Call-markaz
(+998 78) 141-90-99Ishonch telefoni
(+998 70) 619-23-33Ma'lumki, 2030-yilgacha kombinatni rivojlantirish konsepsiyasi tasdiqlanib, amalga oshirilmoqda. Ushbu konsepsiya doirasida ““Yoshlik-1” konini” o‘zlashtirish investitsiya loyihasi amalga oshirilib, ushbu megaloyiha doirasida 3-Mis boyitish fabrikasini qurish ishlari jadal sur'atlarda davom etayapti.
Boshqa fabrikalardan farqli o‘laroq, konning o‘zida ma'danlarni birinchi bosqich yirik maydalash-yuklash qurilmasi barpo etildi.
Uzunligi 4,2 km boʻlgan magistral konveyerlar ma'danni fabrikaning yirik maydalangan ma’danlar omboriga tashishga (SKDR) tayyorlandi. Test rejimida ilk bora ushbu konveyer orqali kondan fabrikaga birinchi rudalar ham yuborildi. Ushbu konveyer liniyasining o‘ziga xos jihatlaridan biri – yer relyefidan kelib chiqqan holda balandligi 44 metr bo‘lgan ko‘prik orqali o‘tadi. Konveyer liniyasida ma'danni tashish tezligi sekundiga 2,5-3,5 metrni tashkil etib, soatiga 10 ming tonna ruda tashiladi. Konveyer tizimini joriy etilishi ma'danni tashish xarajatlarini kamida 30 foizga kamaytiradi.
Maydalash sexi rejali ogohlantiruvchi ta'mirlash mexanigi Dilshod Xubbaliyevning ma'lum qilishicha, kondan kelayotgan rudalar dastlab, fabrikaning yirik maydalangan ma'danlar omboriga (SKDR) kelib tushadi. Ushbu rudalarning fraksiyasi 350-400 mm bo‘lib, omborning saqlash quvvati jami 320 ming tonnani tashkil etadi. Agarda konveyerlarda nosozlik ro‘y bersa ombor 2 kunlik zahirani ta'minlay oladi.
Texnologik jarayonda dastlab, kondan kelayotgan rudalar omborga qabul qilinib, bunkerlar orqali plastinali ta'minlagichlarga uzatiladi. Ta'minlagichlar ma'danlarni 100- va 200-yo‘nalishda joylashgan qo‘zg‘almas tasmali konveyerlarga to‘kib beradi. Jarayon davom etib, konveyerlar orqali ma'danlar ushbu ombordan so‘ng, ortish uzelidan o‘rta g‘alvirlash bo‘limiga yuboriladi.
Hozirgi paytda 100-yo‘nalishda tasmali konveyer lentalarini ulash ishlari tugatildi. 100-yo‘nalishda uzunligi 237,8 metr bo‘lgan konveyer o‘rnatildi. Montaj ishlari tugash arafasida. Montaj ishlari davomida konveyerning bortlari, roliklari to‘liq me'yorlashtirilayapti. Tortuvchi stansiya o‘rnatildi. 200-yo‘nalishda ham sozlash ishlari parallel ravishda olib borilmoqda. 200-yo‘nalishda ham shu ishlar amalga oshiriladi. Maydalash uchastkasida jami bo‘lib, 74 ta tasmali konveyerlar va 48 ta plastinali ta'minlagichlar mavjud.
Mazkur ombor Boltiq dengizi sathidan 665 metr balandlikda, 100- va 200- yo‘nalishlar esa Boltiq dengizi sathidan 653,3 metr balandlikda joylashgan.
Ayni paytda 3-Mis boyitish fabrikasining ishlab chiqarish bo‘linmalari uchun zarur bo‘lgan barcha texnologik uskunalar qurilish maydoniga olib kelinib, montaj ishlari olib borilmoqda. Hozirda mazkur obyekt qurilishida 23 ming quruvchi va 500 dan ortiq maxsus texnika ishlamoqda. “Yoshlik-1” koni va 3-mis boyitish fabrikasi foydalanishga topshirilgandan so‘ng, 6 mingta yangi ish o‘rinlari yaratiladi. Shuningdek, davlat byudjetiga yiliga qo‘shimcha 300 mln dollardan soliq tushumlari ta'minlanadi. Eksport 500 mln dollarga ortadi.
Axborot xizmati