• Ishonch telefoni

    (+998 70) 619-23-33
Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

3-MBF: Yangi texnologiya yangi takomillashuv

24 Fevral 2023, 13:22 935

...Paydo bo‘lganiga 122 yil bo‘lgan konveyer lentalar bilan ishlash tog‘-kon sanoatining muhim bo‘g‘ini hisoblanadi. 1901-yilda Sandvik ismli sanoat xodimi metall simi bantlarini ixtiro qildi va ishlab chiqarishni boshladi. Oradan to‘rt yil o‘tib Richard Satkliff ko‘mir konlarida foydalanish uchun birinchi konveyer lentalarini ixtiro qilgandi. Va bu kon sanoatida xaqli ma'noda inqilobiy ixtiro bo‘ldi.

Insoniyat quvvai hofizasining natijasi bo‘lgan bu kashfiyotlar yillar davomida takomillashib boraverdi. Xususan, yaqin yillarda 60 million tonna rudani qayta ishlash quvvatiga ega bo‘layotgan Olmaliq kon- metallurgiya kombinati 3-Mis boyitish fabrikasiga keltirilishi kutilayotgan to‘xtovsiz oqimdagi siklik konveyerlar fikrimiz dalilidir. Germaniyaning yetakchi kompaniyalaridan biri tomonidan ishlab chiqarilgan mazkur konveyerlar yiliga 60 million tonna ma'danni yetkazib berishi bilan ahamiyatlidir. Va bu zamonaviy texnologiya nafaqat O‘zbekistondagi, balki Markaziy Osiyodagi sanoqli sanoat ob'ektlarida mavjud bo‘lgan va eng uzun texnologiyali o‘lchamga ega transportirovkalash hisoblanadi.

Ayni damda mega loyiha sifatida e'tirof etilayotgan 3-Mis boyitish fabrikasida yangi konveyerning poydevor asoslari tayyorlanib, harakat hududlarida tayyorlov ishlari olib borilmoqda.

Bilamizki, konveyerlar rudalar texnologik bosqichliklarini o‘zaro bog‘lab turishi bilan birga boyitmalarning transportirovka qilinishiga ham xizmat qiladi. Konveyerlar asosi rezina tasma, yo‘naltiruvchi va yakuniy barabanlar, ish yuzasi, salt yurish tomoni, elektr dvigateli, reduktor, uzatmali roliklar va uni tutib turuvchi metall konstruksiyalardan iborat bo‘ladi.

Joriy yilning mart-aprel oylarida keltirilishi kutilayotgan konveyerning metall konstruksiya yo‘li 575 metrga ado etildi. Asosiy konveyerlar uzluksiz bo‘lib, uzunligi 4200 metrni tashkil etadi. Ta'kidlab o‘tish kerakki, mazkur texnologiya O‘rta Osiyodagi eng uzluksiz konveyer hisoblanadi. Bitta asosiy konveyerning harakatlanish kuchi 4500 kVt ga teng. Lenta kengligi esa 1600 mm.

Rudani tashish bo‘limi uchta tushirish konveyeri va uchta asosiy konveyerlardan iborat. Ikkita asosiy konveyer 3-Mis boyitish fabrikasiga yiliga 60 million tonna ruda yetkazib berishga mo‘ljallangan. 2-Mis boyitish fabrikasi uchun bitta asosiy konveyer yiliga 5 million tonna ma'dan yetkazib berishga moslashgan.

***

Loyihaviy miqdori 1480 million dollarni tashkil etayotgan yangi 3-Mis boyitish fabrikasining qurilish ishlari 2019-yilda boshlanib, 2023 tugatilishi muddat sifatida belgilangandi. Ta'kidlash lozimki, Prezidentning 2020-yil 26-maydagi “Olmaliq KMK” aksiyadorlik jamiyati konlari negizida rangli va qimmatbaho metallar ishlab chiqarishni kengaytirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Qaroriga asosan, “Yoshlik I” konini o‘zlashtirish investisiya loyihasini amalga oshirish ishlari bugun jadal sur'atlarda davom etmoqda.

***

Ma'lumot o‘rnida aytish mumkin, yangi fabrikani moliyalashtirish uchun Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasidan 396,8 million dollar, xorijiy banklardan 396,4 million dollar, kombinat mablag‘lari hisobidan esa 76 million dollar jalb qilingan.

Dunyoning eng yirik mis boyitish fabrikalarida amalga oshirilayotgan ruda tayyorlash sxemalari ilk bora mazkur yangi korxonada qo‘llanilayotganligi diqqatga molikdir. Agar jahon tajribasiga tayanadigan bo‘lsak, xuddi shunday sxema asosida Chili davlati yiliga 40 million tonna, Peru yiliga 80 million tonna, Amerika Qo‘shma Shtatlarining “Morenci” aksiyadorlik jamiyati yiliga 20 million tonna rudani qayta ishlab kelmoqda. Aynan ushbu tajriba bugun 3-Mis boyitish fabrikasida qo‘llanilishining o‘ziyoq tog‘-kon sanoatidagi yangi odimlardan darak beradi.

Dilafro‘z EGAMBERDIYEVA

Bo`lishmoq:
Text to speech