Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

3-Mis boyitish fabrikasi Oʻzbekiston mis sanoatining yangi taraqqiyot bosqichi

18 Iyun 2026, 15:19 580

Joriy yilning 16 mart kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev ishtirokida rasman ishga tushirilgan 3-Mis boyitish fabrikasi nafaqat yirik sanoat obyekti, balki mamlakatimizda shakllanayotgan zamonaviy mis klasterining strategik tayanch nuqtasi sifatida alohida ahamiyat kasb etmoqda.

Bugungi kunda global iqtisodiyotda mis energetika, elektrotexnika, raqamli iqtisodiyot va “yashil” texnologiyalarning asosiy xomashyolaridan biriga aylanib bormoqda. Shu munosabat bilan mamlakatimizda geologiya-qidiruv ishlarini kengaytirish, mavjud zaxiralarni samarali oʻzlashtirish, mineral xomashyoni chuqur qayta ishlash va yuqori qoʻshilgan qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqarish davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan biri sifatida belgilangan.

Ana shu vazifalar ijrosini ta’minlashda Olmaliq kon-metallurgiya kombinati tomonidan amalga oshirilayotgan “Yoshlik-I” konini oʻzlashtirish dasturi doirasida barpo etilayotgan 3-Mis boyitish fabrikasi alohida oʻrin tutadi. Qiymati 2,7 milliard AQSH dollarini tashkil etuvchi mazkur loyiha 196 gektar maydonda qurilmoqda hamda toʻliq loyihaviy quvvatga chiqqach, yiliga 60 million tonna ma’danni qayta ishlash va 900 ming tonnaga yaqin mis konsentrati ishlab chiqarish imkoniyatini yaratadi.

Fabrikaning strategik ahamiyati avvalo uning mamlakat iqtisodiyoti va aholi bandligiga qoʻshayotgan hissasida namoyon boʻladi. Loyiha toʻliq quvvatda ishlay boshlagach, 4 mingdan ortiq yangi ish oʻrinlari yaratiladi. Eng muhimi, mazkur ish oʻrinlarining asosiy qismi zamonaviy bilim va koʻnikmalarga ega mahalliy mutaxassislar hamda yosh kadrlar hissasiga toʻgʻri keladi.

Ishlab chiqarish nuqtai nazaridan qaraganda, fabrikada har yili ishlab chiqariladigan mis konsentrati tarkibidan 166 ming tonnadan ortiq mis, shuningdek oltin, kumush va boshqa qimmatbaho hamda rangli metallar ajratib olinadi. Tayyor mahsulot keyingi texnologik bosqich  Mis eritish zavodiga uzluksiz yetkazib beriladi.

3-Mis boyitish fabrikasining muhim afzalliklaridan biri uning yuqori texnologik darajasi hisoblanadi. Korxonada dunyoning yetakchi togʻ kon uskunalari ishlab chiqarusi kompaniyalari tomonidan ishlab chiqarilgan zamonaviy uskunalar va raqamli boshqaruv tizimlari joriy etilgan. Xususan, Metso Outotec, FLSmidth, PAO «Uralmashzavod», Weir Minerals va Siemens kompaniyalarining innovatsion yechimlari asosida yagona integratsiyalashgan texnologik majmua yaratilgan.

Jumladan, HPGR texnologiyasining qoʻllanilishi energiya sarfini sezilarli darajada qisqartirish bilan bir vaqtda maydalash samaradorligini oshirish imkonini bermoqda. Zamonaviy flotatsiya va filtrlash uskunalari yuqori sifatli konsentrat ishlab chiqarishni ta’minlayotgan boʻlsa, Siemens PCS 7 va AVEVA PI Vision platformalari orqali texnologik jarayonlar real vaqt rejimida kuzatilib, boshqarilmoqda.

Joriy yilning 8 iyun kuni Prezident Shavkat Mirziyoevga mamlakat mis sanoatida amalga oshirilayotgan yirik investitsiya loyihalarining borishi va kelgusidagi rejalar yuzasidan axborot taqdim etildi. Taqdimot davomida 3-Mis boyitish fabrikasining keyingi navbatlarini ishga tushirish, texnologik jarayonlarni barqarorlashtirish hamda rejalashtirilgan quvvatlarga oʻz vaqtida chiqish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar muhokama qilindi.

