlarni doimiy jamlab borish, texnik bilimlar, kuchli xulq-atvor, har qanday noodatiy vaziyatlarda oqilona qarorlarni qabul qilish haydovchidan yuksak mas'uliyatni talab qiladi. Ana shu jihatlarga qat'iy amal qilib kelayotgan G‘ulom Abdurahmonov, Ne'matjon O‘razaliyev, Xurshid Abdurahmonov, Furqat Mannopov, Abduazim Qosimov, O‘rolboy Bozorbekov, Adhamjon Mamatqulov va Marat Mansurov kabi haydovchilar yuklar va yo‘lovchilarning belgilangan manzillariga betalofat yetkazilishi, transport vositalarining namunali ekspluatasiya qilinishida o‘z hamkasblariga ibrat bo‘lib kelishmoqda.

Hasan ABDULLAYEV

Bo`lishmoq:
Text to speech

Sahifadagi xatolar bo`yicha manzil:

Matn xato bilan:

Sizning izohingiz yoki to`gri versiya:

Close menu