• Call-markaz

    (+998 78) 141-90-99
  • Ishonch telefoni

    (+998 70) 619-23-33
Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

3-MBF: Montaj ishlaridagi yuqori sur'atlar

07 Avgust 2024, 9:12 482

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 1-martdagi “Yoshlik I” koni negizida “Olmaliq KMK” AJning ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish chora- tadbirlari to‘g‘risida”gi va “Ishlab chiqarish quvvatlarini modernizatsiya qilish, sanoat tarmoqlarini texnik va texnologik jihozlash jarayonini jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorlari asosida amalga oshirilayotgan kombinat investitsiyaviy loyihalari doirasida bunyod etilayotgan 3-Mis boyitish fabrikasini qurish ishlari bugunga kelib tobora o‘zining eng qizg‘in pallasiga kirib bormoqda.

- Yangi o‘ziga xos betakror texnologik uskunalar montaji bilan bir qatorda sex va uchastkalar jamoalarini shakllantirish, murakkab uskuna va jihozlarni ekspluatasiya qilish sir-asrorlarini o‘zlashtirish ishlari ham olib borilayotgani diqqatga molikdir, deydi, - fabrika Yanchish sexi boshlig‘i v.b. Dilshod Xubbaliyev. - Ma'lumki, 3-MBFga ma'dan “Yoshlik-I” konidan 2 ta umumiy uzunligi 4,2 km bo‘lgan tasmali konveyer transportlari orqali 3-Mis boyitish fabrikasining Maydalash sexi yirik maydalangan omboriga kelib tushadi. Maydalash sexi texnologik ko‘rsatgichlari, +350 mm yiriklikdagi ma'danni maydalash jarayonlari yordamida yirikligi -6mm gacha bo‘lgunga qadar maydalab beradi. O‘rtacha hisobda kunlik ma'danni qayta ishlash quvvati 164384 ming tonnani tashkil qiladi. Maydalash sexi tarkibi 2 ta uchastka va 5 ta asosiy korpusdan iborat. Yirik maydalangan ruda omborining sig‘imi 320 ming tonna. Germaniyaning “Aumond” kompaniyasida ishlab chiqarilgan 16 ta plastinali ta'minlagichlar to‘liq o‘rnatilgan, ularni ishlab chiqarish quvvati soatiga 1360 tonnani tashkil qiladi, plastinali ta'minlagichlar 8 tadan ikki liniyaga bo‘linadi. Mazkur liniyalar quvvati o‘z navbatida 5442 t/soatni tashkil etib navbatdagi 2 ta tasmali konveyrlarga ma'danlar o‘tkazib berilishi amalga oshiriladi. Quruq g‘alvirlash korpusiga Rossiyaning “PNEVMASh” ilmiy ishlab chiqarish birlashmasida ishlab chiqarilgan 8 ta “SHL-30-21x2F” markali g‘alvirlar o‘rnatilgan bo‘lib, ularning ishlab chiqarish quvvati soatiga 3140 tonnani tashkil qiladi. G‘alvirlarning 6 tasi ishchi, 2 tasi zahira hisoblanadi. Ushbu g‘alvirlash uskunalari 2 ta yuzadan iborat, yuqori yuza elagi o‘lchami 105x110 mm, ostki yuza elagi o‘lchami 60x60 mm o‘lchamga ega. O‘rta maydalash korpusida 8 ta o‘rta maydalagichlari o‘rnatilgan. O‘rta maydalash korpusiga Rossiyaning “UZTM” kompaniyasida ishlab chiqarilgan 8ta KSD- 3000/1500 konusli o‘rta maydalagichlari o‘rnatilgan bo‘lib, ularning ishlab chiqarish quvvati soatiga 1450 tonnani tashkil qiladi. O‘rta maydalagichlar 350 mm yiriklikdagi ma'danni 60mm gacha maydalab beradi. Xozirgi kunda konusli o‘rta maydalagichlarning 1 tasi to‘liq ishga tushirib ko‘rildi. Mayda maydalash korpusi 3-bosqich maydalash jarayoni hisoblanib, Germaniyaning “FLSmidh” kompaniyasida ishlab chiqarilgan 6 ta HPGR PM9-24/19M yuqori bosimli valokli maydalagichlari o‘rnatilishi ko‘zda tutilgan. Bugungi kunda ularning 3 tasi to‘liq o‘rnatildi, qolgan 3 tasida montaj ishlari amalga oshirilmoqda. Ushbu maydalagichlar 60 mm yiriklikdagi ma'danni 6 mm gacha maydalab beradi. Suvli g‘alvirlash korpusiga Janubiy Afrikaning “Kwatani” kompaniyasida ishlab chiqarilgan “SRZN 2440x7015-7930” g‘alvirlari o‘rnatilgan. Ishlab chiqarish quvvati soatiga 1450 tonnani tashkil qiladi. Ushbu g‘alvirlash dastgohlari 2 ta yuzadan iborat. Yuqori yuzasi elagi o‘lchami 16x16mm, ostki yuza elagi o‘lchami 27x5 mm tashkil qiladi. Hozirgi kunda korpusga jami 24 ta g‘alvirdan 17 tasi o‘rnatilgan bo‘lib, qolgan 7 tasining montaj ishlari olib borilmoqda. Maydalash sexida loyiha bo‘yicha 74 ta tasmali konveyerlar o‘rnatilishi ko‘zda tutilgan. Konveyerlar Rossiyaning “BMX” va “PTM” kompaniyalarida ishlab chiqarilgan. Bugungi kunda konveyerlarning montaj ishlari yakunlanish arafasida. Uchastka boshliqlari Samandar Muslimov va Inomjon Matmusayev, ishlab chiqarish ustasi Jahongir Isroilovlar boyitish sohasida yetarli tajribaga ega bo‘lgan yosh iqtidorli va umidli muhandis-texnik xodimlarimiz hisoblanishadi. Shuningdek, sex mexanigi Ulug‘bek Aldiyorov va Yorqin Abdurahmanovlar tomonidan uskuna va jihozlar montaji ustidan nazorat olib borilishi bilan birga sozlash ishlari asoslari ham puxta o‘zlashtirilib kelinayapti. Erali Sheraliyev, Muhiddin Ergashev, Alisher Xo‘jabekov va Mansur Qo‘shmatov kabi chilangar-ta'mirchilarimiz montaji yakunlangan uskunalarda ekspluatatsiyaga tayyorgarlik ishlarini olib borishmoqda.

Montaj ishlarining belgilangan loyihalar asosida olib borilishi, uskuna va jihozlar ekspluatasiyasiga doir dastlabki ko‘nikmalarning shakllantirib borilishi, uskunalarda olib borilayotgan tajriba sinov ishlatib ko‘rish tadbirlarida pudratchilar bilan hamkorlikning yo‘lga qo‘yilishi 3-MBF ishlab chiqarish va texnologik tizimiga mustahkam asos qo‘yilayotganidan dalolat beradi.

“Olmaliq KMK” AJning mega loyihasi doirasida bunyod etilayotgan 3-MBF o‘zining betakror texnologik uskunalari bilan ajralib turishi ko‘zda tutilgan. Bu maqsad yo‘lida bugun mazkur ob'ektda olib borilayotgan ishlar yaqin yillar ichida qudratli tog‘-konchilik sanoati majmuasi sifatida dunyo sanoati e'tirofiga sazovor bo‘lishi shubhasiz.

Hasan ABDULLAYEV

Bo`lishmoq:
Text to speech