Xususan, yanchish sexidagi sharli tegirmonlar va flotatsiya liniyalarini bosqichma-bosqich toʻliq quvvatga chiqarish boʻyicha aniq rejalar begilab olindi. Joriy yil yakuniga qadar fabrikada rudani qayta ishlash hajmini sezilarli darajada oshirish, barcha asosiy texnologik zanjirlarni toʻliq ishga tushirish hamda ishlab chiqarish barqarorligini ta’minlash vazifasi belgilab berildi.

Ma’lumotlarga koʻra, fabrika toʻliq quvvatga chiqqandan soʻng Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida mis konsentratining kunlik ishlab chiqarish hajmi 2 ming 400 tonnadan 5 ming tonnagacha oshadi. Bu esa mahsulot tannarxini pasaytirish, energiya resurslaridan samarali foydalanish va mehnat unumdorligini yanada yuksaltirish imkonini beradi.

2026 yil 7 iyun holatiga koʻra, 3-Mis boyitish fabrikasida 2,8 million tonnadan ortiq ma’dan qayta ishlanib, 50 ming tonnadan ziyod mis konsentrati ishlab chiqarildi. Loyihaning ishga tushirilganiga koʻp vaqt boʻlmaganini hisobga olganda, ushbu koʻrsatkichlar korxonaning loyihaviy quvvatlarni oʻzlashtirish yoʻlida muvaffaqiyatli harakat qilayotganini yaqqol namoyon etmoqda.

Hozirgi vaqtda fabrikada kuniga 800 tonnadan ziyod mis konsentrati ishlab chiqarilmoqda. Bu koʻrsatkich texnologik quvvatlarning bosqichma-bosqich oʻzlashtirilishi natijasida har oy oʻsib bormoqda.

Prezident tomonidan belgilab berilgan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida korxona jamoasi oldiga aniq maqsadlar qoʻyilgan. Jumladan, energiya tejamkorligini ta’minlash, resurslardan oqilona foydalanish, ishlab chiqarish samaradorligini muntazam oshirish hamda raqamli texnologiyalarni keng joriy etish ustuvor vazifalar sifatida belgilangan.

2026 yil yakuniga qadar ishlab chiqarish quvvatlarini bosqichma-bosqich oshirish, texnologik liniyalarni barqaror ish rejimiga chiqarish orqali 20 million tonna ma’danni qayta ishlash va 288 ming tonnadan ortiq mis konsentrati ishlab chiqarish rejalashtirilgan. Shu bilan birga, konsentratni Mis eritish zavodiga uzluksiz va barqaror yetkazib berish ta’minlanadi.

Bundan tashqari, reagentlar, sarf materiallari va ehtiyot qismlarni mahalliylashtirish darajasini oshirish, innovatsion va muqobil yechimlarni joriy etish orqali mahsulot tannarxini kamaytirishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Kelgusida ishlab chiqarish jarayonlarini toʻliq raqamlashtirish, avtomatlashtirilgan boshqaruv tizimlarini yanada kengaytirish hamda sun’iy intellekt texnologiyalari asosida texnologik jarayonlarni tahlil qilish va optimallashtirish orqali samaradorlik, barqarorlik va boshqaruv sifatini mutlaqo yangi bosqichga olib chiqish rejalashtirilgan.

Shubhasiz, 3-Mis boyitish fabrikasi nafaqat Olmaliq kon-metallurgiya kombinati, balki butun Oʻzbekiston mis sanoatining kelajak taraqqiyoti uchun mustahkam poydevor boʻlib xizmat qiladi. Ushbu mega-loyihaning muvaffaqiyatli amalga oshirilishi mamlakatimiz sanoat salohiyatini yanada mustahkamlash, eksport hajmini oshirish va yuqori qoʻshilgan qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqarishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Ismoilxon Vaxobov,

3-MBF  bosh muhandisi

Bo`lishmoq:
Text to speech