• Call-markaz

    (+998 78) 141-90-99
  • Ishonch telefoni

    (+998 70) 619-23-33
Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

2-temiryo‘l sexi: yuksak marralarni zabt etib

14 Aprel 2023, 10:35 897

Olmaliq kon-metallurgiya kombinati texnologik ishlab chiqarish zanjirida Sanoat temiryo‘l transporti boshqarmasining muhim o‘rni bor. Kombinatga keladigan va chiqib ketadigan yuklar hamda konlardan tashiladigan ma'danlarning o‘z manziliga yetkazilishida aynan ushbu tarkibiy bo‘linma mehnat jamoasi mas'ul. Bu yil Sanoat temiryo‘l transporti boshqarmasi tashkil topganligiga 70 yil to‘ladi. Ushbu qutlug‘ sanani boshqarmaning har bir sex va xizmatlari yuqori mehnat zafarlari bilan kutib olishmoqda.

Ulardan biri 2-Temiryo‘l sexi bo‘lib, u 1954-yilda tashkil topgan. Hozirgi kunda mehnat jamoasi o‘ziga xos yutuqlar bilan yubiley sanasiga tayyorgarlik ko‘rishmoqda. Yosh rahbar Sanjar Yusupov boshchiligidagi sexning asosiy vazifasi Sariq-cho‘qqi konidan 2-Mis boyitish fabrikasiga rudalar hamda Mis eritish zavodidan 2-MBFga(tog‘-ma'danlarni)toshqollarni tashish sanaladi. Shuningdek, kombinat korxonalariga O‘zbekiston temiryo‘llari kompaniyasiga qarashli temiryo‘llar orqali keladigan texnologik yuklarning kelishi va chiqib ketishiga ham aynan ushbu sex mas'uldir. Bundan tashqari, OKMK va 20 ta turli korxonalar o‘rtasida tuzilgan shartnomaga ko‘ra, ushbu korxonalarga ham sex jamoasi temiryo‘l xizmatini ko‘rsatib kelmoqda. Shu jumladan, jamoa kombinat tarkibiy bo‘linmalarining texnologik tashuvlarini ham amalga oshiradi.

Sex tasarrufida 136 kilometrdan oshiq po‘lat izlar bo‘lib, uning tarkibida 7 ta temiryo‘l stansiyalari mavjud. Xususan, “Sovuqbuloq”, “Peregornaya”, “Izvestkovaya”, “Olmaliq”, “Svinsovaya”, “Mednaya”, “Fabrichnaya” kabi temiryo‘l stansiyalari orqali har qanday yuklar o‘z manzillariga yo‘naltiriladi.

Har qanday mehnat jamoasining yutuqlari zamirida albatta, o‘z ishining ustasi bo‘lgan ishchi-xodimlar va zamonaviy texnologik uskunalarning mavjudligi kabi omillar yotadi.

“Yoshlik I” konini o‘zlashtirish” investisiyaviy loyihasi doirasida sexga 2020-2021 yillarda Gruziya davlatidan 2 dona zamonaviy tortuv agregati olindi. Shuningdek, 2019-2021 yillarda texnologik qayta qurollantirish va modernizasiya dasturiga asosan, 2 BC105 rusumli 115 tonnalik 96 ta vagonasamosval keltirildi. 95 dona sul'fat kislotasi tashishga mo‘ljallangan vagon sisternalar hamda 2 ta portlovchi moddalar uchun xom ashyo tashiydigan sisterna vagonlar xarid qilindi. Yangi olib kelingan 11 dona T18DM teplovozlari ham zafarli marralarni egallashda muhim rol' o‘ynamoqda.

Ushbu texnika vositalari albatta yuqori mehnat unumdorligini ta'minlamoqda.

Bundan tashqari, dispetcherlar Nargiza Toshpo‘latova, Alla Lisienko, Tatyana Panfilova, mashinistlar G‘ulom Mambetov, Abduhamid Rahmonov, Abduxalil Do‘stboev, Andrey Xorunov, mashinist yordamchilari Axtem Jalyalov, Mansurxon Ahrorov, Zayniddin Ismatovlar ham jamoa yutuqlarida kamarbasta bo‘lishayapti.

Yana bir muhim jihat - sexda “Ustoz- shogird” an'anasiga qat'iy amal qilib kelinadi. Sex ishchi-xodimlari tomonidan trenajyor tizimi bilan jihozlangan o‘quv xonasi tashkil etilgan bo‘lib, bu yerda yosh mutaxassislarga teplovozlarni boshqarish, havo, moy va elektr tizimlarining ishlashi sir-asrorlari o‘rgatib kelinadi.

“Ustoz-shogird” an'anasi bo‘yicha o‘tgan yili tajribali xodimlar tomonidan 6 nafar markazlashgan nimstansiyalar operatorlari, 7 nafar teplovoz mashinisti yordamchilari, 3 nafar muhandis-texnik xodimlar tayyorlandi.

Kombinatdagi har bir sohaga joriy etilayotgan raqamlashtirish jarayoni sexni ham chetlab o‘tmadi. Jumladan “Ekpress yuk” tizimining joriy etilishi natijasida vagonlardagi yukni tushirish va ortish bo‘yicha jarayonni kuchaytirdi. Sexdagi 35 ta teplovoz va 7 ta elektrovozlarga o‘rnatilgan GPS tizimi esa yuqori mehnat unumdorligini ta'minlayapti.

Hozirgi kunda poezdlar harakatlanishining elektron jadvali tizimi joriy etilish arafasida. Ushbu tizimning tatbiq etilishi natijasida avvallari qo‘l bilan chizilgan jadval to‘liq komp'yuterlashtiriladi. Vaqt va qog‘oz tejaladi. Ish unumdorligi ham oshadi. Yaqin kunlarda joriy etilishi kutilayotgan vagonlarni me'yordan ortiq turib qolishining oldini olish tizimi ham yuqori samaradorlikka erishishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Bevosita raqamlarga murojaat etadigan bo‘lsak, sex jamoasi tomonidan joriy yilning 1-choragida barcha rejaviy vazifalar bajarilganiga guvoh bo‘lamiz. Jumladan, Sariq-cho‘qqi konidan 2-MBFga ruda tashish rejasi 150%ga bajarilgan. Rejada belgilangan 678 000 tonna ruda o‘rniga 1 021687 tonna ruda tashilgan.

Mis eritish fabrikasidan 2-MBFga esa 178 000 tonna o‘rniga 183 000 tonna tog‘ ma'danlari yetkazib berilgan. Reja 103%ga uddalangan.

Joriy yilning boshidan kombinatda ishlab chiqilgan tayyor mahsulot va xom ashyolarning 111 728 tonnasi yuk qabul qiluvchilar manzillariga jo‘natilgan bo‘lsa, OKMKga kelgan 15 165 tonna yuklar o‘z manziliga yetkazilgan.

Sherzod TILOVBERDIYEV

Bo`lishmoq:
Text to speech