• Call-markaz

    (+998 78) 141-90-99
  • Ishonch telefoni

    (+998 70) 619-23-33
Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

1-konvertor pechi kapital ta'mirdan chiqarildi

23 Sentyabr 2022, 10:54 1337

Mis eritish zavodi “Olmaliq KMK” AJ ishlab chiqarish tizimining yakuniy bosqichi hisoblansa, Metallurgiya sexi shaksiz, zavodning yuragi hisoblanadi. Aynan shu yerda geologlar, konchilar, boyituvchilar va albatta, metallurglarning mashaqqatli mehnatlari xomaki mis ko‘rinishida yuzaga chiqadi.

Bugungi kunga kelib MEZ ilg‘or texnologiyalar bilan qurollangan va xom ashyo tarkibidagi rangli metallarni ishlab chiqaruvchi zamonaviy korxonalardan biriga aylangan. Tozalangan mis, affinajlangan qimmatbaho metallar, texnik selen, texnik tellur, sulfat kislotasi, mis kuporosi, perrenat ammoniy, molibden kuyundisi, emallangan mis simlari korxonaning asosiy mahsulotlaridir.

Oltingugurt kislotasi ishlab chiqarish uchun donabaylangan mis, konverter shlaklari olinadigan va texnologik gazlar chiqarib olingan holda mis shteyni qayta ishlanuvchi konveyter-anod bo‘limi esa Metallurgiya sexining asosiy bo‘g‘inidir.

2 ta anodli quyish pechi, 4 ta konverter, 1 ta granulyasiya-donalash pechlari asosiy texnologik jihozlar hisoblanadi. Konveytrlash jarayonlarini amalga oshirish uchun 3 ta 80 tonnalik, 1 ta 50 tonnalik va 3 ta 10 tonnalik ko‘prikli osma kran, 2 ta greyfer kranlaridan foydalaniladi. Bu agregatlarni belgilangan jadval asosida ta'mirlash va ularning to‘xtovsiz ishlashini ta'minlash hisobiga kombinat bo‘yicha xomaki mis ishlab chiqarish rejasi yil boshidan buyon 100,8%ga bajarilgan holda 100 580 tonna miqdorida xomaki mis ishlab chiqarilishga muvaffaq bo‘lindi.

Metallurgiya sexining konverter-anod bo‘limi mis eritish jarayonining ikkinchi bosqichi bo‘lishi bilan birga u navbatdagi ish uchastkalari sifat ko‘rsatkichlarini belgilab beruvchi muhim bo‘g‘in hamdir. Konverterda kechuvchi jarayonning asosiy vazifasi esa oltingugurt va temirni shixta tarkibidan ajratib olishdan iborat. Kislorod-mash’ala eritish pechi va Yallig‘ qaytarish pechidan olingan, asosan temir va mis sulfididan tashkil topgan shteyn konverterlash jarayonidan so‘ng xomaki misga aylanadi. Konverterda konverterlashdan to‘plangan xomaki mis navbatdagi bosqichiga yuboriladi. Ana shu bosqichdan so‘ng tozalangan, ya'ni raffinajlangan mis olinadi. Konverter-eritish agregatlaridan olingan shteyndan ajralib chiqqan oltingugurt gazi sulfat kislotasi ishlab chiqarish uchun Sulfat kislotasi sexiga jo‘natiladi. Hosil bo‘lgan misli eritma anod pechiga uzatilib, anod quyish karuselida teng o‘lchamli anod mis qotishmalari holida quyiladi.

Konveyter-anod bo‘limi jamoasi va Ixtisoslashtirilgan ta'mir ishlari boshqarmasi, Ixtisoslashtirilgan ta'mir-montaj sexi jamoalari tomonidan olib borilgan bahamjihat ishlar natijasida kuni kecha 1-Konvertor pechida kapital ta'mir ishlari yakunlanib, pech yana foydalanishga topshirildi. Ta’mir ishlari davomida pechning olovbardoshli g‘ishtlari to‘liq qaytadan terib chiqildi, suv bilan sovitiluvchi chang kamerasi va gazlarni tutib qolish qurilmasi yangilanishiga muvaffaq bo‘lindi.

Kapital ta'mir ishlarida ko‘zlangan natijalarga erishishda konverter bo‘limi katta ustasi v.b Erkin Usmonov, anod bo‘limi katta ustasi v.b Ilhom Dostov, KAU smena ustalari G‘olibjon Rahmonqulov, Ulug‘bek Sultonov, Odiljon Ochilov, Mirzabek Xalayevlar rahbarligidagi smena a’zolari tashabbus va g‘ayrat namunalarini ko‘rsatishdi. 1-Konvertor pechining talab darajasida ekspluatasiyaga qayta tayyorlanishi va o‘z iqtisodiy ko‘rsatkichlariga chiqib borishida esa Robid Zokirov, Sobitjon Haytmatov, Halil Nurmatov kabi konvertorchilarning mahorati muhim ahamiyat kasb etdi. Erituvchi va quyuvchilar - Akmal Samandarov, Zafar Xo‘jaqulov, Shuhrat Abdurahmonov, Komil Irnazarov va Dilmurod Ismatovlar tomonidan metallurgiya eritish agregatlarining samarali ekspluatasiya qilinishi hisobiga sexning ishlab chiqarish ko‘rsatkichlari yuqori bo‘lishi ta'minlab kelinayapti.

Anod bo‘limi katta quyuvchisi Yorqin Norinboyev, uning yordamchisi Doston Bahodirov, Nuriddin Toshqulov, O‘lmas Nazarov va Usmon Safarov singari quyuvchilar yuqori mehnat natijalari bilan o‘z hamkasblariga ibrat bo‘lishmoqda.

Hasan ABDULLAYEV

Bo`lishmoq:
Text to speech